«Mas'uliyati cheklangan jamiyatlar to'g'risida»gi qonun

41-modda. Jamiyat kuzatuv kengashining mustaqil a'zosi

Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi ellik foizdan ortiq bo'lgan jamiyatning kuzatuv kengashi tarkibiga kamida bir nafar mustaqil a'zo kiritilishi kerak. Bunda mustaqil a'zolikka nomzodlar, agar jamiyat ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, jamiyatning kuzatuv kengashi tomonidan, qoida tariqasida, jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig'ilishi ko'rib chiqishi uchun tanlov asosida ko'rsatiladi. Quyidagilar kuzatuv kengashining mustaqil a'zosi bo'lishi mumkin emas: so'nggi uch yil ichida jamiyatda va (yoki) uning affillangan shaxslarida ishlagan shaxs; jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) besh yoki undan ortiq foiziga egalik qiluvchi (to'g'ridan-to'g'ri va (yoki) affillangan shaxslar orqali) shaxs; jamiyatning va (yoki) uning affillangan shaxsining yirik mijozi va (yoki) yirik yetkazib beruvchisi bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda bo'lgan shaxs. Bunda qaysi shaxslar bilan bazaviy hisoblash miqdorining ikki ming baravaridan ko'p bo'lgan summaga teng amaldagi shartnoma mavjud bo'lsa, o'sha shaxslar yirik mijoz va yirik yetkazib beruvchi deb e'tirof etiladi; so'nggi uch yil ichida jamiyatga va (yoki) jamiyatning affillangan shaxslariga auditorlik xizmatlarini ko'rsatgan auditorlik tashkilotining xodimi; ketma-ket olti yil davomida jamiyatning kuzatuv kengashi tarkibiga kirgan shaxs; jamiyat va (yoki) uning affillangan shaxslari bilan biror-bir kelishuvga ega bo'lgan shaxs, bundan kuzatuv kengashi a'zosining vazifalari va funktsiyalari bajarilishini ta'minlash bilan bog'liq bo'lgan kelishuvlar mustasno; jamiyatning boshqaruv va ichki nazorat organlarining va (yoki) uning affillangan shaxslarining a'zosi bo'lgan shaxsning yoki so'nggi uch yil ichida ularga a'zo bo'lgan shaxsning yaqin qarindoshi yoki quda tomondan qarindoshi (ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari, o'g'illari, qizlari, eri (xotini), shuningdek erining (xotinining) ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) bo'lgan shaxs; davlat boshqaruvi organining yoki davlat korxonasining xodimi; jamiyatning ustavida yoki jamiyat umumiy yig'ilishining qarorlari bilan tasdiqlangan hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq bo'lmagan shaxs. Jamiyat kuzatuv kengashining mustaqil a'zosi kuzatuv kengashining boshqa a'zolari bilan bir qatorda ushbu Qonunda belgilangan teng huquqlar va majburiyatlarga ega bo'ladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.