Soliq kodeksi

60-modda. Ushbu Kodeksda qo'llaniladigan boshqa tushunchalar

(60-модда Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 27 мартдаги ЎРҚ-1126-сонли Қонунига асосан ўн учинчи ва ўн тўртинчи хатбошилар билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 28.03.2026 й., 03/26/1126/0279-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 29 июнь)

Ushbu Kodeks maqsadida quyidagi tushunchalardan ham foydalaniladi: asosiy faoliyat turi — yuridik shaxsning hisobot davri yakunlari bo'yicha umumiy realizatsiya qilish hajmidagi sof tushum ulushi ustunlik qiladigan faoliyat turi; jismoniy shaxsning yaqin qarindoshlari — uning ota-onasi, tug'ishgan va o'gay aka-ukalari va opa-singillari, eri (xotini), farzandlari, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobolari, buvilari, nevaralari, shuningdek erining (xotinining) ota-onasi; ijara (lizing) to'lovi — ijaraga beruvchiga (lizing beruvchiga) tuzilgan ijara (lizing) shartnomasi asosida ijarachi (lizing oluvchi) tomonidan to'lanadigan summa; ijaraga beruvchining (lizing beruvchining) foizdan olinadigan daromadi — moliyaviy ijara (lizing) ob'yektining ijara (lizing) to'lovi summasi va qiymati o'rtasidagi farq; nazorat-kassa texnikasi — fiskal xotira bilan jihozlangan nazorat-kassa mashinalari, fiskal to'plagichlardagi fiskal ma'lumotlar yozib olinishi va saqlanishini ta'minlovchi, fiskal hujjatlarni shakllantiruvchi hamda ularning soliq organlariga fiskal ma'lumotlar operatori orqali topshirilishini, shuningdek fiskal hujjatlar nazorat-kassa texnikasini qo'llash to'g'risidagi qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq qog'ozda chop etilishini ta'minlovchi boshqa qurilmalar hamda dasturiy-texnik majmualar; ortiqcha to'langan soliq summasi (penya, jarima) — soliqning (penyaning, jarimaning) to'langan summasi bilan haqiqatda to'lanishi lozim bo'lgan summasi o'rtasidagi ijobiy farq. Soliqning (penyaning, jarimaning) ortiqcha to'langan summasi u ilgari hisobga olingan va (yoki) soliq to'lovchiga qaytarilgan summalarni, shuningdek soliq bo'yicha kelgusi to'lovlar hisobiga o'tkaziladigan summalarni hisobga olgan holda uni hisob-kitob qilish sanasida aniqlanadi; ortiqcha undirilgan soliq summasi — soliq organlarining g'ayriqonuniy hatti-harakatlari natijasida ortiqcha to'langan soliq summasi; tan olingan soliq qarzi — soliq qarzini uzish to'g'risidagi talabnoma berilgan sanadan boshlab o'n kalendar kun ichida soliq to'lovchi tomonidan e'tiroz bildirilmagan qarz yoki sud qarori bilan tasdiqlangan qarz; xatolik bilan to'langan soliq (penya, jarima) summasi — soliq (penya, jarima) summasini to'lagan shaxsni va (yoki) ushbu to'lovning maqsadini qat'iy aniqlash imkoniyatini bermaydigan to'lov chog'ida xatolikka yo'l qo'yilgan soliq (penya, jarima) summasi. Qaysi soliqqa (penyaga, jarimaga) nisbatan uni to'lagan shaxs soliq to'lovchi deb hisoblanmaydigan shaxsdan yoki to'lanishi lozim bo'lgan byudjetdan boshqa byudjetga kelib tushgan soliq (penya, jarima) summasi ham xatolik bilan to'langan deb e'tirof etiladi; umidsiz qarz — sud qarori bilan majburiyat bekor qilinganligi tufayli yoxud qarzdor bankrot deb topilganligi, tugatilganligi, vafot etganligi yoki da'vo muddati tugaganligi oqibatida to'lanishi mumkin bo'lmagan qarz, shuningdek Majburiyatlar reyestriga kiritilgan sanadan e'tiboran o'n yil ichida to'lanmagan qarz; Tadbirkorlik sub'yektlarining barqarorlik reytingi — O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq qonunchilik talablariga rioya etgan holda faoliyatni amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub'yektlarini aniqlashni va rag'batlantirishni nazarda tutuvchi reyting; islomiy moliya faoliyati — qonunchilikda belgilangan tartibda, islomiy moliya standartlari asosida banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat; islomiy moliya operatsiyalari — qonunchilikka muvofiq islomiy moliya standartlari asosida banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalar.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.