Iqtisodiy protsessual kodeksi

232⁶-modda. Arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi arizaning shakli va mazmuni

Arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi ariza yozma shaklda beriladi va arbitraj muhokamasining tarafi yoki ishda ishtirok etishga jalb etilmagan, huquq va majburiyatlari to'g'risida arbitrajning hal qiluv qarori qabul qilingan shaxslar yoki ularning vakili tomonidan imzolanadi. Arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi arizada quyidagilar ko'rsatilgan bo'lishi kerak: 1) ariza berilayotgan iqtisodiy sudning nomi; 2) arbitraj sudining nomi, arbitrajning joyi va tarkibi; 3) arbitraj muhokamasi taraflarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), ularning joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi; 4) arbitrajning hal qiluv qarori qabul qilingan sana; 5) arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi ariza bilan murojaat etgan taraf shikoyat qilinayotgan hal qiluv qarorini olgan sana; 6) arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi talab va ushbu qaror ustidan qanday asoslar bo'yicha shikoyat qilinayotganligi. Arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi arizada taraflarning telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili va boshqa ma'lumotlari ko'rsatilishi mumkin. Arbitraj muhokamasi tarafining arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi arizasiga quyidagilar ilova qilinadi: 1) arbitraj hal qiluv qarorining tasdiqlangan ko'chirma nusxasi. Doimiy arbitraj muassasasi hal qiluv qarorining ko'chirma nusxasi ushbu arbitraj muassasasining rahbari tomonidan tasdiqlanadi, muayyan nizoni hal qilish uchun tashkil etilgan arbitraj sudi hal qiluv qarorining ko'chirma nusxasidagi arbitr imzosi notarial tartibda tasdiqlangan bo'lishi kerak; 2) arbitraj kelishuvining asl nusxasi yoki uning tegishli tarzda tasdiqlangan ko'chirma nusxasi; 3) arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi talabni asoslash uchun taqdim etiladigan hujjatlar; 4) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji hamda pochta xarajatlari to'langanligini tasdiqlovchi hujjatlar; 5) arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi arizaning va unga ilova qilingan hujjatlarning ko'chirma nusxalari arbitraj muhokamasining boshqa tarafiga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat. Chet tilida tuzilgan hujjatlar iqtisodiy sudga taqdim etilayotganda, ushbu hujjatlarga ularning davlat tilidagi yoki iqtisodiy sud ishlari yuritilayotgan tildagi tegishli tarzda tasdiqlangan tarjimasi qo'shib topshirilishi kerak. Ishda ishtirok etishga jalb etilmagan, huquqlari va majburiyatlari to'g'risida arbitrajning hal qiluv qarori qabul qilingan shaxsning arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi arizasiga ushbu modda to'rtinchi qismining 3, 4 va 5-bandlarida ko'rsatilgan hujjatlar ilova qilinadi. Agar arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi ariza arbitraj muhokamasi tarafining vakili yoki ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, huquq va majburiyatlari to'g'risida arbitrajning hal qiluv qarori qabul qilingan shaxsning vakili tomonidan berilgan bo'lsa, arizaga vakilning arizani imzolashga bo'lgan vakolatini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi. Ushbu Kodeks 232⁵-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilmagan taqdirda, ushbu Kodeksning 154-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga ko'ra arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi arizani qabul qilish rad etilishi lozim. Ushbu Kodeks 37-moddasining beshinchi qismida, mazkur moddaning birinchi, ikkinchi, to'rtinchi — yettinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilmagan taqdirda, arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish to'g'risidagi ariza ushbu Kodeksning 155-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga ko'ra arizachiga qaytariladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.