«Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida»gi qonun

22-modda. Bolaning sog'lig'ini saqlash huquqi kafolatlari

(22-модданинг учинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2021 йил 21 апрелдаги ЎРҚ-683-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 21.04.2021 й., 03/21/683/0375-сон)

Har bir bola sog'lig'ini saqlash huquqiga ega. Davlat sog'lom bola tug'ilishini ta'minlash uchun onaga uning sog'lig'ini saqlash sharoitlarini yaratadi. Davlat bolalarga qonunchilikka muvofiq hajmda bepul tibbiy yordamni kafolatlaydi. Bolaning sog'lig'ini saqlash huquqi davlat tomonidan quyidagi yo'llar bilan ta'minlanadi: malakali tibbiy xizmat ko'rsatilishini tashkil qilish; bolaning, uning ota-onasining salomatligini nazorat qilish va bolalar kasalliklari profilaktikasi; bolalar va o'smirlarni davolash-profilaktika muassasalarida dispanser kuzatuvini olib borish hamda davolash; talab darajasidagi sifatga ega bo'lgan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishi va sotilishini nazorat qilish; bolaning fiziologik xususiyatlari va sog'lig'i holatiga javob beradigan ta'lim olish hamda mehnat qilish sharoitlarini yaratish; kasbga yaroqlilikni aniqlashda O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan bepul tibbiy maslahat berish; sanitariya-gigiyena ta'limi berish, sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish va rag'batlantirish; sog'lig'ining holati to'g'risida bola uchun qulay bo'lgan tarzda zarur axborotni taqdim etish. O'n to'rt yoshdan katta yoshdagi bola ma'lumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy ravishda rozilik berish yoki uni rad etish huquqiga ega. Bola bilan uning hayotiga, sog'lig'i va normal rivojlanishiga ziyon yetkazuvchi har qanday ilmiy tajriba yoki boshqa eksperimentlar o'tkazish taqiqlanadi. Davlat maxsus cheklovlarni joriy etish va maxsus profilaktika dasturlarini amalga oshirish orqali bolani alkogolga moyillikdan, chekishdan, giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalar va intellektual-irodaviy faoliyatga ta'sir ko'rsatadigan boshqa moddalarni iste'mol qilishdan himoya qilish bo'yicha zarur choralarni ko'radi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.