Nogironligi bo'lgan shaxslar barcha darajalardagi ta'lim tashkilotlarida ta'lim olish va o'z qobiliyatini yanada to'liqroq rivojlantirish uchun butun umri davomida ta'lim olish hamda jamiyat va davlat hayotida ishtirok etish huquqiga ega.
Davlat nogironligi bo'lgan shaxslarning inklyuziv ta'limini rivojlantirishni, ularning ta'lim olishi va kasbiy tayyorgarlikdan, qayta tayyorlashdan va malaka oshirishdan o'tishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini kafolatlaydi.
Ta'lim tashkilotlari davlat organlari bilan birgalikda nogironligi bo'lgan bolalarning maktabgacha, qo'shimcha va umumiy o'rta ta'lim olishini, shuningdek o'rta maxsus, professional, oliy va oliy ta'limdan keyingi ta'limi olishini ta'minlaydi.
Agar nogironligi bo'lgan bolalarni ta'lim muassasalarida o'qitishning vaqtincha imkoni bo'lmasa, ta'lim sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va ta'lim muassasalari nogironligi bo'lgan bolalarning sohaga oid shifokorlar tavsiyalari asosida hamda ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining roziligi bilan uyda o'qitilishini ta'minlaydi.
Nogironligi bo'lgan bolalarni uyda o'qitish O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat nogironligi bo'lgan bolalarning bepul umumiy o'rta, qo'shimcha, o'rta maxsus va professional ta'lim olishini kafolatlaydi.
Nogironligi bo'lgan shaxslarni to'lovdan ozod qilgan holda yoki imtiyozli shartlar asosida maxsus o'quv qo'llanmalari va adabiyotlar, shuningdek surdotarjimonlar xizmatlaridan foydalanish imkoniyati bilan ta'minlash O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi.
Nodavlat ta'lim tashkilotlari nogironligi bo'lgan shaxslarni (bolalarni) o'qitganlik uchun to'lov bo'yicha imtiyozlar belgilashga haqli.
Nogironligi bo'lgan shaxslarga ta'lim berish, ularni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish turli shakllarda, shu jumladan ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda, eksternat shaklida, shuningdek masofaviy ta'lim texnologiyalaridan foydalangan holda, umumiy tipdagi ta'lim muassasalarida va tashkilotlarida, ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalarida, uyda, maxsus guruhlarda, sinflarda va yakka tartibdagi o'quv rejalari bo'yicha o'qitish yo'li bilan amalga oshiriladi.
Nogironligi bo'lgan bolalarni har tomonlama va uyg'un rivojlantirish, ularda ijtimoiy faollikni shakllantirish, mehnatga ishtiyoq uyg'otish, ularni ilm-fanga, texnikaga, san'atga va sportga jalb etish maqsadida ta'lim muassasalari nogironligi bo'lgan bolalarning qo'shimcha ta'limdan foydalanishini, buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratgan holda, davlat organlari bilan birgalikda ta'minlashi shart.
Imo-ishora tili O'zbekiston Respublikasi tomonidan nogironligi bo'lgan shaxslarning shaxslararo muomala vositasi sifatida e'tirof etiladi.
Davlat organlari nogironligi bo'lgan shaxslarning har biri uchun mosroq bo'lgan tillarni, muloqot qilish usullari va vositalarini qulay multimedia vositalari va raqamli texnologiyalarini rivojlantirish, Brayl alifbosini, muqobil harflarni, nutq va og'zaki muomala ko'nikmalarini o'zlashtirish, shuningdek o'qituvchilarni va maktab xodimlarini inklyuziv ta'lim masalalarida o'qitish, imo-ishora tilini va Brayl alifbosini biladigan nogironligi bo'lgan o'qituvchilarni ta'lim muassasalariga ishga joylashtirish yordamida nogironligi bo'lgan shaxslar uchun ta'lim tizimini takomillashtirish choralarini ko'radi.
lex.uz’dagi asl matn«Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida»gi qonun
38-modda. Nogironligi bo'lgan shaxslarning ta'lim olish huquqi
(38-модданинг учинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 23 октябрдаги ЎРҚ-1091-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 24.10.2025 й., 03/25/1091/0969-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.