Fuqarolik kodeksi

281-modda. Garovga qo'yilgan mol-mulkni sotish

(281-модданинг иккинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 22 апрелдаги ЎРҚ-1060-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 22.04.2025 й., 03/25/1060/0373-сон)

Ushbu Kodeksning 280-moddasiga muvofiq undiruv qaratilgan, garovga qo'yilgan mol-mulkni majburiy ravishda realizatsiya qilish qonunchilikda belgilangan tartibda elektron onlayn-auktsion shaklidagi ochiq kimoshdi savdosida sotish orqali amalga oshiriladi. Garovga qo'yilgan, suddan tashqari tartibda undiruv qaratilgan mol-mulk kimoshdi savdosida sotish, bevosita sotish, kreditga, lizingga, ijaraga berish, bo'lib-bo'lib sotish yo'li bilan yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali realizatsiya qilinishi mumkin. Garovga qo'yilgan mol-mulkning kimoshdi savdosidagi boshlang'ich sotish narxi garovga qo'yuvchi va garovga oluvchi o'rtasidagi kelishuvga asosan belgilanadi. Garovga qo'yuvchi va garovga oluvchi o'rtasida mol-mulk narxi bo'yicha kelishmovchiliklar mavjud bo'lgan taqdirda, mustaqil baholovchi tashkilot jalb etiladi va garovning dastlabki qiymati bozor qiymatidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda baholash bilan bog'liq barcha xarajatlar mustaqil baholovchi tashkilotni jalb qilgan taraf tomonidan qoplanadi. Kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e'lon qilinganda (undiruv garovga qo'yilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilgan taqdirda) garovga oluvchi garovga qo'yuvchi bilan kelishuvga ko'ra, garovga qo'yilgan mol-mulkni sotib olishga va xarid narxini garov bilan ta'minlangan o'z talablari hisobiga o'tkazishga haqli. Bunday kelishuvga nisbatan oldi-sotdi shartnomasi to'g'risidagi qoidalar qo'llaniladi. Takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e'lon qilinganda garovga oluvchi garov narsasini realizatsiya qilinmagan garov narsasini takroriy kimoshdi savdosidagi boshlang'ich sotish narxidan ko'pi bilan yigirma besh foiz kamroq summada baholab, o'zida olib qolishga haqli. Agar garovga oluvchi garov narsasini o'zida olib qolish huquqidan takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e'lon qilingan kundan e'tiboran bir oy ichida foydalanmasa, garov to'g'risidagi shartnoma bekor qilinadi. Agar garovga qo'yilgan mol-mulkni realizatsiya qilish chog'ida tushgan summa garovga oluvchining talabini qoplash uchun yetarli bo'lmasa, u, qonunda yoki shartnomada boshqacha ko'rsatma mavjud bo'lmagan taqdirda, yetishmayotgan summani garovga asoslangan imtiyozdan foydalanmagan holda, qarzdorning boshqa mol-mulkidan olish huquqiga ega. Agar garovga qo'yilgan mol-mulkni realizatsiya qilish chog'ida tushgan summa garovga oluvchilarning garov bilan ta'minlangan talablari miqdoridan oshib ketsa, farq garovga qo'yuvchiga qaytariladi. Qarzdor yoki uchinchi shaxs bo'lgan garovga qo'yuvchi garov narsasi realizatsiya qilinguniga qadar istalgan vaqtda garov bilan ta'minlangan majburiyatni yoki uning muddati o'tkazib yuborilgan qismini bajarib, undiruvni garov narsasiga qaratishni va uni realizatsiya qilishni tugatishga haqli. Bu huquqni cheklaydigan kelishuv o'z-o'zidan haqiqiy emasdir.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.