Davlat ijrochilari o'z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni davlat organlari, kredit tashkilotlari va boshqa tashkilotlar bilan o'zaro hamkorlikda amalga oshiradi. Mazkur organlar hamda tashkilotlar sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining majburiy ijrosini ta'minlashda davlat ijrochilariga ko'maklashishi shart.
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining majburiy ijrosini ta'minlash maqsadida:
1) ichki ishlar organlari:
davlat ijrochisining qarori asosida qarzdor jismoniy shaxsni, olib qo'yilishi lozim bo'lgan bolani, shuningdek avtomototransport vositalarini qidirishni amalga oshiradi;
davlat ijrochisi huzuriga kelishdan bo'yin tovlayotgan shaxslarning belgilangan tartibda majburiy keltirilishini ta'minlaydi;
ijro harakatlarini amalga oshirishda, shu jumladan davlat ijrochisi tomonidan ijro harakatlarining amalga oshirilishida biron-bir to'siq bo'lganda, jamoat tartibi saqlanishini ta'minlaydi;
qonunda belgilangan majburiy ijro etish choralarini amalga oshirish uchun, shu jumladan undiruvni avtomototransport vositasiga qaratish uchun ushbu avtomototransport vositasining majburiy to'xtatilishini davlat ijrochisining topshirig'i asosida ta'minlaydi;
avtomototransport vositasi egasi to'g'risidagi, tegishli qarzdorlar nomiga ro'yxatga olingan avtomototransport vositalari haqidagi axborotni, shuningdek avtomototransport vositalariga bo'lgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risidagi boshqa ma'lumotni davlat ijrochisining yozma so'rovi asosida uch kunlik muddatda taqdim etadi, davlat ijrochilarining avtomototransport vositalarini ro'yxatdan o'tkazish yoki qayta ro'yxatdan o'tkazishga oid belgilagan taqiqlarini ijro etadi;
qonunchilikda belgilangan hollarda ijro harakatlarini amalga oshirish davomida ro'yxatga olingan avtomototransport vositalarini ko'zdan kechirishda ishtirok etadi;
sudning yoki davlat ijrochisining qarzdor jismoniy shaxsning O'zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to'g'risidagi qarori ijrosini ta'minlaydi;
2) O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi huzuridagi Kadastr agentligining organlari:
ko'chmas mulkka, shu jumladan yer uchastkasiga bo'lgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarning davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi to'g'risidagi, huquq egalari haqidagi ma'lumotlarni, shuningdek o'zga kadastr ma'lumotlarini davlat ijrochisining yozma so'roviga ko'ra uch kunlik muddatda taqdim etadi;
sudning yoki davlat ijrochisining qarori yoxud davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlangan undiruvchi va qarzdor o'rtasidagi ko'chmas mulkni topshirish dalolatnomasi asosida ko'chmas mulkka, shu jumladan yer uchastkasiga bo'lgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazadi;
qonunchilikda belgilangan tartibda, davlat ijrochisining yozma topshirig'i asosida kadastr ishini shakllantiradi hamda ko'chmas mulkka, shu jumladan yer uchastkasiga bo'lgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazadi;
ko'chmas mulkni va yer uchastkasiga bo'lgan huquqlarni boshqa shaxsga o'tkazishga davlat ijrochisi tomonidan belgilangan taqiqlarni ijro etadi;
yer uchastkasini olib qo'yish va berish to'g'risidagi ijro harakatlarini amalga oshirishda, qonunchilikda belgilangan hollarda esa, ijro harakatlarini amalga oshirish davomida ro'yxatga olingan boshqa ko'chmas mulkni ko'zdan kechirishda ishtirok etadi;
3) O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda qarzdorlarning bank hisobvaraqlarini aniqlash uchun Bank depozitorlarining milliy axborot bazasidan foydalanish tartibini belgilaydi;
4) banklar va boshqa kredit tashkilotlari:
davlat ijrochisining muayyan bank mijozining (vakilining) pul mablag'lari va o'zga mol-mulkiga undiruv qaratish yoki ularni xatlash haqidagi sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida bergan yozma so'roviga ko'ra unga bank sirini tashkil etuvchi ma'lumotlarni taqdim etadi;
davlat ijrochisining yozma so'roviga ko'ra qarzdorning banki va xatlash mumkin bo'lgan hisobvarag'ini aniqlaydi hamda bu haqda keyingi ish kunidan kechiktirmay davlat ijrochisiga ma'lum qiladi;
davlat ijrochilarining qarzdordan ijro hujjati bo'yicha tegishli qarzni, shu jumladan ijro yig'imini, davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga solingan jarimalarni va ijro xarajatlarini nizosiz tartibda undirish to'g'risidagi topshiriqlarini qonunchilikda belgilangan tartibda bajaradi;
davlat ijrochisining qaroriga muvofiq qarzdorning chet el valyutasini, shu jumladan naqd chet el valyutasini sotadi yoki sotib oladi;
qarzdorning hisobvarag'ida saqlanayotgan pul mablag'larini xatlash haqidagi davlat ijrochisining qarorini, shuningdek davlat ijrochisining qarorida ko'rsatilgan qarzdorning hisobvarag'idan foydalanishga oid boshqa cheklovlar ijrosini ta'minlaydi;
ijro harakatlarini amalga oshirish davomida qarzdordan olib qo'yilgan yoki undirilgan, shuningdek mol-mulkni sotishdan tushgan pul mablag'lari Majburiy ijro byurosi organining depozit hisobvarag'ida vaqtinchalik saqlanishini ta'minlaydi, davlat ijrochisining qaroriga asosan bu mablag'larni tegishli undiruvchiga, O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga, davlat maqsadli jamg'armalariga, shuningdek ijro yig'imini, davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga solingan jarimalarni va ijro xarajatlarini to'lash uchun o'tkazadi (beradi);
5) davlat soliq xizmati organlari:
byudjetga va davlat maqsadli jamg'armalariga majburiy to'lovlar bo'yicha qarzdorlikni qarzdorning mol-mulki hisobidan undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlarining majburiy ijrosini ta'minlashda davlat ijrochilariga yordam ko'rsatadi;
davlat ijrochisining topshirig'iga ko'ra, qarzdorning soliqlar va byudjetga boshqa majburiy to'lovlar bo'yicha qarzdorlik hisob-kitobini amalga oshiradi hamda ularni davlat ijrochisiga taqdim etadi;
davlat soliq xizmati organlarining ma'lumotlar bazasida qarzdor soliq to'lovchi to'g'risida mavjud bo'lgan axborotni davlat ijrochisining yozma so'roviga ko'ra uch kunlik muddatda taqdim etadi;
soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni to'lashdan bo'yin tovlayotgan qarzdorning hisobga olinmagan daromadlarini aniqlashda davlat ijrochilariga ko'maklashadi;
realizatsiya qilinmagan mol-mulkning arzonlashtirilishida qonunchilikda belgilangan hollarda ishtirok etadi;
6) g'aznachilik organlari:
O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan yoki yagona g'aznachilik hisobvarag'idan pul mablag'larini ijro hujjati talablarini bajarish uchun davlat ijrochisining qarori asosida o'n kunlik muddatda o'tkazadi;
davlat ijrochisining qarzdor byudjet tashkilotining yagona g'aznachilik hisobvarag'ida saqlanayotgan pul mablag'larini xatlash to'g'risidagi qarorining, shuningdek qarzdorning mablag'laridan foydalanishga nisbatan davlat ijrochisining qarorida nazarda tutilgan boshqa cheklovlarning ijrosini ta'minlaydi;
7) O'zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo'shinlari:
sudning yoki davlat ijrochisining qarzdor jismoniy shaxsning O'zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to'g'risidagi qarori ijrosini ta'minlaydi, sud hujjati yoki boshqa organ hujjati talablarini bajarishdan bo'yin tovlayotgan qarzdor jismoniy shaxslar O'zbekiston Respublikasidan chiqib ketishining oldini olish choralarini ko'radi;
O'zbekiston Respublikasidan chiqishiga vaqtincha cheklov joriy qilingan yoki bunday cheklov olib tashlangan qarzdor jismoniy shaxslar to'g'risida axborotlarning tezkor almashinuvini Majburiy ijro byurosi organlari bilan birga belgilangan tartibda amalga oshiradi.
Qonunchilikda davlat ijrochilarining davlat organlari, kredit tashkilotlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligining boshqa shakllari ham belgilanishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risida»gi qonun
21-modda. Davlat ijrochisining davlat organlari, kredit tashkilotlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligi
(21-модда иккинчи қисми 7-бандининг биринчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 10 октябрдаги ЎРҚ-974-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 10.10.2024 й., 03/24/974/0804-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.