Agar sud ozodlikdan mahrum qilish, intizomiy qismga jo'natish, xizmat bo'yicha cheklash yoki axloq tuzatish ishlari jazolarini tayinlash vaqtida sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, aybdorning shaxsi va ishdagi boshqa holatlarni e'tiborga olib, aybdor tayinlangan jazoni o'tamasdan turib ham uning xulqini nazorat qilish orqali tuzatish mumkin, degan qat'iy fikrga kelsa, shartli hukm qo'llashi mumkin. Bunday holda sud, basharti, belgilangan sinov muddati davomida jazoning shartliligini bekor qilish asoslari kelib chiqmasa, tayinlangan jazoni ijro etmaslik to'g'risida qaror chiqaradi.
Sinov muddati bir yildan uch yilgacha belgilanib, hukm chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi. Basharti, shartli hukm qilish to'g'risidagi qaror yuqori sud tomonidan chiqarilgan taqdirda ham, sinov muddatini hisoblash shu kundan boshlanadi.
Shartli hukm qilinganda, basharti, bunga asoslar mavjud bo'lsa, sud mahkumga muayyan vaqt mobaynida yetkazilgan zararni bartaraf qilish, ishga yoki o'qishga kirish, yashash joyi, ish yoki o'qish joyi o'zgarib qolsa, bu haqda shartli hukm qilingan shaxsning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organga xabar berib turish, vaqti-vaqti bilan kelib bu organlarda ro'yxatdan o'tib turish, muayyan joylarda bo'lmaslik, muayyan vaqtda yashash joyida bo'lishi, alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik yoki tanosil kasalligidan davolanish kursini o'tashi kabi majburiyatlarni yuklashi mumkin.
Shartli hukm qilingan shaxslarning xulqi ustidan ichki ishlar organlari, harbiy xizmatchilar xulqi ustidan esa, harbiy qism yoki muassasaning qo'mondonligi nazorat olib boradi.
Hukm qilingan shaxsning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organning taqdimi bilan sud sinov muddati davomida unga yuklatilgan majburiyatlarning hammasini yoki bir qismini olib tashlashi yoki uning zimmasiga yangi majburiyatlar yuklashi ham mumkin.
Agar shartli hukm qilingan shaxs sinov muddati davomida sud unga yuklagan majburiyatlarni bajarmasa yoxud jamoat tartibi yoki mehnat intizomini buzganligi uchun unga ma'muriy yoki intizomiy ta'sir chorasi qo'llanilgan bo'lsa sud uning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organ taqdimnomasiga binoan jazoning shartliligini bekor qilib, hukmda tayinlangan jazoni ijro etish to'g'risida ajrim chiqarishi mumkin.
Shartli hukm o'ta og'ir jinoyati uchun hukm qilinganlarga, shuningdek ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan shaxslarga nisbatan qo'llanilmaydi, o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxslar, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi bo'lgan shaxslar, ayollar, shuningdek oltmish yoshdan oshgan shaxslar bundan mustasno.
Shartli hukm qilingan shaxs sinov muddati davomida yangi jinoyat sodir etsa, sud unga nisbatan ushbu Kodeksning 60-moddasida nazarda tutilgan qoidalar bo'yicha jazo tayinlaydi.
lex.uz’dagi asl matnJinoyat kodeksi
72-modda. Shartli hukm qilish
(72-модданинг учинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 11 июндаги ЎРҚ-1151-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 12.06.2026 й., 03/26/1151/0589-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.