Soliq kodeksi

133-modda. Organlar, muassasalar va tashkilotlarning soliq organlariga ma'lumotlar taqdim etish majburiyatlari

(133-модда Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 13 апрелдаги ЎРҚ-1128-сонли Қонунига асосан тўртинчи қисм билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 13.04.2026 й., 03/26/1128/0349-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 14 июль)

Tadbirkorlik sub'yekti bo'lgan yuridik va jismoniy shaxslarni davlat ro'yxatidan o'tkazishni amalga oshiruvchi organlar ro'yxatdan o'tkazilgan joydagi soliq organiga ushbu shaxslar davlat ro'yxatidan o'tkazilgan kundan e'tiboran o'n kundan kechiktirmay tegishli yuridik shaxslarning davlat reyestridan ko'chirmani, rahbar (rahbar vazifalarini bajaruvchi shaxs) to'g'risidagi ma'lumotlarni, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini va uning pasportiga yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiga oid ma'lumotlarni topshirishi shart. Shuningdek mazkur organlar soliq organiga davlat reyestriga kiritilgan va tegishli shaxslarga taalluqli bo'lgan har qanday o'zgartirishlar to'g'risida bunday o'zgartirishlar kiritilgan kundan e'tiboran uch kundan kechiktirmay ma'lum qilishi shart. Ichki ishlar organlari identifikatsiyalovchi ID-kartalar berilganligi, shu jumladan yo'qotilgan yoki amal qilish muddati o'tgan pasportlar yoki identifikatsiyalovchi ID-kartalar o'rniga identifikatsiyalovchi ID-kartalar berilganligi faktlari to'g'risida, bekor qilingan pasportlar yoki identifikatsiyalovchi ID-kartalar haqida o'zlari joylashgan joydagi soliq organlariga har oyda xabar berib borishi, shuningdek turar joyni ijaraga olish (ijaraga berish) shartnomasi, tekin foydalanishga berish shartnomasi mavjud emasligi yoki ijaraga olish (ijaraga berish) shartnomasining soliq organlarida majburiy hisobga qo'yilishiga rioya etilmaganligi bo'yicha aniqlangan faktlar to'g'risida o'zlari joylashgan joydagi soliq organlariga uch kun ichida xabar berishi shart. Ko'chmas mulkka bo'lgan huquqni davlat ro'yxatidan o'tkazishni amalga oshiruvchi organlar tegishli hududda joylashgan yer uchastkasi va boshqa ko'chmas mol-mulk, ularning mulkdorlari (egalari) to'g'risidagi axborotni davlat soliq organlariga real vaqt rejimida elektron shaklda taqdim etishi shart. O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi huzuridagi O'simliklar karantini va himoyasi agentligi qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug'orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi qonunchilikka muvofiq qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish belgilangan maydonlarida har yili 1 mayga qadar maqbul ekin ekilmagan yer uchastkasi va ularning mulkdorlari (egalari) to'g'risidagi axborotni davlat soliq organlariga real vaqt rejimida, elektron shaklda taqdim etishi shart. Tabiiy resurslardan foydalanuvchilarni hisobga olishni va (yoki) ularni ro'yxatdan o'tkazishni, shuningdek tabiiy resurslardan foydalanish bilan bog'liq faoliyatni litsenziyalashni amalga oshiruvchi organlar tabiatdan foydalanish joyidagi soliq organlariga tegishli tarzda ro'yxatdan o'tkazilgan (litsenziya, ruxsatnoma berilgan) kundan e'tiboran o'n kun ichida soliq solish ob'yekti bo'lgan bunday resurslardan foydalanishga doir huquqlar berish to'g'risida ma'lum qilishi shart. Suv resurslarini hisobga olishni amalga oshiruvchi organlar suvdan foydalanish yoki suvni iste'mol qilish joyidagi soliq organlariga suvdan foydalanuvchi shaxslar va ular tomonidan foydalanilgan suv hajmlari to'g'risida real vaqt rejimida elektron shaklda axborot taqdim etishi shart. Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organlar berilgan, uzaytirilgan, to'xtatib turilgan, qayta tiklangan, tugatilgan, bekor qilingan, qayta rasmiylashtirilgan va chaqirib olingan litsenziyalar, ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlar, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan vakolatli organlarga yuborilgan xabarnomalar to'g'risidagi ma'lumotlarni ko'rsatilgan tartib-taomillardan o'tgan shaxslar joylashgan yerdagi soliq organlariga elektron shaklda real vaqt rejimida taqdim etishi shart. Chet el yuridik shaxslarining vakolatxonalarini akkreditatsiyadan o'tkazishni amalga oshiruvchi organlar hamda tashkilotlar chet el yuridik shaxslarining vakolatxonalari akkreditatsiyadan o'tkazilganligi (akkreditatsiyadan mahrum etilganligi) to'g'risidagi ma'lumotlarni vakolatxona joylashgan yerdagi soliq organiga tegishli hodisa ro'y bergan kundan e'tiboran o'n kun ichida ma'lum qilishi shart. Xalqaro tashkilotlarning hamda chet el notijorat nohukumat tashkilotlarining vakolatxonalari reyestrini yuritish vakolatiga ega bo'lgan organ mazkur reyestrga tegishli tarzda kiritilganlik (reyestrdagi o'zgartirishlar) to'g'risidagi ma'lumotlarni akkreditatsiyadan o'tkazilgan (akkreditatsiyadan mahrum etilgan) yoki mazkur reyestrga ma'lumotlar (o'zgartirishlar) kiritilgan kundan e'tiboran o'n kun ichida vakolatxona joylashgan yerdagi soliq organiga xabar qilishi shart. Vasiylik va homiylik organlari mol-mulk mulkdorlari (egalari) bo'lgan jismoniy shaxslarga nisbatan vasiylik, homiylik hamda mol-mulk boshqaruvi belgilanganligi to'g'risida, shu jumladan mol-mulk mulkdori (egasi) bo'lgan bolaning vasiy oilaga topshirilganligi haqida, shu jumladan mazkur vasiylik, homiylik va mol-mulk boshqaruvi bilan bog'liq keyingi o'zgartirishlar to'g'risida tegishli qaror qabul qilingan kundan e'tiboran o'n kun ichida o'zlari joylashgan yerdagi soliq organlariga ma'lum qilishi shart. Notarial harakatlarni amalga oshirishga vakolatli bo'lgan organlar (muassasalar) ko'chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari, mol-mulk ijarasi shartnomalari tasdiqlanganligi va ijara haqi miqdori haqida, merosga egalik qilish huquqi to'g'risidagi guvohnomalar berilganligi hamda hadya etish shartnomalari notarial tarzda tasdiqlanganligi to'g'risida soliq organlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida real vaqt rejimida xabar qilishi shart. Bunda hadya etish shartnomalari tasdiqlanganligi to'g'risida taqdim etilayotgan axborotda hadya qiluvchi va hadya oluvchi shaxs o'rtasidagi qarindoshlik darajasi to'g'risidagi ma'lumotlar bo'lishi kerak. Chet ellik fuqarolarga yoki fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga ishlash uchun ruxsatnomalar yoki patentlar berishni amalga oshiruvchi organlar chet ellik fuqarolar yoxud fuqaroligi bo'lmagan shaxslar turgan joyi bo'yicha migratsiya hisobiga qo'yilganligi to'g'risidagi ma'lumotlarni xabar qilishi shart. Bunday ma'lumotlar soliq organlarida hisobda turmagan va o'ziga nisbatan ishlash uchun ruxsatnomani yoki patentni rasmiylashtirish uchun hujjatlar ko'rib chiqishga qabul qilingan chet ellik fuqarolar hamda fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga nisbatan taqdim etiladi. Mazkur organlar belgilangan hujjatlar qabul qilingan kundan keyin keladigan kundan kechiktirmay ushbu ma'lumotlarni o'zlari joylashgan yerdagi soliq organlariga xabar qiladi. Qimmatli qog'ozlarning markaziy depozitariysi har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning o'ninchi kunidan kechiktirmay O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasiga o'zi va investitsiya vositachilari tomonidan ro'yxatga olingan aktsiyalarga doir bitimlar to'g'risidagi axborotni taqdim etishi shart. Bojxona organlari soliq organlariga quyidagilarni taqdim etishi shart: import operatsiyalari to'g'risidagi axborotni, tovarlar, shuningdek milliy va xorijiy elektron savdo maydonchalarida (elektron savdo platformalarida) xorijiy davlatlarga realizatsiya qilingan tovarlar bojxona chegarasini kesib o'tganidan keyin eksport operatsiyalari bo'yicha axborotni hamda tovarlarni olib o'tish, shu jumladan O'zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali elektron tijorat shaklida amalga oshirilgan tovarlarni olib o'tish haqidagi axborotni real vaqt rejimida; O'zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan O'zbekiston Respublikasining bojxona omborlarida tovarlar saqlanayotganligi faktlari to'g'risidagi axborotni har oyda. O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi qishloq xo'jaligi ekinlarini parvarishlash va mahsulot yetishtirish bo'yicha namunaviy texnologik xarita ma'lumotlarini axborot tizimi orqali elektron shaklda taqdim etishi shart. Internet jahon axborot tarmog'i milliy segmentining domen nomlari tizimini belgilovchi organ soliq organlariga tegishli ma'lumotlar bazasiga ulanish uchun dasturiy mahsulotlarni taqdim etish orqali domen nomlarining ma'murlari to'g'risidagi axborotlarga kirish huquqini beradi. Soliq organlariga ushbu moddada nazarda tutilgan, qog'ozda yoki elektron shaklda taqdim etiladigan ma'lumotlarning shakllari, shuningdek shakllarni to'ldirish tartibi O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi tomonidan tasdiqlanadi. Ma'lumotlarni soliq organlariga elektron shaklda taqdim etish tartibi o'zaro hamkorlik qiluvchi taraflarning kelishuvi bilan belgilanadi. Ushbu moddada ko'rsatilgan ma'lumotlar soliq organlariga bepul taqdim etiladi. Ushbu moddada nazarda tutilgan ma'lumotlar ushbu moddada belgilangan organlar, muassasalar, tashkilotlar yoki notarial harakatlarni amalga oshirish vakolatiga ega bo'lgan mansabdor shaxslar tomonidan soliq organlarining so'rovlariga binoan so'rov olingan kundan e'tiboran besh kun ichida taqdim etiladi. Muassasalar va tashkilotlar tomonidan soliq organlariga ma'lumotlar taqdim etish majburiyati qonunchilikda belgilanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.