«Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish to'g'risida»gi qonun

11-modda. Sug'urta tariflarining bazaviy stavkalari va koeffitsiyentlari

Sug'urta tariflari bazaviy stavkalardan va koeffitsiyentlardan iborat bo'ladi. Sug'urta tariflarining bazaviy stavkalari transport vositalarining ulardan foydalanishda zarar yetkazilishi ehtimoliga va yetkazilgan zararning potentsial miqdoriga jiddiy ta'sir etadigan texnik tavsiflari, konstruktiv xususiyatlari hamda belgilangan maqsadidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Sug'urta tariflarining koeffitsiyentlari quyidagilardan kelib chiqqan holda belgilanadi: transport vositasidan eng ko'p foydalaniladigan hududdan; o'tgan davrlarda majburiy sug'urtani amalga oshirishda sug'urtalovchilar tomonidan sug'urta to'lovlari to'langanligi yoki to'lanmaganligidan; haydovchining haydovchilik stajidan; transport vositasidan foydalanishning mavsumiyligidan; o'tgan davrlarda sug'urtalovchi so'ragan holatlar to'g'risidagi ma'lumotlar sug'urta qildiruvchi tomonidan bila turib buzib ko'rsatilganligi, to'g'ri ma'lumotlar xabar qilingan taqdirda to'lanishi lozim bo'lgan summaga nisbatan kamroq summada sug'urta mukofoti to'lanishiga olib kelganligi faktlarining mavjudligidan; o'tgan davrlarda sug'urta qildiruvchi (majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha fuqarolik javobgarligi sug'urtalangan boshqa shaxs) tomonidan sug'urta hodisasi sodir bo'lishiga, shuningdek yetkazilgan zararning miqdori oshishiga qasddan ko'maklashish yoki sug'urta hodisasining sodir bo'lishi holatlarini sug'urta to'lovini oshirish maqsadida bila turib buzib ko'rsatish faktlariga yo'l qo'yilganligidan; o'tgan davrlarda regress talab qo'yilishiga asos bo'lgan holatlarda sug'urta qildiruvchi (majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha fuqarolik javobgarligi sug'urtalangan boshqa shaxs) tomonidan zarar yetkazilishi faktlari mavjudligidan; ushbu Qonun 16-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan sug'urta tariflarining koeffitsiyentlari qo'llanilganidan. Ushbu modda uchinchi qismining oltinchi—sakkizinchi xatboshilarida nazarda tutilgan holatlarni hisobga oluvchi sug'urta tariflarining koeffitsiyentlari mazkur harakatlar yoki harakatsizlik to'g'risida sug'urtalovchiga ma'lum bo'lgan davrdan keyingi davr uchun majburiy sug'urta shartnomasini tuzishda sug'urtalovchi tomonidan qo'llaniladi. Majburiy sug'urta shartnomasi bo'yicha sug'urta mukofotining eng ko'p miqdori transport vositasidan eng ko'p foydalaniladigan hudud inobatga olingan holda tuzatish kiritilgan tegishli sug'urta tarifi bazaviy stavkasining uch baravaridan, ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq belgilangan sug'urta tariflarining barcha koeffitsiyentlari qo'llanilganda esa, besh baravaridan ortiq bo'lishi mumkin emas. Sug'urta tariflarida chet davlatlarda ro'yxatdan o'tkazilgan va O'zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha foydalanilayotgan transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilishda sug'urtalovchi tomonidan qo'llaniladigan bazaviy stavkalar va koeffitsiyentlar qo'shimcha ravishda nazarda tutilishi mumkin. Sug'urtalovchilar ushbu Qonunga muvofiq belgilanganidan farq qiluvchi sug'urta tariflarining bazaviy stavkalari va koeffitsiyentlarini qo'llashga haqli emas.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.