Kredit (mikroqarz) berish shartlari, uning miqdori, muddatlari, uni to'lash va uning to'liq qiymatini hisob-kitob qilish tartibi to'g'risidagi ma'lumotlar barchaning tanishib chiqishi uchun ochiq bo'lishi hamda rasmiy veb-saytga (mavjud bo'lganda) joylashtirilishi kerak. Ochiq axborot ko'rsatilayotgan xizmatlar shartlaridan va ularga oid ma'lumotlardan farq qilmasligi kerak.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar iste'molchi (mijoz) bilan xizmatlar ko'rsatish shartnomasini tuzguniga qadar:
ushbu moddaning uchinchi qismida ko'rsatilgan talablarni hisobga olgan holda ko'rsatiladigan xizmatlar to'g'risidagi ishonchli axborotning to'liq oshkor qilinishini ta'minlashi. Ko'rsatiladigan xizmatlarning shartlari va qiymati haqida axborot berishni rad etishga yo'l qo'yilmaydi;
uning huquqlari va majburiyatlarini, shuningdek xizmatlar ko'rsatish shartnomasi bo'yicha o'z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik oqibatlarini tushuntirishi;
uni ko'rsatiladigan xizmatlar shartlarini o'zgartirish tartibi, shu jumladan qarzdorlikni qaytarish muddatlarini qayta ko'rib chiqish va undiruvni garov mulkiga qaratish tartib-taomili bilan tanishtirishi kerak.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan xizmatlar ko'rsatish joylarida (kredit (mikroqarz) berish to'g'risidagi arizalarni qabul qilish joylarida), shu jumladan o'z rasmiy veb-saytida (mavjud bo'lganda) kredit (mikroqarz) berish, undan foydalanish va uni qaytarish shartlari to'g'risidagi quyidagi axborot joylashtirilishi kerak:
kredit (mikroqarz) beruvchi tashkilotning nomi, uning joylashgan yeri, aloqa telefonlari, rasmiy veb-sayti (mavjud bo'lganda), mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga yoki lombardlar reyestriga o'zi haqidagi ma'lumotlar kiritilganligi to'g'risidagi axborot;
kredit (mikroqarz) olish uchun qarz oluvchiga qo'yiladigan talablar;
kredit (mikroqarz) olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko'rib chiqish va kredit (mikroqarz) berish to'g'risida yoki kredit (mikroqarz) berishni asoslantirilgan holda rad etish haqida qaror qabul qilish muddatlari;
kreditning (mikroqarzning) turlari;
kreditning (mikroqarzning) summalari va uni qaytarish muddatlari;
foiz stavkalari yillik foizlarda, o'zgaruvchan foiz stavkalari qo'llanilganda esa ularni aniqlash tartibi;
kredit (mikroqarz) berish to'g'risidagi shartnoma bo'yicha majburiyatlar bajarilishini ta'minlash turlari;
kreditdan (mikroqarzdan) foydalanganlik uchun foizlar hisoblash boshlanadigan sana yoki uni aniqlash tartibi;
kredit (mikroqarz) berish, shu jumladan masofaviy xizmatlar ko'rsatish tizimlari orqali kredit (mikroqarz) berish usullari;
qarz oluvchi kredit (mikroqarz) olishni rad etishga haqli bo'lgan muddatlar;
qarz oluvchining kreditni (mikroqarzni) qaytarish, kredit (mikroqarz) bo'yicha foizlarni va boshqa to'lovlarni to'lash chog'idagi to'lovlarining davriyligi;
qarz oluvchining kredit (mikroqarz) berish to'g'risidagi shartnomani bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarligi, neustoyka (jarima, penya) miqdorlari, uni aniqlash tartibi;
formulyarlar yoki kredit (mikroqarz) berish to'g'risidagi shartnomaning umumiy shartlari belgilangan boshqa standart shakllar.
Ushbu moddaning uchinchi qismida ko'rsatilgan axborot qarz oluvchining e'tiboriga bepul yetkaziladi.
Kredit (mikroqarz) berish, undan foydalanish va uni qaytarish shartlari to'g'risidagi axborotni tarqatishga kreditor tomonidan uchinchi shaxslar jalb etilgan taqdirda bunday shaxslar axborotni ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hajmda va tartibda oshkor etishi shart.
Mikromoliya tashkiloti va lombard qarz oluvchi murojaat qilganda unga haqiqiy qarzdorlikning miqdori to'g'risidagi to'liq axborotni va xizmatlar ko'rsatish shartnomasining shartlari to'lovlarda o'zgarishga olib keladigan tarzda o'zgartirilgan taqdirda — to'lovlarning yangi jadvalini taqdim etishi shart.
Mikromoliya tashkiloti va lombard o'zining nomi va (yoki) joylashgan yeri (pochta manzili) o'zgargan taqdirda, bunday o'zgarishlar sodir bo'lgan sanadan e'tiboran ikki ish kunidan oshmagan muddatda bu haqda qarz oluvchilarni hamda kreditorlarni ommaviy axborot vositalarida va o'z rasmiy veb-saytida (mavjud bo'lganda) tegishli axborotni e'lon qilish orqali xabardor etishi shart. Mazkur talab nobank kredit tashkiloti filialining nomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) o'zgargan hollarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
lex.uz’dagi asl matn«Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to'g'risida»gi qonun
34-modda. Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan axborotni oshkor qilish
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.