Soliq to'lovchilarning ayrim toifalariga boshqa soliq to'lovchilarga nisbatan soliq to'g'risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan afzalliklar, shu jumladan soliqni to'lamaslik yoki ularni kamroq miqdorda to'lash imkoniyati soliq imtiyozlari deb e'tirof etiladi.
Soliq to'lovchiga soliqlarni to'lash bo'yicha muddatni kechiktirish (bo'lib-bo'lib to'lash) imkoniyati berilishi soliq imtiyozlari hisoblanmaydi.
Agar ushbu moddaning beshinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, soliq imtiyozlari ushbu Kodeks bilan taqdim etiladi.
Soliq imtiyozlari individual xususiyatga ega bo'lishi mumkin emas.
Ayrim soliqlar bo'yicha soliq imtiyozlari, qo'shilgan qiymat solig'i, foyda solig'i, aktsiz solig'i solinadigan mahsulotlar ishlab chiqarilganda va (yoki) realizatsiya qilinganda aktsiz solig'i, yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliqdan, foydali qazilmalarni qazib olganlik uchun maxsus renta solig'i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan tashqari, ushbu moddaning yettinchi qismi qoidalarini hisobga olgan holda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan faqat belgilangan soliq stavkasini kamaytirish, lekin ko'pi bilan 50 foizga kamaytirish tarzida va ko'pi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin.
Foyda solig'i bo'yicha soliq imtiyozlari O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan, faqat amortizatsiya qilinadigan asosiy vositalarni tezlashtirilgan amortizatsiya qilish huquqini berish tarzida, uch yildan ortiq bo'lmagan muddatga beriladi.
Ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, soliq to'lovchilar soliqlar bo'yicha imtiyozlardan tegishli huquqiy asoslar yuzaga kelgan paytdan e'tiboran ularning butun amal qilish davri mobaynida foydalanishga yoki soliq imtiyozidan foydalanishdan voz kechishga yoxud undan foydalanishni bir yoki bir necha soliq davrlarida to'xtatib turishga haqli, bundan qo'shilgan qiymat solig'idan ozod etiladigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish mustasno.
Soliqlar bo'yicha imtiyozlar soliq solishdan bo'shagan mablag'larni aniq maqsadlarga yo'naltirishi sharti bilan berilishi mumkin. Bunday mablag'lar maqsadli ishlatilmagan taqdirda maqsadsiz ishlatilgan mablag'lar summasi belgilangan tartibda penya hisoblangan holda byudjetga undirilishi lozim. Soliqlar bo'yicha imtiyozlar berilishi munosabati bilan bo'shagan va mazkur imtiyozlarning amal qilish davrida foydalanilmagan mablag'lar summasi berilgan imtiyozlarning amal qilish muddati tugaganidan so'ng bir yil davomida ularni taqdim etishda belgilangan maqsadlar uchun yo'naltirilishi mumkin. Bunda belgilangan muddatda foydalanilmagan mablag'lar byudjetga o'tkazilishi lozim.
Qo'shilgan qiymat solig'i bo'yicha imtiyozlar, shu jumladan tovarlar O'zbekiston Respublikasining hududiga olib kirilishida (importida) soliq solishdan bo'shagan mablag'larni aniq maqsadlarga yo'naltirish sharti bilan, berilishi mumkin emas.
O'zbekiston Respublikasining Markaziy banki, uning Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bosh boshqarmalari, O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining muassasalari, shuningdek Omonatlarni kafolatlash agentligi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan soliqlarni to'lashdan ozod etiladi, bundan ijtimoiy soliq va O'zbekiston Respublikasining hududiga tovarlarni olib kirishda (importida) to'lanadigan qo'shilgan qiymat solig'i mustasno.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlari turistik zonalarda joylashgan alohida sanatoriy-kurort ob'yektlari egallagan yer uchastkalariga nisbatan mol-mulk solig'i va yer solig'ining kamaytirilgan soliq stavkalarini belgilash yoki soliq to'lashdan ozod qilish huquqiga ega.
Ushbu Kodeksning 483-moddasida, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer solig'ini to'lashdan to'liq ozod qilish tarzida berilgan soliq imtiyozlariga ega bo'lgan soliq to'lovchilar mazkur soliqlarni ushbu soliqlardan hisoblangan summaning bir foizi miqdorida to'laydi.
Soliq imtiyozlarini hisobga olish soliq organlari tomonidan axborot tizimlaridan foydalangan va soliq imtiyozlarining har bir turiga maxsus identifikatsiya kodini bergan holda amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig'i bo'yicha berilgan soliq imtiyozlari joriy soliq davrida soliq to'lovchilar tomonidan o'tgan kalendar yil yakunlari bo'yicha quyidagi shartlar bir vaqtning o'zida bajarilgan taqdirda qo'llaniladi:
tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromad yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va (yoki) yuridik shaxslardan olinadigan yer solig'i bo'yicha foydalanilgan soliq imtiyozining summasidan oshganda;
har bir xodimga har oyda mehnatga haq to'lash eng kam miqdorining ikki baravaridan kam bo'lmagan oylik ish haqi hisoblanganda va xodimlarning yillik o'rtacha soni kamida uch nafarni tashkil etganda.
Ushbu moddaning o'n to'rtinchi qismida nazarda tutilgan shartlarni aniqlashda:
soliq to'lovchi tomonidan taqdim etilgan aniqlashtirilgan soliq hisobotlari;
soliq davri yakunlari bo'yicha soliq hisobotlarini taqdim etish muddati yetib kelmagan taqdirda, oxirgi o'n ikki oyda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo'yicha aylanma inobatga olinadi.
Ushbu moddaning o'n to'rtinchi qismida nazarda tutilgan shartlar quyidagilarga nisbatan qo'llanilmaydi:
to'g'ridan-to'g'ri xususiy chet el investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxslarga;
mahsulot taqsimotiga oid bitim ishtirokchilariga;
notijorat tashkilotlarga va byudjet tashkilotlariga;
yagona ishtirokchilari nogironligi bo'lgan shaxslarning jamoat birlashmalari bo'lgan va xodimlarining umumiy sonida nogironligi bo'lgan shaxslar kamida 50 foizni tashkil etadigan hamda nogironligi bo'lgan shaxslarning mehnatiga haq to'lash fondi mehnatga haq to'lash umumiy fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan yuridik shaxslarga;
2026 yil 1 yanvarga qadar maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini olgan yuridik shaxslarga.
Soliq davri davomida yangi tashkil etilgan soliq to'lovchilarga, shu jumladan yangi taqdim etilgan soliq imtiyozlariga nisbatan ushbu moddaning o'n to'rtinchi qismi qoidalari keyingi soliq davri yakunlari bo'yicha qo'llaniladi, bundan qayta tashkil etilgan yuridik shaxslar mustasno.
lex.uz’dagi asl matnSoliq kodeksi
75-modda. Soliq imtiyozlari
(75-модданинг бешинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 25 декабрдаги ЎРҚ-1108-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 25.12.2025 й., 03/25/1108/1217-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 1 январь)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.