Yo'l harakati to'g'risidagi qonun

49-modda. Transport vositalarini boshqarishga doir tibbiy qarshi ko'rsatmalar mavjud emasligi yuzasidan tibbiy tekshiruvdan o'tish tartibi

Tibbiy tekshiruv o'ziga tibbiy tekshiruvni o'tkazish ruxsat etilgan tibbiyot muassasasi tomonidan, tekshiruvdan o'tayotgan shaxs shaxsini tasdiqlovchi hujjatni (identifikatsiyalovchi ID-kartasini, pasportini, shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatini) ko'rsatgach o'tkaziladi. Tibbiy tekshiruvni o'tkazish uchun tibbiyot muassasasi tomonidan maxsus tibbiy komissiya tuziladi. Tibbiy komissiya tarkibi tibbiyot muassasasining ma'muriyati tomonidan tasdiqlanadi. Tibbiy komissiya tibbiy tekshiruvdan o'tkazish bilan bog'liq ma'lumotlarni aks ettirish uchun tibbiy tekshiruvdan o'tayotgan shaxslarning ambulatoriya kartalarini yuritadi. Ambulatoriya kartasida tibbiy tekshiruvni o'tkazishda ishtirok etayotgan barcha shifokorlar va mutaxassislarning tibbiy tekshiruvdan o'tayotgan shaxs xususidagi tibbiy xulosalari ko'rsatilishi kerak. Tibbiy tekshiruv natijalariga ko'ra tibbiyot muassasasi transport vositalarini boshqarishga doir tibbiy qarshi ko'rsatmalar mavjudligi (mavjud emasligi) to'g'risidagi tibbiy komissiya xulosasini elektron shaklda rasmiylashtiradi va axborotning maxfiyligi ta'minlangan holda xulosani tibbiy tekshiruv o'tkazilgan paytdan e'tiboran bir ish kuni ichida Davlat yo'l harakati xavfsizligi xizmatiga axborot tizimi orqali yuboradi. Tibbiy komissiya xulosasining ko'chirma nusxasi tibbiy tekshiruvdan o'tgan shaxsga beriladi. Tibbiyot muassasalariga tibbiy yordam so'rab murojaat qilgan fuqarolarda ushbu Qonunning ilovasida qayd etilgan tibbiy qarshi ko'rsatmalar aniqlangan taqdirda, mazkur axborot uning maxfiyligi ta'minlangan holda, tibbiyot muassasalari tomonidan Davlat yo'l harakati xavfsizligi xizmatiga axborot tizimi orqali yuboriladi. Tibbiy komissiyaning transport vositalarini boshqarishga doir tibbiy qarshi ko'rsatmalar mavjudligi to'g'risidagi xulosasi, shuningdek ushbu Qonunning ilovasida ko'rsatilgan kasalliklar aniqlanganligi haqidagi axborot avtomototransport vositalarining hamda shahar elektr transporti vositalarining haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo'yicha ta'lim tashkilotlariga nomzodlarning hujjatlarini qabul qilishni rad etish hamda sudlar tomonidan haydovchilarni transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etish uchun asos bo'ladi. Tibbiy komissiyalarning transport vositalarini boshqarishga doir tibbiy qarshi ko'rsatmalar mavjudligi (mavjud emasligi) to'g'risidagi xulosalarini (axborotini) kiritish, ularning hisobini yuritish bo'yicha axborot tizimining ishlash tartibi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.