Бюджетный кодекс

3-modda. Ushbu Kodeksda qo'llaniladigan asosiy tushunchalar

(3-модданинг ўн бешинчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 25 декабрдаги ЎРҚ-1107-сонли Қонунига асосан чиқарилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 26.12.2025 й., 03/25/1107/1216-сон)

Ushbu Kodeksda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi: aylanma kassa mablag'i — moliya yilida O'zbekiston Respublikasi respublika byudjetining, Qoraqalpog'iston Respublikasi respublika byudjetining, viloyatlar viloyat byudjetlarining va Toshkent shahri shahar byudjetining, tumanlar va shaharlar byudjetlarining shaxsiy g'azna hisobvaraqlarida turgan byudjet mablag'larining yo'l qo'yiladigan eng kam miqdori; birinchi darajali byudjet mablag'larini taqsimlovchi — O'zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan qonun bilan belgilangan miqdorda ajratiladigan byudjet mablag'larini taqsimlovchi yuridik shaxs; byudjetdan ajratiladigan mablag'lar — O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan va davlat maqsadli jamg'armalari byudjetlaridan byudjet tashkilotlari hamda byudjet mablag'lari oluvchilar uchun nazarda tutiladigan pul mablag'lari; byudjet jarayoni — byudjet tizimi byudjetlarini shakllantirish, tuzish, ko'rib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash va ijro etish, ularning shakllantirilishini, tuzilishini hamda ijrosini nazorat qilish, byudjet tizimi byudjetlarining ijrosi to'g'risidagi hisobotlarni tayyorlash va tasdiqlash, shuningdek ular o'rtasidagi o'zaro munosabatlar jarayoni; byudjet jarayoni ishtirokchilari — davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat moliyaviy nazorat organlari, byudjet tashkilotlari va byudjet mablag'lari oluvchilar; byudjet mablag'larini taqsimlovchi — birinchi darajali byudjet mablag'larini taqsimlovchi va ikkinchi darajali byudjet mablag'larini taqsimlovchi; byudjet sohasidagi vakolatlar — byudjet jarayoni ishtirokchilarining byudjet munosabatlari sohasidagi vakolatlari; byudjet ssudasi — qaytarish sharti bilan yuqori turuvchi byudjetdan quyi turuvchi byudjetga, shuningdek davlat maqsadli jamg'armalariga, rezident-yuridik shaxsga ajratiladigan pul mablag'lari; byudjet so'rovi — o'rta muddatli davr uchun byudjetdan ajratiladigan mablag'larni olishga bo'lgan ehtiyojni asoslashni nazarda tutuvchi hujjat; byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg'armalari — qonunchilikda nazarda tutilgan manbalar hisobidan byudjet tashkiloti tasarrufiga kelib tushadigan mablag'lar; byudjet tizimi byudjetlari — O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg'armalari byudjetlari va byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg'armalari; byudjetlararo transfertlar — O'zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga, davlat maqsadli jamg'armalariga hamda buning aksicha o'tkaziladigan, shuningdek Qoraqalpog'iston Respublikasining respublika byudjetidan, viloyatlarning viloyat byudjetlaridan va Toshkent shahrining shahar byudjetidan tumanlar va shaharlar byudjetlariga hamda buning aksicha o'tkaziladigan mablag'lar; vaqtinchalik kassa uzilishi — joriy moliya yilining muayyan davrida byudjet tizimi byudjetlarining xarajatlari daromadlaridan vaqtinchalik oshib ketishi; Davlat byudjetining birlamchi profitsiti — muayyan davr uchun O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti xarajatlaridan davlat qarziga xizmat ko'rsatish bo'yicha foiz to'lovlarni chiqarib tashlagan holda hisoblanadigan Davlat byudjeti profitsiti; Davlat byudjetining birlamchi taqchilligi — muayyan davr uchun O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti xarajatlaridan davlat qarziga xizmat ko'rsatish bo'yicha foiz to'lovlarni chiqarib tashlagan holda hisoblanadigan Davlat byudjeti taqchilligi; Davlat byudjeti profitsiti — muayyan davrda O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti daromadlarining uning xarajatlaridan oshib ketishi; Davlat byudjeti taqchilligi — muayyan davrda O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti xarajatlarining uning daromadlaridan oshib ketishi; davlat moliyaviy nazorati — byudjet to'g'risidagi qonunchilikning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida davlat moliyaviy nazorati ob'yektlarining buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlarini va boshqa hujjatlarni o'rganish, tahlil qilish hamda taqqoslash; davlat moliyaviy nazorati ob'yektlari — O'zbekiston Respublikasining respublika byudjeti, Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari, byudjet mablag'larini taqsimlovchilar, byudjet tashkilotlari va byudjet mablag'lari oluvchilar, davlat maqsadli jamg'armalari, belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg'armalar va byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg'armalari; davlat tashqi qarzi — davlat tomonidan xorijdan mablag'lar jalb etilishi natijasida yuzaga kelgan O'zbekiston Respublikasining majburiyatlari yig'indisi; davlat tomonidan mablag' jalb qilish — aktivlarni jalb etish, bu bo'yicha O'zbekiston Respublikasining qarz oluvchi sifatidagi yoki qarz oluvchi-rezidentlarning kreditlarini (qarzlarini) to'lashga kafil sifatidagi majburiyatlari yuzaga kelishi; davlat xaridlari — byudjet tizimi byudjetlarining mablag'lari hisobidan amalga oshiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridlari; davlat qarzi — O'zbekiston Respublikasining ichki mablag'ni va xorijdan mablag' jalb qilish natijasida yuzaga kelgan majburiyatlari; daromadlar va xarajatlar smetasi — byudjet tashkilotlari byudjetdan tashqari jamg'armalarining tegishli yil choragi yoki moliya yili uchun kutilayotgan tushumlari va xarajatlari aks ettiriladigan hujjat; donorlar — O'zbekiston Respublikasiga, O'zbekiston Respublikasi Hukumatiga, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlariga, faoliyati O'zbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid bo'lmagan yuridik va jismoniy shaxslarga beg'araz asosda mablag'lar ajratadigan davlatlar, davlatlarning hukumatlari, xalqaro va chet el hukumat tashkilotlari, chet el fuqarolari, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro'yxatga kiritilgan xalqaro va chet el nohukumat tashkilotlari; dotatsiya — byudjet tizimi byudjetlariga ularning o'z daromadlari yetishmagan taqdirda daromadlar bilan xarajatlar o'rtasidagi farqni qoplash uchun qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan pul mablag'lari; jamlanma xarajatlar smetasi — byudjet mablag'larini taqsimlovchi tomonidan o'z tasarrufidagi byudjet tashkilotlarining va byudjet mablag'lari oluvchilarning xarajatlar smetalari asosida tuziladigan xarajatlar smetasi; ikkinchi darajali byudjet mablag'larini taqsimlovchi — O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan birinchi darajali byudjet mablag'larini taqsimlovchilarga biriktiriladigan va o'ziga ajratiladigan byudjet mablag'larini taqsimlovchi yuridik shaxs; umumiy fiskal balans — O'zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjetini hamda davlat dasturlarini amalga oshirish uchun Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg'armalari hisobidan ajratiladigan depozit, byudjet ssudalari va kredit liniyalari hamda ularning qaytarilishi o'rtasidagi farqni o'z ichiga olgan jamlanma balans; fiskal tavakkalchiliklar — byudjet jarayoni ishtirokchilari uchun byudjet tizimi byudjetlari mablag'larini shakllantirish va sarflashda moliyaviy resurslardagi yo'qotishlarni baholash; moliya yili — birinchi yanvardan o'ttiz birinchi dekabr kuni oxirigacha bo'lgan vaqtni o'z ichiga oluvchi davr; moliyaviy majburiyatlar — byudjet tashkilotlarida va byudjet mablag'lari oluvchilarda ularga pul mablag'larini o'tkazish majburiyatini yuklovchi hujjatlar, shu jumladan ijro hujjatlari asosida yuzaga keladigan majburiyatlar; subventsiya — muayyan maqsadlarga sarflash sharti bilan yuqori turuvchi byudjetdan quyi turuvchi byudjetga qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan pul mablag'lari; subsidiya — tovarlar ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar ko'rsatish va ularni realizatsiya qilishni moliyalashtirish yoki birgalikda moliyalashtirish yoxud maqsadli xarajatlarning o'rnini qisman qoplash uchun byudjet tizimi byudjetlari hisobidan yuridik va jismoniy shaxslarga beriladigan pul mablag'lari; tartibga soluvchi daromadlar — byudjet tizimi byudjetlari o'rtasida ajratmalar normativlari belgilanadigan soliqlar, yig'imlar va davlat bojlari, shuningdek soliq bo'lmagan to'lovlar. Soliq bo'lmagan to'lovlarga byudjet tizimi byudjetlariga kelib tushadigan soliqlar va boshqa majburiy to'lovlar bo'lmagan to'lovlar kiradi; xarajatlar moddasi — byudjet tizimi byudjetlari xarajatlarining iqtisodiy yo'nalishi va to'lovlarning aniq turlari bo'yicha belgilovchi byudjet tasnifining bir qismi; xarajatlar smetasi — byudjet tashkiloti yoki byudjet mablag'lari oluvchi tomonidan moliya yili uchun tuziladigan va tasdiqlanadigan, uning uchun nazarda tutilgan byudjetdan ajratiladigan mablag'lar xarajatlar moddalari bo'yicha aks ettiriladigan hujjat; shtat jadvali — doimiy xodimlar lavozimlari va bo'sh o'rinlar nomlarining soni va lavozim maoshlarining miqdorlari ko'rsatilgan ro'yxatni o'z ichiga oladigan, byudjet tashkiloti tomonidan tuziladigan hujjat; shaxsiy g'azna hisobvaraqlari — O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida ochiladigan, byudjet tizimi byudjetlari ijrosi bilan bog'liq operatsiyalarni aks ettirish uchun mo'ljallangan tahliliy hisob registrlari; yuridik majburiyatlar — tuzilgan shartnomalar, shuningdek tegishli davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining qarorlari asosida byudjet tashkilotlarida va byudjetdan mablag' oluvchilarda yuzaga keladigan majburiyatlar; Yagona g'azna hisobvarag'i — O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankida ochiladigan milliy yoki chet el valyutasidagi maxsus bank hisobvarag'i; o'tkazib beriladigan daromadlar — tegishli ma'muriy-hududiy birlikda shakllanadigan va yuqori turuvchi byudjetga o'tkaziladigan, ular qayerda shakllangan bo'lsa, keyinchalik o'sha ma'muriy-hududiy birlik byudjetiga o'tkazib beriladigan daromadlar; O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti (Davlat byudjeti) — davlatning davlat vazifalari va funktsiyalarini moliyaviy jihatdan ta'minlash uchun mo'ljallangan markazlashtirilgan pul jamg'armasi; O'zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti — byudjet tizimi byudjetlarining hamda O'zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasining barcha tushumlari va xarajatlari hamda davlat tashqi qarzi hisobidan davlat dasturlariga doir xarajatlar bo'yicha tuziladigan byudjet; g'aznachilik bo'linmalari — O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G'aznachilik xizmati qo'mitasi, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar g'aznachilik xizmati boshqarmalari, tumanlar va shaharlar bo'yicha g'aznachilik xizmati bo'linmalari; g'aznachilik memorial orderi — mablag'larni bir shaxsiy g'azna hisobvarag'idan boshqa shaxsiy g'azna hisobvarag'iga o'tkazish uchun foydalaniladigan to'lov hujjati; hududiy byudjet mablag'larini taqsimlovchi — o'z tasarrufida Qoraqalpog'iston Respublikasi respublika byudjetidan, viloyatlar viloyat byudjetlaridan, Toshkent shahri shahar byudjetidan, tumanlar va shaharlar byudjetlaridan mablag' oluvchi tashkilotlarga ega bo'lgan yuridik shaxs, shuningdek Qoraqalpog'iston Respublikasi respublika byudjetidan, viloyatlar viloyat byudjetlaridan va Toshkent shahri shahar byudjetidan, tumanlar va shaharlar byudjetlaridan moliyalashtiriladigan byudjet tashkiloti yoki byudjet mablag'lari oluvchi; hududiy iqtisodiyot va moliya organlari — Qoraqalpog'iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari, tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya bo'limlari; o'rta muddatli davr uchun fiskal strategiya — o'rta muddatli davr uchun soliq va byudjet siyosatining asosiy yo'nalishlarini belgilovchi hujjat.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.