Ozodlikdan mahrum qilish, intizomiy qismga jo'natish, xizmat bo'yicha cheklash, ozodlikni cheklash yoki axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish qo'llanilishi mumkin. Shaxs ijro etilmagan qo'shimcha jazodan ham ozod qilinishi mumkin.
Jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan jazo turlari uchun o'rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda bo'lgan mahkumga nisbatan qo'llaniladi.
Jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish mahkum:
a) ijtimoiy xavfi katta bo'lmagan yoki uncha og'ir bo'lmagan jinoyati uchun sud tayinlagan jazo muddatining kamida uchdan bir qismini;
b) og'ir jinoyati uchun, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyati uchun, agar shaxs ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan bo'lsa, sud tayinlagan jazo muddatining kamida uchdan ikki qismini;
v) o'ta og'ir jinoyati uchun, sud tayinlagan jazo muddatining kamida to'rtdan uch qismini haqiqatda o'tab bo'lganidan keyin qo'llanilishi mumkin.
Jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish:
a) umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxsga;
b) o'ta xavfli retsidivistga;
v) uyushgan guruh yoki jinoiy uyushmaning tashkilotchi va qatnashuvchilariga;
v¹) o'zlashtirish yoki rastrata qilish yo'li bilan talon-toroj qilganlik, shuningdek firibgarlik uchun hukm qilingan va sodir etgan jinoyati tufayli yetkazilgan zararning o'rnini to'liq qoplamagan shaxsga;
g) javobgarlikni og'irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o'ldirganlik, o'n sakkiz yoshga to'lmagan jabrlanuvchining nomusiga tekkanlik yoki unga nisbatan zo'rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g'ayritabiiy usulda qondirganlik, o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxsni jinsiy aloqada bo'lish yoki jinsiy ehtiyojni g'ayritabiiy usulda qondirish bilan bog'liq holda jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik, o'n olti yoshga to'lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik yoki jinsiy ehtiyojni g'ayritabiiy usulda qondirganlik yoki unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilganlik, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida O'zbekiston Respublikasi hududiga olib kirganlik, xuddi shuningdek uni tayyorlaganlik, tarqatganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etganlik, voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qo'shmachilik qilganlik, fohishaxonalarni tashkil etganlik yoki saqlaganlik, O'zbekiston Respublikasiga, tinchlikka va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyat sodir etganlik, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan yoxud juda ko'p miqdorda pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilganlik, yadroviy, kimyoviy, biologik va boshqa xildagi ommaviy qirg'in qurollarini, shunday qurollarni ishlab chiqarish uchun foydalanish mumkinligi ayon bo'lgan material va uskunalarni kontrabanda qilganlik, giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o'tkazish maqsadini ko'zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o'tkazganlik, g'ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etganlik, giyohvandlik vositalarining, psixotrop moddalarning yoki ularning analoglarining yoxud kuchli ta'sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasiga homiylik qilganlik, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hisoblanmaydigan kuchli ta'sir qiluvchi yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik uchun hukm qilingan shaxslarga;
d) jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan yoki jazosi yengilrog'i bilan almashtirilgan va jazoning o'talmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan qo'llanilmaydi.
Jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish chog'ida sud asoslar mavjud bo'lgan taqdirda, mahkumning zimmasiga quyidagi majburiyatlarni yuklatishi mumkin:
a) ishga yoki o'qishga joylashish;
b) muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxsning yashash joyi, ish yoki o'qish joyi o'zgarganligi haqida uning xulq-atvori ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organga xabar berish;
v) muayyan joylarga bormaslik;
g) alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik yoki tanosil kasalligidan davolanish kursini o'tash;
d) O'zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqmaslik.
Jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan nazoratni ichki ishlar organlari, jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan harbiy xizmatchilarning xulq-atvori ustidan nazoratni esa — harbiy qismlar yoki muassasalarning qo'mondonligi amalga oshiradi.
Jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxsning xulq-atvori ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organning taqdimnomasiga binoan sud ilgari ushbu shaxsning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni to'liq yoki qisman bekor qilishi yoxud uning zimmasiga qo'shimcha majburiyatlar yuklatishi mumkin.
Prokurorning taqdimnomasiga yoki advokatning iltimosnomasiga binoan sud jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxsning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni to'liq yoki qisman bekor qilishi mumkin.
Agar jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxs sud tomonidan o'z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni o'talmagan jazo muddati davomida bajarmasa, sud uning xulq-atvori ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organning taqdimnomasiga binoan uni jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni bekor qilish va o'talmagan jazo muddatini o'tashi haqidagi masalani ko'rib chiqadi.
Jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinib, jazoning o'talmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan sud ushbu Kodeksning 60-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq jazo tayinlaydi.
lex.uz’dagi asl matnJinoyat kodeksi
73-modda. Jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish
(73-модданинг тўртинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 22 июндаги ЎРҚ-1155-сонли Қонунига асосан «в¹» банд билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 23.06.2026 й., 03/26/1155/0616-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.