Suv kodeksi

4-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Kodeksda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi: gidrotexnika inshootlari — suv omborlari to'g'onlari, daryolardagi, soylardagi, kanallardagi va kollektorlardagi to'g'onlar, daryolar o'zanlaridagi to'suvchi inshootlar, suv olish, suv o'tkazish, suv tashlash hamda qirg'oqlarni himoya qilish inshootlari, gidroelektrostantsiyalar, nasos stantsiyalari; yer osti suvlari — yer osti suv ob'yektlarining suvlari; yer usti suvlari — yer usti suv ob'yektlarining suvlari; ichimlik suvi ta'minoti — ichimlik suvini ichimlik suvi ta'minoti tarmoqlari orqali va (yoki) transportda iste'molchilarga yetkazib berish; kanallar — suv bilan manbadan suvdan foydalanuvchilarning chegarasiga qadar ta'minlash uchun mo'ljallangan suv xo'jaligi ob'yektlari; kollektor-drenaj suvlari — yer osti sizot suvlari va tashlama suvlar; kollektor-drenaj tarmog'i — yer osti sizot suvlarini va tashlama suvlarni to'plash hamda chiqarib yuborish uchun mo'ljallangan suv xo'jaligi ob'yekti; mineral suvlar — tarkibida erigan tuzlar, mikroelementlar, shuningdek davolashda ijobiy ta'sir ko'rsatadigan ba'zi biologik faol komponentlar mavjud bo'lgan suvlar; oqova suvlar — maishiy, ishlab chiqarish yoki boshqa ehtiyojlar uchun foydalanilgan hamda dastlabki kimyoviy tarkibi va fizik xossalarini o'zgartirgan qo'shimcha aralashmalar bilan ifloslangan suvlar, shuningdek atmosfera yog'inlari yog'ishi natijasida hosil bo'lgan, aholi punktlari va sanoat korxonalari hududidan oqib chiquvchi suvlar; sanitariya muhofazasi zonasi — ichimlik, maishiy va davolash-sog'lomlashtirish maqsadlari uchun mo'ljallangan, foydalanilayotgan, loyihalashtirilayotgan, qurilayotgan va rekonstruktsiya qilinayotgan ob'yektlarga tutash bo'lgan, ularning sanitariya-epidemiologik ishonchliligini ta'minlash uchun tashkil etiladigan, muhofaza rejimiga ega bo'lgan hududlar; sohil bo'yi mintaqasi — suvni muhofaza qilish zonasi doirasida tabiiy yer usti suv ob'yektlari, shuningdek foydalanilayotgan, loyihalashtirilayotgan, qurilayotgan va rekonstruktsiya qilinayotgan suv xo'jaligi ob'yektlari suv ob'yekti bo'ylab yoki ular atrofida ushbu suv xo'jaligi ob'yektlaridan tegishli tarzda foydalanishni ta'minlash, ularni rekonstruktsiya qilish, ta'mirlash va tiklash, shuningdek suv resurslarini oqilona boshqarish va ularning hisobini yuritish uchun tashkil etiladigan qat'iy rejimli hudud; suv yetkazib beruvchi tashkilot — suv xo'jaligi ob'yektlaridan foydalanish va ularga texnik xizmat ko'rsatish uchun mas'ul bo'lgan, o'ziga shartnoma asosida suvdan foydalanuvchilarga suv olish va yetkazib berish huquqi berilgan suv xo'jaligining foydalanuvchi tashkiloti va (yoki) boshqa yuridik shaxs; suvlarning zararli ta'siri — suvlarning salbiy ta'siri natijasida sodir bo'layotgan muayyan ob'yektlarning yuvilib ketishi, buzilishi, suv bosishi, zax bosishi, loyqa cho'kishi, botqoqlanishi, sho'rlanishi va boshqa hodisalar; suvni muhofaza qilish zonasi — suvlarning sanitariya holatini zarur darajada saqlab turish, ularning bulg'anishi va ifloslanishining, shuningdek suv ob'yektlarining tuproq eroziyasi mahsulotlari bilan loyqa cho'kishining oldini olish, shuningdek qulay suv rejimini yaratish va saqlab turish maqsadida maxsus foydalanish va xo'jalik faoliyati yuritish rejimi belgilanadigan, suv ob'yektlarining o'zanlariga yoki akvatoriyalariga tutash bo'lgan tabiiy hudud; suv ob'yekti — suvlar doimiy ravishda yoki vaqtincha to'planadigan va suv rejimining o'ziga xos shakllari va belgilari mavjud bo'lgan tabiiy (jilg'alar, soylar, daryolar va boshqalar) hamda sun'iy (ochiq va yopiq kanallar, shuningdek kollektor-drenaj tarmoqlari) suv oqimlari, tabiiy (ko'llar, dengizlar, yer osti suvlari konlari va suvli qatlamlari) va sun'iy (suv omborlari, sel-suv omborlari, hovuzlar va boshqalar) suv havzalari, shuningdek buloqlar va boshqa ob'yektlar; suv olish kvotasi — suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga va suvdan foydalanuvchilarga bir necha yil uchun ajratiladigan suv hajmi; suv olish limiti — suv ob'yektlarining suvlilik darajasiga qarab suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga va suvdan foydalanuvchilarga vegetatsiya va kuz-qish davrlari uchun ajratiladigan suv hajmi (suv olish kvotasidan foiz hisobida); suv ob'yektlarini muhofaza qilish — suv ob'yektlarini saqlash va tiklashga qaratilgan tadbirlar tizimi; suv rejimi — suv sifati, sathi, oqimi tezligi, sarfi va hajmining vaqt birligida o'zgarishi; suv resurslari — suv ob'yektlarining foydalanilayotgan yoki foydalanilishi mumkin bo'lgan yer osti va yer usti suvlari; suv servituti — suv ob'yektidan yoki uning bir qismidan, shu jumladan suvni muhofaza qilish zonalaridan cheklangan tarzda foydalanish huquqi; sug'orish tarmog'i — suvdan foydalanuvchilarning sug'oriladigan maydonlariga, shuningdek boshqa ob'yektlarga kanallardan va boshqa suv ob'yektlaridan suv yetkazib beriladigan, suvdan foydalanuvchilarga maqsadli foydalanish uchun berilgan suv xo'jaligi ob'yekti; suv fondi — suv ob'yektlarida to'plangan barcha suvlar majmui; suv fondi yerlari — yer usti suv ob'yektlari va suv xo'jaligi ob'yektlari egallagan yerlar hamda suv ob'yektlarining qirg'oqlari bo'ylab ajratilgan mintaqalar; suvdan foydalanuvchi — suv resurslaridan o'z ehtiyojlari uchun foydalanadigan yuridik yoki jismoniy shaxs; suvdan foydalanish — yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan o'z ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun suv resurslaridan foydalanilishi; suv xo'jaligi — suv resurslarini va suv ob'yektlarini o'rganish, hisobga olish, boshqarish, ulardan foydalanish, ularni muhofaza qilish, shuningdek suvlarning zararli ta'siriga qarshi kurashishni qamrab oladigan iqtisodiyot tarmog'i; suv xo'jaligi ob'yekti — gidrotexnika inshootlari, shuningdek ular bilan bog'liq bo'lgan yo'llar, binolar, elektr uzatish liniyalari hamda suv xo'jaligi faoliyatini amalga oshirish uchun mo'ljallangan boshqa infratuzilma; suv xo'jaligi xizmati — suvdan foydalanuvchiga suv xo'jaligi sohasida shartnoma asosida ko'rsatiladigan xizmat; suv xo'jaligining foydalanuvchi tashkiloti — O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligining tashkiloti bo'lib, uning zimmasiga suv xo'jaligi ob'yektlariga texnik xizmat ko'rsatish va ulardan foydalanish vazifalari yuklatilgan; tashlama suvlar — kanallardan va sug'orish tarmoqlaridan suv ob'yektlariga yoki joy relyefiga avariya holatida tashlanadigan suvlar, shuningdek sug'oriladigan yerlardan nooqilona foydalanilishi natijasida ulardan tashlanadigan suvlar; transchegaraviy suvlar — ikki va undan ortiq davlatlar chegaralarini kesib o'tadigan yoki shunday chegaralarda joylashgan har qanday yer usti yoki yer osti suvlari; transchegaraviy suv ob'yektlari — ikki va undan ortiq davlatlar chegaralarini kesib o'tadigan yoki shunday chegaralarda joylashgan suv ob'yektlari; transchegaraviy ta'sir — jismiy manbasi to'liq yoki qisman u yoki bu sohil bo'yi davlat yurisdiktsiyasi ostidagi hududda joylashgan, transchegaraviy suvlar holati inson faoliyati ta'sirida o'zgarishi natijasida yuzaga keladigan, boshqa sohil bo'yi davlat yurisdiktsiyasi ostidagi hududdagi atrof-muhitga bo'lgan har qanday jiddiy zararli ta'sir oqibatlari.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.