Jinoyat-protsessual kodeksi

509⁷-modda. Jinoyat ishini kassatsiya instantsiyasi sudida ko'rish tartibi

(509⁷-модда Ўзбекистон Республикасининг 2023 йил 27 сентябрдаги ЎРҚ-869-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 27.09.2023 й., 03/23/869/0730-сон — 2024 йил 1 январдан кучга киради)

Kassatsiya instantsiyasi sudining majlisi raislik qiluvchi tomonidan ochiladi, u qanday jinoyat ishi va kimning kassatsiya shikoyati (protesti) bo'yicha ko'rilayotganligini e'lon qiladi. Shundan keyin raislik qiluvchi sud tarkibini e'lon qiladi, prokurorning, himoyachining, sud majlisi kotibining, shuningdek, agar sud majlisida ishtirok etayotgan bo'lsa, tarjimonning familiyasini, ismini va otasining ismini ma'lum qiladi. Raislik qiluvchi hozir bo'lgan jinoyat protsessi ishtirokchilariga ularning huquqlarini tushuntiradi va ularda rad qilishga oid arzlar hamda iltimosnomalar bor-yo'qligini, ular kassatsiya shikoyatida (protestida) bayon etilgan iltimosnomalarni quvvatlashini yoki quvvatlamasligini aniqlaydi. Bunday iltimosnomalar mavjud bo'lganda sud ular bo'yicha ajrim chiqaradi. Ishni ko'rish sudyalardan biri tomonidan birinchi instantsiya sudi hukmining, ajrimining, kassatsiya shikoyatining (protestining) mazmunini qisqacha bayon etish bilan boshlanadi. Sudyaning ma'ruzasidan keyin sud kassatsiya shikoyati (protesti) bergan taraflarning ma'ruzalarini va boshqa tarafning e'tirozlarini eshitadi. Bir nechta shikoyat mavjud bo'lgan taqdirda so'zga chiqish navbati taraflarning fikrlari hisobga olingan holda sud tomonidan belgilanadi. Agar berilgan kassatsiya shikoyatlari bilan bir qatorda prokuror bildirgan kassatsiya protesti mavjud bo'lsa, so'z birinchi navbatda prokurorga beriladi. Kassatsiya instantsiyasi sudining majlisida ishtirok etayotgan prokuror ko'rib chiqilayotgan kassatsiya shikoyatlari yuzasidan fikrini bildiradi, protestda ko'rsatilgan vajlarni bayon etadi. Sud taraflarning fikrlarini eshitib, birinchi instantsiya sudi hukmining, ajrimining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini lozim darajada tekshirish zaruratidan kelib chiqib, bevosita sud majlisida tekshirilishi lozim bo'lgan dalillar hajmini aniqlash to'g'risida, sud majlisiga mahkumni (oqlangan shaxsni), jabrlanuvchini, guvohlarni, ekspertlarni va zarurat bo'lganda boshqa shaxslarni chaqirish haqida qaror qabul qiladi. Shundan keyin sud sudning majlisiga chaqirilgan mahkumni (oqlangan shaxsni), jabrlanuvchilarni, guvohlarni so'roq qilish yo'li bilan dalillarni tekshirishga, shuningdek taraflarning iltimosnomasi bo'yicha hamda o'zining tashabbusi bilan hujjatlarni, bayonnomalarni va ishga aloqador boshqa materiallarni o'qib eshittirishga kirishadi. Dalillarni tekshirish tartibi taraflarning fikrlari inobatga olingan holda sud tomonidan belgilanadi. Taraflar kassatsiya instantsiyasi sudiga kassatsiya shikoyatida (protestida) keltirilgan vajlarni tasdiqlab yoki inkor etib, qo'shimcha materiallar taqdim etishga haqli. Birinchi instantsiya sudida so'roq qilingan guvohlar, agar sud buni zarur deb topgan bo'lsa, kassatsiya instantsiyasi sudida so'roq qilinadi. Taraflarning dalillarni, shu jumladan birinchi instantsiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillarni tekshirish to'g'risidagi va sud majlisiga guvohlarni, ekspertlarni hamda boshqa shaxslarni chaqirish haqidagi iltimosnomalari ushbu Kodeks 438-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan tartibda sud tomonidan hal etiladi. Bunda sud iltimosnomani qanoatlantirishni faqat iltimosnoma birinchi instantsiya sudi tomonidan qanoatlantirilmaganligiga asosan rad etishga haqli emas. Birinchi instantsiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillar (yangi dalillar) sud tomonidan qabul qilinadi, bunda ularni tekshirish to'g'risida iltimosnoma bergan shaxs o'ziga bog'liq bo'lmagan qaysi sabablarga ko'ra bu dalillarni birinchi instantsiya sudiga taqdim etishga imkoniyati bo'lmaganligini tushuntirib berishi kerak. Kassatsiya instantsiyasi sudi dalillarni tekshirishga, shu jumladan videokonferentsaloqa tizimidan foydalangan holda tekshirishga haqli. Sud tergovi tugallangach, sud taraflardan sud tergoviga qo'shimcha qilish yuzasidan iltimoslari bor-yo'qligini surishtiradi. Sud bu iltimoslarni hal etadi va shundan keyin taraflarning muzokaralariga o'tadi. Sud muzokaralari ushbu Kodeksning 449-moddasi qoidalari asosida o'tkaziladi, bunda shikoyat (protest) bergan shaxs birinchi bo'lib so'zga chiqadi. Taraflarning muzokaralari tamom bo'lganidan keyin raislik qiluvchi mahkumga (oqlangan shaxsga), agar u sud majlisida ishtirok etayotgan bo'lsa, oxirgi so'zni beradi, shundan so'ng sud qaror chiqarish uchun maslahatxonaga kiradi. Kassatsiya instantsiyasi sudining qarori ushbu Kodeksning 497³¹-moddasida nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi. Kassatsiya instantsiyasi sudining qarorini e'lon qilish ushbu Kodeksning 473, 497³¹-moddalari qoidalariga ko'ra amalga oshiriladi. Kassatsiya instantsiyasi sudida sud majlisining bayonnomasi yuritiladi. Sud majlisining bayonnomasi ushbu Kodeksning 426-moddasida ko'rsatilgan muddatlarda tayyorlanishi kerak. U bilan sud majlisining barcha ishtirokchilari tanishishga haqli. Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan ushbu Kodeksning427-moddasida nazarda tutilgan tartibda mulohazalar bildirilishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.