Fuqarolik protsessual kodeksi

419⁶-modda. Taftish tartibida shikoyat (protest) berish tartibi va muddati

Qoraqalpog'iston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari bo'yicha sudlov hay'atida, O'zbekiston Respublikasi Harbiy sudida taftish tartibida ko'rilishi lozim bo'lgan shikoyat (protest) mazkur sudlar nomiga yo'llanadi, biroq hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga beriladi. Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud shikoyat (protest) kelib tushgan kundan e'tiboran besh kunlik muddatda shikoyatni (protestni) ishni taftish tartibida ko'radigan sudga ish bilan birga yuborishi shart. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo'yicha sudlov hay'atida taftish tartibida ko'rilishi lozim bo'lgan shikoyat (protest) bevosita O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo'yicha sudlov hay'atiga beriladi. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatiga taftish tartibidagi protesti bevosita O'zbekiston Respublikasi Oliy sudiga beriladi. Taftish tartibidagi shikoyat (protest) birinchi instantsiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e'tiboran bir yil ichida beriladi. Qoraqalpog'iston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga, O'zbekiston Respublikasi Harbiy sudiga taftish tartibida shikoyat (protest) berish muddati kassatsiya instantsiyasi sudi tomonidan ajrim chiqarilguniga qadar o'tgan taqdirda, shikoyat (protest) kassatsiya instantsiyasi sudi tomonidan ajrim qabul qilingan kundan e'tiboran uch oy ichida berilishi mumkin. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo'yicha sudlov hay'atiga taftish tartibida shikoyat (protest) berish muddati Qoraqalpog'iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O'zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan taftish tartibida ajrim chiqarilguniga qadar o'tgan taqdirda, shikoyat (protest) ushbu sudlar tomonidan ishni taftish tartibida ko'rish natijalari bo'yicha ajrim qabul qilingan kundan e'tiboran uch oy ichida berilishi mumkin. O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining protesti ushbu Kodeks 419⁴-moddasining birinchi qismida ko'rsatilgan shaxslar murojaat qilgan kundan e'tiboran uch oy ichida, lekin O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo'yicha sudlov hay'ati tomonidan ishni taftish tartibida ko'rish natijalari bo'yicha ajrim qabul qilingan kundan e'tiboran olti oydan ortiq bo'lmagan muddatda O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga kiritilishi mumkin. Taftish tartibidagi shikoyat (protest) berishning o'tkazib yuborilgan muddati shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi bo'yicha sud (sudya) tomonidan, agar iltimosnoma shikoyatni (protestni) berish muddati o'tgan kundan e'tiboran uch oy ichida berilgan va shikoyatni (protestni) berish muddati o'tkazib yuborilishining sabablari uzrli deb topilgan bo'lsa, tiklanishi mumkin. Ushbu moddaning to'qqizinchi qismida ko'rsatilgan muddat o'tgandan keyin berilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest) ko'rib chiqilmaydi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.