Bola o'z huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish huquqiga ega.
Bolaning huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi (ularning o'rnini bosuvchi shaxslar), ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror va sud tomonidan amalga oshiriladi.
Voyaga yetmagan bola qonunga muvofiq to'la muomala layoqatiga ega deb e'tirof etilsa, u o'z huquq va majburiyatlarini, shu jumladan himoya huquqini mustaqil amalga oshirishga haqlidir.
Bola ota-ona (ularning o'rnini bosuvchi shaxslar) tomonidan qilinadigan suiiste'molliklardan himoyalanish huquqiga ega.
Bolaning huquq va qonuniy manfaatlari buzilganda, shu jumladan, ota-ona (ulardan biri) bolani tarbiyalash va ta'lim berish bo'yicha o'z majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganda yoxud ota-onalik huquqlarini suiiste'mol qilganda bola o'z huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini so'rab, vasiylik va homiylik organiga, o'n to'rt yoshga to'lgandan keyin esa, mustaqil ravishda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Bolaning hayoti yoki sog'lig'iga xavf tug'ilganligidan, uning huquq va qonuniy manfaatlari buzilganligidan xabardor bo'lgan shaxslar bu haqda bola ayni paytda yashab turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga ma'lum qilishi shart. Shunday ma'lumotlarni olgach, vasiylik va homiylik organi bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan zarur choralar ko'rishi shart.
lex.uz’dagi asl matnOila kodeksi
67-modda. Bolaning himoyaga bo'lgan huquqi
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.