Ma'muriy javobgarlik kodeksi

324⁸-modda. Apellyatsiya shikoyatini (protestini) ko'rish tartibi

Birinchi instantsiya sudining ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish bo'yicha qarori ustidan berilgan apellyatsiya shikoyati (protesti) apellyatsiya instantsiyasi sudining sudyasi tomonidan yakka tartibda ko'riladi. Apellyatsiya instantsiyasi sudi ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ishni sud majlisida ushbu paragrafda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda, ushbu Kodeksning XXIII bobida nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi ishlarni ko'rish qoidalariga binoan ko'rib chiqadi. Ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish apellyatsiya instantsiyasida ko'rilayotganda sud majlisi ish bo'yicha raislik qiluvchi tomonidan ochiladi, u qanday ish va kimning apellyatsiya shikoyati (protesti) bo'yicha ko'rilayotganligini e'lon qiladi. Shundan keyin raislik qiluvchi sud tarkibini e'lon qiladi, sud majlisi kotibining, shuningdek, agar sud majlisida ishtirok etayotgan bo'lsa, prokurorning, advokatning va tarjimonning familiyasini, ismini, otasining ismini ma'lum qiladi. Raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi qaysi shaxslar, ularning vakillari kelganligini, hozir bo'lganlarning shaxsini aniqlaydi, mansabdor shaxslar va vakillarning vakolatlarini tekshiradi, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi, berilgan iltimosnomalarni hal qiladi. Sud majlisining vaqti va joyi to'g'risida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ishni apellyatsiya tartibida ko'rish uchun monelik qilmaydi. Ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ishni apellyatsiya instantsiyasi sudida ko'rish sud majlisida raislik qiluvchi sudyaning ma'ruzasi bilan boshlanadi. Ma'ruza davomida ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish holatlari, birinchi instantsiya sudi qarorining mazmuni, apellyatsiya shikoyati (protesti) vajlari bayon etiladi. Ma'ruzadan keyin sud majlisida hozir bo'lgan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, ularning vakillarining tushuntirishlari eshitiladi. Apellyatsiya shikoyati bergan shaxs yoki uning vakili yoxud agar prokuror apellyatsiya protesti bergan bo'lsa, prokuror birinchi bo'lib so'zga chiqadi. Apellyatsiya instantsiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslarning so'zlarini eshitib, tegishli iltimosnomalar mavjud bo'lganda yoki o'z tashabbusiga ko'ra ishdagi mavjud va sudga taqdim etilgan (sud tomonidan talab qilib olingan) yangi dalillarni tekshiradi. Sud apellyatsiya shikoyatining (protestining) vajlari bilan chegaralanmay, unga ilova qilingan qo'shimcha materiallarni hamda ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ish materiallarini to'liq hajmda tekshiradi. Apellyatsiya instantsiyasi sudi ish holatlarini aniqlashtirishni va dalillarni tekshirishni tamomlagach, ishda ishtirok etayotgan shaxslarga ular sudda tushuntirishlar bergan ketma-ketlikda muzokaralarda chiqish imkoniyatini yaratadi. Sud muzokaralari tugallangach, sudya qaror qabul qilish uchun alohida xonaga kiradi. Ishni apellyatsiya tartibida ko'rib chiqish natijalari bo'yicha qaror qabul qilinadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.