Tazyiq va zo'ravonlik yoki ularni sodir etish xavfi bartaraf etilmagan taqdirda, tegishli hududda tazyiq va zo'ravonlikning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirish uchun mas'ul bo'lgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsi tomonidan tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlanuvchining arizasiga ko'ra, bir ish kuni ichida himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish bo'yicha materiallar tayyorlanadi hamda himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to'g'risidagi iltimosnoma rasmiylashtirilgan holda jabrlanuvchining yashash joyidagi jinoyat ishlari bo'yicha tuman (shahar) sudiga yuboriladi.
Himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to'g'risidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan e'tiboran yigirma to'rt soat ichida yopiq sud majlisida jabrlanuvchi hamda tazyiq o'tkazgan va (yoki) zo'ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo'lgan shaxs hozirligida ko'rib chiqiladi.
Iltimosnomani sudda ko'rishda advokat ishtirok etishi mumkin.
Jabrlanuvchining hamda tazyiq o'tkazgan va (yoki) zo'ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo'lgan shaxsning sud majlisiga kelishi ichki ishlar organi xodimi kuzatuvi ostida amalga oshiriladi.
Tazyiq o'tkazgan va (yoki) zo'ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo'lgan shaxsning sud majlisida uzrsiz sabablarga ko'ra hozir bo'lmaganligi ishni ko'rib chiqishga monelik qilmaydi. Agar sud mazkur shaxsning sudda hozir bo'lishini shart deb topsa, sud uni majburan olib kelish to'g'risida ajrim chiqarishi mumkin.
Sudya ish materiallari bilan tanishib chiqqanidan keyin himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to'g'risida yoki himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to'g'risidagi iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqida qaror chiqaradi.
Himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to'g'risidagi qarorda quyidagilar ko'rsatiladi:
himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to'g'risidagi qaror qabul qilingan vaqt va joy haqidagi ma'lumotlar, qarorni qabul qilgan sudning nomi, sudyaning, taraflarning, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi;
tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlanuvchining hamda tazyiq o'tkazgan va (yoki) zo'ravonlik sodir etgan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug'ilgan sanasi va joyi, mashg'ulotining turi hamda yashash joyi;
himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to'g'risidagi qarorni qabul qilish uchun asos bo'lib xizmat qilgan holatlar;
tazyiq o'tkazgan va (yoki) zo'ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo'lgan shaxsga nisbatan qo'llanilgan, ushbu Qonunning 26-moddasida nazarda tutilgan cheklovlarning ro'yxati.
Sudning himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to'g'risidagi qarori o'qib eshittirilgan paytdan e'tiboran kuchga kiradi va ichki ishlar organlari tomonidan darhol ijro etiladi.
Sudya tazyiq o'tkazgan va (yoki) zo'ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo'lgan shaxsga qaror ustidan shikoyat qilish tartibi va muddatini, shuningdek himoya orderi talablarini hamda ularni bajarmaslik oqibatlarini tushuntiradi.
Qarorning ko'chirma nusxasi tazyiq va zo'ravonlikning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirish uchun mas'ul bo'lgan ichki ishlar organining mansabdor shaxsiga, tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlanuvchiga, shuningdek tazyiq o'tkazgan va (yoki) zo'ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo'lgan shaxsga darhol topshiriladi.
Agar ular sud majlisiga kelmagan bo'lsa, qarorning ko'chirma nusxasi bir sutka ichida pochta orqali taraflarga yuboriladi.
Sudning himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to'g'risidagi yoki himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to'g'risidagi iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqidagi qarori ustidan tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlanuvchi, tazyiq o'tkazgan va (yoki) zo'ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo'lgan shaxs, agar ishda ishtirok etgan bo'lsa, ularning advokati, qonuniy vakili tomonidan 72 soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
Himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to'g'risidagi qaror ustidan shikoyat qilinishi uning ijro etilishini to'xtatib turmaydi.
Himoya orderi talablarining bajarilishi ustidan nazorat ichki ishlar organi tomonidan amalga oshiriladi.
lex.uz’dagi asl matn«Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida»gi qonun
23¹-modda. Himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish
(23¹-модда Ўзбекистон Республикасининг 2023 йил 11 апрелдаги ЎРҚ-829-сонли Қонунига асосан киритилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 12.04.2023 й., 03/23/829/0208-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.