O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil (bundan buyon matnda Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo'yicha vakil deb yuritiladi) investitsiya faoliyati sohasida:
O'zbekiston Respublikasida investitsiya faoliyatini amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan masalalar bo'yicha investorlarning va investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning murojaatlarini ko'rib chiqadi hamda ularni hal etish uchun tavsiyalar beradi, shu jumladan mazkur masalada davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan o'zaro hamkorlik qilgan holda tavsiyalar beradi;
yuzaga keladigan masalalarni suddan tashqari va sudga qadar tartibda hal etishda investorlarga ko'maklashadi;
investitsiyalar va investitsiya faoliyati to'g'risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo'yicha takliflarni ishlab chiqadi hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritadi;
investorga uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, shu jumladan ularni himoya qilish shakllari va usullariga taalluqli masalalarni tushuntiradi;
investorlarning murojaatlari va davlat boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining eshituvlari natijalarini tahlil qiladi;
qonunchilikni tahlil qiladi va investorlarning huquqlarini buzadigan yoki xo'jalik faoliyatini yuritishni qiyinlashtiradigan normalarni aniqlaydi hamda natijasi bo'yicha investorlarning buzilgan huquqlarini, erkinliklarini tiklash va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun tavsiyalar ishlab chiqadi;
tegishli davlat boshqaruvi organiga investorlarning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklashga qaratilgan tavsiyalar kiritadi.
Tavsiyalar olgan davlat boshqaruvi organi va mahalliy davlat hokimiyati organi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo'yicha vakilga tavsiyalarni ko'rib chiqish natijalari to'g'risida yozma javob taqdim etadi.
Zarur bo'lgan taqdirda, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo'yicha vakil davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlaridan, mulkchilik shaklidan qat'i nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan investorlarning hamda investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning murojaatlarini ko'rib chiqish uchun zarur bo'lgan axborotni so'rab oladi, bundan davlat sirlarini yoki qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi axborot mustasno.
lex.uz’dagi asl matn«Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to'g'risida»gi qonun
33-modda. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakilning investitsiya faoliyati sohasidagi vakolatlari
(33-модда биринчи қисмининг тўртинчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2021 йил 21 апрелдаги ЎРҚ-683-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 21.04.2021 й., 03/21/683/0375-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.