«Mahalliy davlat hokimiyati to'g'risida»gi qonun

17-modda. Xalq deputatlari Kengashining sessiyalari

(17-модда биринчи ва иккинчи қисмлари Ўзбекистон Республикасининг 2024 йил 17 октябрдаги ЎРҚ-976-сонли Қонунига асосан биринчи — тўртинчи қисмлар билан алмаштирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 19.10.2024 й., 03/24/976/0833-сон — вилоятлар ва Тошкент шаҳар халқ депутатлари Кенгашлари депутатларининг навбатдаги сайлови якунлари бўйича амалга киритилади)

Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi faoliyatining tashkiliy shakli uning sessiyalaridir. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining sessiyalari tegishli Kengashning faoliyatni jamoatchilik asosida amalga oshiradigan raisi, u yo'qligida esa tegishli Kengashga saylovda eng ko'p deputatlik o'rinlarini olgan siyosiy partiyadan ilgari surilgan deputatlar tomonidan tashkil etilgan partiya guruhi rahbari tomonidan, zaruratga qarab, har chorakda kamida bir marta chaqiriladi. Sessiya xalq deputatlari tegishli Kengashi deputatlari kamida uchdan ikki qismining tashabbusiga yoki hokimning taklifiga binoan ham chaqirilishi mumkin. Kengash sessiyasini chaqirish to'g'risidagi qarordan deputatlar sessiya ochilishidan kamida uch kun oldin xabardor qilinadi. Yangi saylangan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining birinchi sessiyasi hokim tomonidan saylovdan keyin kechi bilan uch haftalik muddat ichida chaqiriladi. Kengashning birinchi sessiyasini tegishli hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasi raisi ochib beradi hamda u Kengash raisi saylanguniga qadar sessiyada raislik qiladi. Xalq deputatlari Kengashi sessiyalarida rais, u yo'qligida esa tegishli Kengashga saylovda eng ko'p deputatlik o'rinlarini olgan siyosiy partiyadan ilgari surilgan deputatlar tomonidan tashkil etilgan partiya guruhi rahbari raislik qiladi. Agar bir nechta siyosiy partiya teng miqdordagi eng ko'p deputatlik o'rinlarini egallasa, ularning o'zaro kelishuviga ko'ra tegishli partiyaning rahbari raislik qiladi. Yangi saylangan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining birinchi sessiyasi o'tkazilgan kundan e'tiboran bir oydan kechiktirmay Kengashning organlari tuziladi. Xalq deputatlari Kengashining har bir sessiyasini o'tkazish davrida deputatlar orasidan sessiya kotibi yoki kotibiyati saylanadi. Xalq deputatlari Kengashining sessiyasi, basharti unda jami deputatlarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyasida muhokama qilinayotgan masalalar bo'yicha ochiq yoki yashirin ovoz berish orqali, deputatlar umumiy sonining ko'pchilik ovozi bilan qonunda to'g'ridan-to'g'ri nazarda tutilgan masalalar bo'yicha esa deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan ko'prog'ining ovozi bilan qaror qabul qilinadi. Elektron ovoz berish tizimlari o'rnatilgan zallarda ochiq yoki yashirin ovoz berish elektron ovoz berish tizimidan foydalanilgan holda o'tkaziladi. Deputat o'zining ovoz berish huquqini shaxsan amalga oshiradi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.