Soliq, agar ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, soliq to'lovchining kalendar oyda ishlagan kunlari sonidan qat'i nazar:
1) yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan — oyiga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan kam bo'lmagan miqdorda;
3) faoliyatni yuridik shaxs tashkil etmagan holda, oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshiruvchi oila a'zolari tomonidan:
yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro'yxatdan o'tgan oila a'zosi tomonidan — oyiga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan kam bo'lmagan miqdorda;
oilaning boshqa a'zolari tomonidan (bundan o'n sakkiz yoshga to'lmaganlar mustasno) — oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida majburiy tartibda to'lanadi/
Mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida:
o'zini o'zi band qilgan shaxslar;
shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida band bo'lgan yoki mazkur maydonda chorvachilik (qoramol, qo'ylar, echkilar, otlar va boshqalar), issiqxona xo'jaligi, parrandachilik (tovuqlar, bedanalar, kurkalar, g'ozlar, o'rdaklar), quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, bog'dorchilik, limonchilik, gulchilik bilan shug'ullanayotgan shaxsiy tomorqa yer uchastkalarining egalari yoki ularning oila a'zolari bo'lgan fuqarolar tomonidan (ularga tegishli tomorqa yer uchastkasining maydonidan yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan uy hayvonlari va parrandalarning sonidan qat'i nazar);
dehqon xo'jaligining a'zolari (bundan dehqon xo'jaligi boshlig'i mustasno) va dehqon xo'jaligida band bo'lgan jismoniy shaxslar;
mehnat shartnomasi asosida chet elda yollanib ishlayotgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari;
O'zbekiston Respublikasining davlat organlari va boshqa tashkilotlari tomonidan chet davlatlarda tashkil etilgan (ochilgan) savdo uylarida, vakolatxonalarda (shu jumladan yuridik shaxs tashkil etmasdan), tashkilotlarda ishlayotgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari;
ishlamaydigan eri (xotini) uchun soliq to'lovini amalga oshiruvchi ishlayotgan fuqarolar tomonidan ixtiyoriy tartibda soliq to'lanadi.
Mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida:
«Hunarmand» uyushmasining a'zosi bo'lgan hunarmandchilik faoliyati sub'yektlari;
«Usta-shogird» maktablari o'quvchilari — ular yigirma besh yoshga to'lguniga qadar ishlagan davrda;
dehqon xo'jaligi boshlig'i;
yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida bo'lgan jismoniy shaxslar tomonidan majburiy tartibda soliq to'lanadi.
Yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchi hunarmandchilik faoliyati sub'yektlari bo'lgan «Hunarmand» uyushmasining a'zolari soliq to'lashdan ozod etiladi, ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida ko'rsatilgan, yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo'lgan qolgan shaxslar, shuningdek I va II guruh nogironligi bo'lgan shaxslar uchun esa soliq miqdori uning belgilangan eng kam miqdorining kamida 50 foizini tashkil etishi kerak. Mazkur imtiyozlar pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining ma'lumotnomasi asosida beriladi. Imtiyozlarga bo'lgan huquq kalendar yil davomida vujudga kelgan yoki tugatilgan taqdirda, soliqni qayta hisob-kitob qilish ushbu huquq yuzaga kelgan yoki tugatilgan oydan e'tiboran amalga oshiriladi.
Soliqni to'lash quyidagicha amalga oshiriladi:
ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan shaxslar tomonidan — har oyda tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilgan oyning o'n beshinchi kunidan kechiktirmay;
ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida ko'rsatilgan shaxslar tomonidan — hisobot yilining 31 dekabrigacha amalga oshiriladi. Bunda soliqning miqdori to'lov kunida belgilangan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Yangi ro'yxatdan o'tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklidagi faoliyatni amalga oshiruvchi oila a'zolari tomonidan soliqni to'lash ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro'yxatidan o'tkazilgan oydan keyingi oydan e'tiboran amalga oshiriladi.
Soliqni to'lash majburiyati:
yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklidagi faoliyatni amalga oshirayotgan oila a'zolari uchun — oilaviy tadbirkorlik sub'yekti nomidan ish yuritadigan, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro'yxatdan o'tgan oila a'zosining;
yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida bo'lgan jismoniy shaxslar uchun — ushbu xodimlar bilan mehnat shartnomasini tuzgan yakka tartibdagi tadbirkorning zimmasiga yuklatiladi.
To'lov topshiriqnomasida (kirim orderida) soliq to'lovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, identifikatsiya raqami va to'lov kiritilayotgan davr ko'rsatilishi shart. Bunda oila a'zolari — oilaviy tadbirkorlik ishtirokchilari va xodim yollagan yakka tartibdagi tadbirkorlar bo'yicha to'lov topshiriqnomasi (kirim orderi) har bir oila a'zosi uchun va yakka tartibdagi tadbirkorning har bir yollangan xodimi uchun alohida-alohida yoziladi. Agar to'lov topshiriqnomasida (kirim orderida) davr ko'rsatilmagan bo'lsa, to'lov u amalga oshirilayotgan oy (dehqon xo'jaliklari a'zolari va dehqon xo'jaligida band bo'lgan jismoniy shaxslar, shuningdek ushbu modda uchinchi qismining beshinchi xatboshisida ko'rsatilgan jismoniy shaxslar uchun — yil) uchun to'langan deb hisoblanadi.
Yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati vaqtinchalik to'xtatib turilganligi to'g'risida soliq organlari tomonidan olingan axborot yakka tartibdagi tadbirkor o'z faoliyatini amalga oshirmaydigan davr uchun soliqni hisoblashni to'xtatib turish uchun asos bo'ladi.
Soliq organlari tomonidan olingan, har bir yollangan xodim uchun belgilangan tartibda berilgan hisobga olish kartochkalari yakka tartibdagi tadbirkor o'z faoliyatini amalga oshirmaydigan davr uchun yakka tartibdagi tadbirkorning har bir xodimiga soliqni hisoblashni to'xtatib turish uchun asos bo'ladi.
Agar faoliyatini to'xtatib turgan yakka tartibdagi tadbirkor yakka tartibdagi tadbirkorning har bir xodimi uchun hisobga olish kartochkasini soliq organiga belgilangan muddatlarda topshirmasa, yakka tartibdagi tadbirkorning majburiyatlari bo'yicha soliqni hisoblash to'xtatilmaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida, uchinchi qismi beshinchi xatboshisida ko'rsatilgan soliq to'lovchilar soliqni ushbu Kodeksning 405-moddasida ko'rsatilgan soliq stavkalari bo'yicha jami yillik daromad to'g'risida deklaratsiyada ko'rsatilgan mehnatga haq to'lash tarzida olingan daromadlar summasidan kelib chiqib, biroq ushbu moddada belgilangan uning eng kam miqdoridan kam bo'lmagan holda, soliqni ixtiyoriy ravishda to'lash haqida jami yillik daromad to'g'risidagi deklaratsiyani taqdim etish bilan bir vaqtda beriladigan ariza asosida to'lashga haqli. Bunda to'lanishi lozim bo'lgan soliqning uzil-kesil summasi ushbu moddaning birinchi — oltinchi qismlariga muvofiq to'langan summalarni hisobga olgan holda aniqlanadi.
lex.uz’dagi asl matnSoliq kodeksi
408-modda. Ayrim toifadagi jismoniy shaxslar tomonidan soliqni hisoblab chiqarish va to'lashning o'ziga xos xususiyatlari
(Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 24 декабрдаги ЎРҚ-1014-сонли Қонунига асосан 408-модда биринчи қисми 2-бандининг чиқарилиш санаси 2025 йил 1 январь — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 26.12.2024 й., 03/24/1014/1067-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.