Ushbu Kodeksning maqsadlari uchun soliq to'lovchi to'g'risidagi hisob ma'lumotlari deganda soliq to'lovchi tomonidan soliq organlariga taqdim etilgan ma'lumotlar, shuningdek ushbu Kodeksning 133-moddasida nazarda tutilgan tartibda organlar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan yuborilgan ma'lumotlar tushuniladi.
Yuridik shaxs to'g'risidagi hisob ma'lumotlari tarkibiga quyidagilar kiradi, xususan:
1) soliq to'lovchining identifikatsiya raqami;
2) to'liq va qisqartirilgan nomi;
3) joylashgan yeri (pochta manzili);
4) tashkiliy-huquqiy shakli;
5) davlat ro'yxatidan o'tkazilgan sana, joyi va raqami;
6) ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori — tijorat tashkilotlari uchun;
7) alohida bo'linmalar to'g'risidagi ma'lumotlar;
8) O'zbekiston Respublikasining rezidentlari bo'lgan ishtirokchilar soliq to'lovchisining identifikatsiya raqami, chet ellik ishtirokchining mamlakati hamda har bir muassisning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi ko'rsatilgan holda ishtirokchilarning to'liq tarkibi — tijorat tashkilotlari uchun.
Jismoniy shaxslar to'g'risidagi hisob ma'lumotlari tarkibiga ularning quyidagi shaxsga doir ma'lumotlari kiritiladi:
1) familiyasi, ismi, otasining ismi;
2) fuqaroligi;
3) jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
4) pasportining yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining seriyasi va raqami, berilgan sanasi va joyi;
5) yashash joyi (manzili).
Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun hisob ma'lumotlari tarkibiga ushbu moddaning uchinchi qismida ko'rsatilgan ma'lumotlardan tashqari, quyidagilar ham kiritiladi:
1) davlat ro'yxatidan o'tkazilgan sana, joyi va raqami;
2) faoliyat turi;
3) faoliyat amalga oshiriladigan joy.
Soliq to'lovchi soliq organlarining ma'lumotlar bazasida mavjud bo'lgan o'z hisob ma'lumotlarini soliq organining so'roviga ko'ra soliq to'lovchining shaxsiy kabineti orqali tasdiqlashi kerak.
Soliq to'lovchilar to'g'risida hisob ma'lumotlarini yuritish, soliq to'lovchilar tomonidan ularni tasdiqlash, bu ma'lumotlarni uchinchi shaxslarga taqdim etish tartibi, shuningdek soliq to'lovchilarning ayrim toifalari uchun ma'lumotlar tarkibini shakllantirishning o'ziga xos xususiyatlari O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
lex.uz’dagi asl matnSoliq kodeksi
132-modda. Soliq to'lovchi to'g'risidagi hisob ma'lumotlari
(132-модданинг учинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2022 йил 14 мартдаги ЎРҚ-759-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 14.03.2022 й., 03/22/759/0213-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.