Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi maxsus vakolatli davlat organining ixtisoslashtirilgan tarkibiy bo'linmalari, bunga vakolatli bo'lgan vazirliklar va idoralarning ixtisoslashtirilgan tarkibiy bo'linmalari, ekspert komissiyalari va ekspert guruhlari, shuningdek akkreditatsiya qilingan yuridik shaxslar (bundan buyon matnda ekspert tashkilotlari deb yuritiladi) tomonidan o'tkaziladi.
Alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati ob'yektlarining shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi maxsus vakolatli davlat organining ixtisoslashtirilgan tarkibiy bo'linmalari tomonidan o'tkaziladi.
Shaharsozlik hujjatlari shaharsozlik to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga, shu jumladan shaharsozlik, yong'inga qarshi hamda ekologik normalar va qoidalarga, shuningdek sanitariya qoidalari va normalariga, gigiyena normativlariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o'tkazilishi lozim.
Shaharsozlik faoliyati ob'yektlarini qurish uchun shaharsozlik hujjatlari zilzilaga bardoshlilik va yong'in xavfsizligi yuzasidan majburiy ekspertizadan o'tkazilishi lozim.
To'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar, shu jumladan chet el investitsiyalari hisobidan amalga oshiriladigan ob'yektlar bo'yicha shaharsozlik hujjatlarining smeta qismini ekspertizadan o'tkazish talab etilmaydi.
Quyidagi ob'yektlarning shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi majburiy emas:
mavsumiy ishlar uchun vaqtinchalik va maishiy binolar;
uch yuz kub metrdan ortiq bo'lmagan alohida qurilayotgan kichik hajmdagi ob'yektlar;
ikki qavatdan yuqori bo'lmagan (tsokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo'lmagan yakka tartibdagi uy-joylar;
I xavf-xatar toifasiga kiradigan ob'yektlar;
binolarni, inshootlarni va boshqa ob'yektlar joriy ta'mirlanganda.
Loyiha yechimlariga o'zgartirishlar kiritilgan taqdirda, shu jumladan qurilayotgan yoki mavjud ob'yektlarning konstruktsiyasi o'zgarganda (qavatlar soni o'zgarganda, yonma-yon qurilganda, ustiga qavat qurilganda) shaharsozlik hujjatlari kiritilayotgan o'zgartirishlar qismida qayta ekspertizadan o'tkaziladi.
Ilgari ekspertizaning ijobiy xulosalari berilgan yakka tartibdagi va namunaviy loyihalar takroran qo'llanilganda ekspertiza ushbu loyihalarni aniq bir joyga va shartlarga bog'lash qismida amalga oshiriladi.
Buyurtmachi zimmasiga shaharsozlik hujjatlarining to'liq to'plamini ekspertizadan o'tkazish uchun taqdim etish va ularning ishonchliligini ta'minlash majburiyati yuklanadi.
Shaharsozlik hujjatlarining ekspertizasi buyurtmachilar va ekspert tashkilotlari tomonidan tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi, bunda xarajatlar ko'rib chiqilayotgan loyihani ishlab chiqish qiymatiga kiritiladi.
Ekspertizaning ijobiy xulosalari (bundan davlat sirlari yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa sirlarni o'z ichiga olgan shaharsozlik hujjatlariga doir xulosalar mustasno) ular ekspertiza xulosalarining yagona reyestriga kiritilgan taqdirdagina haqiqiy deb tan olinadi.
Ekspertizaning ijobiy xulosalari shaharsozlik hujjatlarini kelishib olish, tasdiqlash va kelgusida amalga oshirish uchun asos bo'ladi.
Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o'tkazish tartibi va muddatlari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
lex.uz’dagi asl matn23-modda. Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasini o'tkazish
(23-модданинг биринчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2023 йил 28 ноябрдаги ЎРҚ-880-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 29.11.2023 й., 03/23/880/0905-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.