Ijro hujjatlari quyidagi muddatlarda ijroga topshirilishi mumkin:
1) sud hujjatlari asosida beriladigan ijro varaqalari — uch yil ichida;
2) hakamlik sudining qarorlarini yoki mediativ kelishuvni majburiy ijro etish to'g'risidagi sud hujjatlari asosida beriladigan ijro varaqalari — olti oy mobaynida;
3) notariuslarning ijro xatlari — uch yil mobaynida;
4) mehnat nizolari komissiyalarining guvohnomalari — uch oy mobaynida;
5) ishlarni ma'muriy tartibda ko'rish vakolatiga ega organlarning (mansabdor shaxslarning) qarorlari — uch oy mobaynida.
Boshqa ijro hujjatlarini ijroga topshirish muddatlari tegishli ijro hujjatlarini berish shartlari va tartibini belgilovchi qonunchilik hujjatlarida ko'rsatiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan muddatlar quyidagicha hisoblanadi:
1) ushbu modda birinchi qismining 1-bandida qayd etilgan ijro hujjatlari (sud buyrug'i bundan mustasno) ijroga topshirilganda — sud hujjati qonuniy kuchga kirgan yoki uning ijrosini kechiktirish yoki bo'lib-bo'lib ijro etish uchun belgilangan muddat tugagan kundan boshlab yoxud ijro hujjatini ijroga topshirishning o'tkazib yuborilgan muddatini tiklash to'g'risidagi ajrim chiqarilgan kundan boshlab, sud hujjati darhol ijro etilishi lozim bo'lgan hollarda esa — hujjat chiqarilgan kunning ertasidan boshlab;
2) sud buyruqlari ijroga topshirilganda — ular berilgan kundan boshlab o'n kunlik muddat o'tganidan keyin;
3) ushbu modda birinchi qismining 5-bandida qayd etilgan ijro hujjatlari ijroga topshirilganda — qaror chiqarilgan kundan boshlab.
Ushbu moddaning birinchi qismida qayd etilgan boshqa barcha ijro hujjatlari bo'yicha ularni ijroga topshirish muddatlari, agar qonunda boshqacha tartib belgilangan bo'lmasa, ular berilgan kunning ertasidan boshlab hisoblanadi.
Davriy to'lovlarni undirish to'g'risidagi (alimentlar undirish, sog'liqqa shikast yetkazilgani oqibatidagi zararni qoplash to'g'risidagi va shu kabi ishlarga doir) sud hujjatlari bo'yicha ijro hujjatlari to'lovlarni undirishning belgilangan butun davrida o'z kuchini saqlab qoladi. Bunday tartib alimentlar to'lash to'g'risidagi notarial tarzda tasdiqlangan kelishuvlarga nisbatan ham amal qiladi. Bunday hollarda ijro hujjatlarini ijroga topshirish muddatlari har bir to'lov uchun alohida hisoblanadi.
lex.uz’dagi asl matn«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risida»gi qonun
27-modda. Ijro hujjatlarini ijroga topshirish muddatlari
(27-модда биринчи қисмининг 2-банди Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 20 октябрдаги ЎРҚ-1089-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 20.10.2025 й., 03/25/1089/0953-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.