Fuqarolik kodeksi

1068-modda. Mualliflik shartnomasining shartlari

(1068-модда матни Ўзбекистон Республикасининг 2007 йил 16 январдаги ЎРҚ-79-сонли Қонуни таҳририда — ЎР ҚҲТ, 2007 й., 3-сон, 21-модда)

Mualliflik shartnomasida quyidagilar nazarda tutilishi kerak: asardan foydalanish usullari (mazkur shartnoma asosida o'tkaziladigan aniq huquqlar); asardan foydalanishning har bir usuli uchun to'lanadigan haq miqdori va (yoki) to'lanadigan haq miqdorini belgilash tartibi, uni to'lash tartibi hamda muddatlari. Mualliflik shartnomasi taraflar zarur deb topgan boshqa shartlarni ham nazarda tutishi mumkin. Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi qancha muddatga o'tkazilishi to'g'risida shart bo'lmagan taqdirda, shartnoma tuzilgan sanadan boshlab besh yil o'tganidan keyin, agar foydalanuvchi shartnoma bekor qilinguniga qadar kamida olti oy oldin bu haqda yozma ravishda ogohlantirilgan bo'lsa, shartnoma muallif tomonidan bekor qilinishi mumkin. Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi amal qiladigan hudud doirasi to'g'risida shart bo'lmagan taqdirda, shartnomaga binoan boshqa shaxsga o'tkazilayotgan huquqning amal qilishi O'zbekiston Respublikasi hududi bilan cheklanadi. Boshqa shaxsga o'tkazilishi mualliflik shartnomasida to'g'ridan-to'g'ri nazarda tutilmagan asardan foydalanish huquqlari boshqa shaxsga o'tkazilmagan deb hisoblanadi. Shartnoma tuzilgan paytda asardan foydalanish haqida hali ma'lum bo'lmagan huquqlar mualliflik shartnomasi predmeti bo'lishi mumkin emas. To'lanadigan haq mualliflik shartnomasida asardan foydalanishning tegishli usuli uchun olinadigan daromaddan foiz tarzida belgilanadi yoki agar buni asarning xususiyati yoki undan foydalanishning o'ziga xos jihatlari bilan bog'liq holda amalga oshirish mumkin bo'lmasa, shartnomada qayd etilgan summa tarzida yoxud boshqacha tarzda belgilanadi. Mazkur haqning eng kam miqdorlari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Agar asarni nashr etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish haqidagi mualliflik shartnomasida haq to'lash qat'iy summa tarzida belgilansa, shartnomada asarning eng ko'p adadi belgilab qo'yilishi shart. Mualliflik shartnomasi bo'yicha o'tkazilgan huquqlar bunday shartnomada to'g'ridan-to'g'ri nazarda tutilgan taqdirdagina boshqa shaxslarga to'liq yoki qisman o'tkazilishi mumkin. Mualliflik shartnomasining muallifni kelgusida mazkur mavzuda yoki mazkur sohada asarlar yaratishini cheklaydigan sharti o'z-o'zidan haqiqiy bo'lmaydi. Mualliflik shartnomasining ushbu Kodeks yoki boshqa qonunlar talablariga zid bo'lgan shartlari haqiqiy emas.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.