O'zbekiston Respublikasi hududida quyidagilar taqiqlanadi:
1) fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning o'q-dorilari sifatida quyidagilarning muomalasi:
o'qdon (baraban) sig'imi o'n dona patrondan ortiq, stvol uzunligi stvol qutisi bilan besh yuz millimetrdan va qurolning umumiy uzunligi sakkiz yuz millimetrdan kam bo'lgan uzun stvolli o'qotar qurol, shuningdek tuzilishi o'q otish imkoniyatini yo'qotmagan holda uni sakkiz yuz millimetrdan kam uzunlikkacha buklash, siljitish yoki qismlarga ajratish imkonini beradigan qurolning;
boshqa ashyolarning shaklini takrorlovchi o'qotar qurolning;
soyli stvolli o'qotar qurolning patronlariga moslab tayyorlangan silliq stvolli o'qotar qurolning;
stvolsiz o'qotar qurolning (patron gilzasi stvol sifatida foydalaniladigan qurolning);
3D-printerida polimer va kompozit materiallardan chiqarilgan o'qotar qurolning;
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan normalarga muvofiq bo'lmagan chiqish parametrlariga ega bo'lgan elektroshok qurilmalarining, uchqun chiqargichlarning va boshqa qurilmalarning;
qo'llanilishiga O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ruxsat etilmagan, asabni falajlaydigan, zaharli va boshqa kuchli ta'sir ko'rsatuvchi moddalar bilan to'ldirilgan gazli qurolning;
shikastlovchi ta'siri radioaktiv nurlanish, kimyoviy va biologik (bakteriologik) omillardan foydalanishga asoslangan qurolning;
shikastlovchi ta'siri elektromagnit, nur, issiqlik, infratovush yoki ultratovush nurlanishdan foydalanishga asoslangan qurol va boshqa anjomlarning;
tig'ining yoki keskichining (damining) uzunligi to'qson millimetrdan ortiq bo'lgan, tugmasi yoki pishangi bosilganda sopidan avtomatik ravishda chiqariladigan va mahkamlanadigan yoxud og'irlik kuchi yoki tezkor harakat hisobiga surilib chiqadigan hamda avtomatik ravishda o'rnashadigan tig'li sovuq qurol va pichoqlarning;
uloqtiriladigan anjomi zirhteshar, yondiruvchi, havoda iz qoldiruvchi yoki portlovchi ta'sirga ega o'q-dorilarning, shuningdek gazli to'pponchalar va revolverlar uchun sochma o'q-dorili patronlarning;
qurol sifatida qo'llash uchun maxsus moslashtirilgan zarb berib-parchalovchi va uloqtiruvchi ta'sirga ega ashyolarning (gurzilar, kastetlar, surikenlar, bumeranglar va boshqa ashyolarning), bundan sport aslahalaridan foydalanish mustasno;
2) fuqaroviy qurol hamda uning o'q-dorilari sifatida quyidagilarning muomalasi:
pnevmatik kalta stvolli qurol, shuningdek tashqi tomondan avtomatik qurol nusxalariga (replikalariga) o'xshash pnevmatik qurolning (bundan ushbu qurolni sport ob'yektlarida saqlash va undan foydalanish mustasno);
cheklangan shikast yetkazuvchi o'qotar qurolning (poroxli yoki boshqa modda quvvati hisobiga yo'naltirilgan holda harakat oluvchi va odamni o'ldirish uchun mo'ljallanmagan, jarohat yetkazuvchi ta'sir kuchiga ega bo'lgan patronning otiladigan anjomi bilan masofadan turib jonli nishonga mexanik shikast yetkazish uchun mo'ljallangan kalta stvolli o'qotar qurolning va stvolsiz o'qotar qurolning);
gazli kalta stvolli qurolning;
maxsus ta'mirlash ishlarini amalga oshirmasdan turib o'q uzish imkoniyatini istisno etadigan o'quv qurolining va vazn-o'lchamli qurolning;
nur-tovushli ta'sirga ega patron bilan o'q uzishni imitatsiya qilish uchun mo'ljallangan, maxsus ta'mirlash ishlarini amalga oshirmasdan turib boshqa turdagi patronlar bilan o'q uzish imkoniyatini istisno etadigan paxtavon qurolning va uning o'q-dorilarining;
harakatga keltiruvchi vositalarni, uloqtiruvchi moddani va shikast yetkazuvchi ta'sir kuchiga ega bo'lgan otiladigan anjomni gilza yordamida yaxlit holda birlashtiradigan silliq stvolli o'qotar quroldan yoki cheklangan shikast yetkazuvchi o'qotar quroldan o'q uzish uchun mo'ljallangan va odamni o'ldirish uchun mo'ljallanmagan, jarohat yetkazuvchi ta'sir kuchiga ega bo'lgan patronlarning;
ko'zdan yosh oqizadigan yoki achishtiradigan moddalar bilan to'ldirilgan harakatga keltiruvchi vositalarni gilza yordamida yaxlit holda birlashtiradigan, gazli quroldan yoki cheklangan shikast yetkazuvchi o'qotar quroldan o'q uzish uchun mo'ljallangan va odamni o'ldirish uchun mo'ljallanmagan, gazli ta'sir kuchiga ega bo'lgan patronlarning;
harakatga keltiruvchi vositalarni, nur-tovushli ta'sirga ega anjomlarni gilza yordamida yaxlit holda birlashtiradigan, o'qotar quroldan, gazli yoki signal beruvchi quroldan o'q uzish uchun mo'ljallangan va jonli nishonga yoki boshqa nishonga shikast yetkazish uchun mo'ljallanmagan nur-tovushli ta'sirga ega bo'lgan patronlarning;
po'lat o'zakli aslahasi bo'lgan, jonli nishonga yoki boshqa nishonga shikast yetkazish uchun mo'ljallangan o'qotar quroldan o'q uzish uchun mo'ljallangan patronlarning;
3) soyli stvolli sport o'qotar qurolini yoki og'iz qismidagi quvvat 3 jouldan yuqori va kalibri 4,5 millimetrdan ortiq bo'lgan pnevmatik sport qurolini, shuningdek tig'li sovuq sport qurolini hamda uloqtirish qurolini sport ob'yektlaridan tashqarida saqlash va ulardan foydalanish, bundan hayvonot dunyosi ob'yektlarini harakatsizlantirish va emlash bilan bog'liq ilmiy-tadqiqot hamda profilaktika ishlarini amalga oshirish uchun kamonlar va arbaletlardan foydalanish mustasno;
4) fuqaroviy va xizmat quroliga tovushsiz o'q uzish moslamalarini va tunda ko'rish mo'ljallagichlarini o'rnatish, bundan ov qilish uchun mo'ljallagichlar mustasno;
5) qurolni va uning o'q-dorilarini jo'natish;
6) fuqaroviy qurolni (bundan o'zini o'zi himoya qilish quroli mustasno), sovuq qurolni hamda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo'lgan ashyolarni o'zini o'zi himoya qilish maqsadida olib yurish;
7) mitinglar, ko'cha yurishlari, namoyishlar va boshqa ommaviy tadbirlar o'tkazilganda, ko'ngilochar va hordiq chiqarish uchun mo'ljallangan, alkogolli mahsulotlar realizatsiya qilinadigan joylarda, ta'lim, tibbiyot muassasalarida hamda qurol olib yurish taqiqlangan boshqa jamoat joylarida bo'lgan vaqtda, shuningdek alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta'siridan yoki o'zgacha tarzda mast holda fuqaroviy qurolni olib yurish;
8) qurolni va sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo'lgan ashyolarni jamoat joylarida, shu jumladan shahar transportida, shahar atrofiga qatnovchi, shaharlararo va xalqaro transportda ochiq (g'ilofsiz) holda olib yurish;
9) sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo'lgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo'jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog'liq bo'lmagan hollarda, jamoat joylarida olib yurish;
10) fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o'q-dorilarini realizatsiya qilish bo'yicha faoliyatni amalga oshirayotgan yuridik shaxslarning ixtisoslashtirilgan do'konlaridan tashqarida fuqaroviy hamda xizmat qurolini va uning o'q-dorilarini realizatsiya qilish;
11) fuqaroviy qurolga qonuniy asosda egalik qilmaydigan shaxslarga bunday qurolning patronlarini realizatsiya qilish, bundan sport tashkilotlarida o'qotar quroldan foydalanish bilan bog'liq sport turlari bilan shug'ullanuvchi yoki ta'lim muassasalarida o'q otish bo'yicha tayyorgarlikdan o'tayotgan shaxslarga patronlar berish mustasno.
12) fuqaroviy qurol va uning o'q-dorilarini hadya etish.
lex.uz’dagi asl matn«Qurol to'g'risida»gi qonun
9-modda. Fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning o'q-dorilari muomalasiga belgilanadigan cheklovlar
(9-модда 2-бандининг иккинчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2022 йил 31 майдаги ЎРҚ-772-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 01.06.2022 й., 03/22/772/0460-сон — 2022 йил 2 сентябрдан кучга киради)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.