Qarzdorni ko'chirish to'g'risidagi ijro hujjati davlat ijrochisi belgilagan muddatda ijro etilmagan taqdirda ko'chirish davlat ijrochisi tomonidan majburiy tartibda amalga oshiriladi.
Davlat ijrochisi majburiy ko'chirish kuni va vaqti to'g'risida qarzdorga rasman ma'lum qiladi. Ko'chirish kuni to'g'risida xabardor qilingan qarzdorning hozir bo'lmasligi ijro hujjatini ijro etish uchun to'sqinlik qilmaydi.
Ko'chirish ijro hujjatida ko'rsatilgan xonani ko'chiriluvchidan, uning mol-mulkidan, uy hayvonlaridan bo'shatishdan va ko'chiriluvchining bo'shatilgan xonadan foydalanishini man qilishdan iborat bo'ladi.
Ko'chirish xolislar ishtirokida, zarur hollarda — ichki ishlar organlari xodimlarining ko'magida, davlat ijrochisi tomonidan mol-mulkni albatta xatlagan holda amalga oshiriladi.
Davlat ijrochisi zarur hollarda qilinadigan xarajatlarni qarzdorning zimmasiga yuklagan holda uning mol-mulki saqlanishini ta'minlaydi.
Agar qarzdor uydan ko'chirilgan kundan e'tiboran olti oy ichida mazkur mol-mulkni olib ketmasa, davlat ijrochisi qarzdorni yozma shaklda ogohlantirganidan so'ng mazkur mol-mulkni ushbu Qonunda belgilangan tartibda realizatsiya qilishga topshiradi.
Qarzdorning mol-mulkini realizatsiya qilishdan tushgan va ijro yig'imi, davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga solingan jarimalar va ijro xarajatlarining o'rni qoplanganidan keyin ortib qolgan pul mablag'lari qarzdorga qaytariladi. Qarzdor tomonidan talab qilib olinmagan pul mablag'lari Majburiy ijro byurosi organining depozit hisobvarag'ida uch yil mobaynida saqlanadi. Mazkur pul mablag'lari ushbu muddat o'tganidan so'ng O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjetiga o'tkaziladi.
Ko'chirish to'g'risidagi ijro hujjatini ijro etish davlat ijrochisi tomonidan ko'chirish to'g'risida dalolatnoma tuzish orqali rasmiylashtiriladi.
lex.uz’dagi asl matn«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risida»gi qonun
73-modda. Qarzdorni ko'chirish to'g'risidagi ijro hujjatini ijro etish
(73-модданинг матни Ўзбекистон Республикасининг 2019 йил 30 июлдаги ЎРҚ-551-сонли Қонуни таҳририда — Қонун ҳужжатлари маълумотлари миллий базаси, 30.07.2019 й., 03/19/551/3493-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.