Ma'muriy javobgarlik kodeksi

125-modda. Transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish

(125-модданинг тўртинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 5 февралдаги ЎРҚ-1118-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 09.02.2026 й., 03/26/1118/0120-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 10 май)

Haydovchilarning transport vositalarini boshqarish va yo'lovchilar tashishda xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga, xuddi shuningdek mototsikl va mopedlar haydovchilarining motoshlemlardan foydalanish qoidalariga rioya etmasligi, — ma'muriy ogohlantirishga yoki bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi. Haydovchilarning belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tkazilmagan yoki majburiy texnik ko'rikdan o'tkazilmagan yoxud foydalanish man etiladigan darajada nosozligi bo'lgan yoki qonunchilikda belgilangan tartibda favqulodda vaziyatda oynani sindirish uchun foydalaniladigan bolg'acha bilan jihozlanmagan, o't o'chirgich, tibbiyot qutichasi, avariya holatida to'xtaganligini bildiruvchi belgi va nur qaytargichli kamzul bilan butlanmagan, xuddi shuningdek ishlayotganida tashqariga chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalarning miqdori, shuningdek shovqin darajasi belgilangan normalardan ortiq bo'lgan transport vositalarini boshqarishi, — ma'muriy ogohlantirishga yoki bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi. Haydovchilarning tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi bo'lgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarishi, — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi. Xalqaro avtomobil tashuvlarini hamda M3 va N3 toifali avtotransport vositalarida yo'lovchilarni va yuklarni shaharlararo (400 km va undan ortiq masofada) tashishni raqamli nazorat uskunalarisiz (taxografsiz, nosoz taxografdan foydalangan holda yoki taxografni o'chirib qo'ygan holda, haydovchining taxografda foydalaniladigan kartaga ega bo'lmagan holatida) amalga oshirish, shuningdek xalqaro va shaharlararo avtomobil tashuvlarini amalga oshirishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini buzishi, — bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi. Foydalanish belgilangan tartibda man etilgan transport vositalarini, xuddi shuningdek davlat raqam belgisi o'zboshimchalik bilan yechib olingan transport vositalarini boshqarish — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi. Davlat raqam belgisi ayni shu transport vositasiga tegishli bo'lmagan transport vositasini boshqarish — bazaviy hisoblash miqdorining o'n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga qarashli transport vositalarini ishdan tashqari vaqtda ulardan foydalanish shartlariga muvofiq keladigan tarzda maxsus jihozlanmagan joyda saqlash — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, mansabdor shaxslarga esa — ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi. Yuk avtotransportida tovar-transport yuk xatlarini, xalqaro yuk tashishda yo'l varaqalarini, shuningdek yo'lovchilar avtotransportida chipta-hisob va yo'l varaqalarini yuritish bo'yicha belgilangan talablarni buzish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari, mansabdor shaxslarga esa uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi. Ushbu Kodeksning 125 (mopedlardan tashqari), 125¹, 126, 127, 128, 128¹, 128², 128³, 128⁴, 128⁵, 128⁶, 129, 130, 131, 133, 134, 135, 135¹, 136, 139, 140-moddalarida transport vositalari deyilganda barcha turdagi avtomobillar va traktorlar, qishloq xo'jalik, melioratsiya, yo'l-qurilish mashinalari va boshqa o'ziyurar mashinalar, tramvay va trolleybuslar, shuningdek mototsikllar va boshqa mexanik transport vositalarini tushunmoq kerak.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.