Yo'l harakati to'g'risidagi qonun

31-modda. Yo'l harakatini tashkil etish loyihalarining auditi

Yo'l harakatini tashkil etish loyihalari yo'l harakati xavfsizligi talablariga muvofiqlik yuzasidan auditdan o'tkaziladi. Yo'l harakatini tashkil etish loyihalarining auditi maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan mustaqil ravishda yoki shunday auditni o'tkazish huquqiga ega bo'lgan tadbirkorlik sub'yekti shartnoma asosida jalb etilgan holda o'tkaziladi. Yo'l harakatini tashkil etish loyihalarining auditi quyidagi bosqichlarda o'tkaziladi: asoslantirish (rejalashtirish); xomaki loyihalashtirish; batafsil loyihalashtirish; yo'lni foydalanishga topshirishdan oldin; yo'lni foydalanishga topshirilganidan keyin. Yo'l harakatini tashkil etish loyihalarining auditi u qaysi bosqichda o'tkazilganligiga qarab quyidagi turlarga bo'linadi: yo'lni qurish yoki rekonstruktsiya qilish xavfsizligi auditi; foydalaniladigan yo'lning xavfsizligi auditi; o'ziga xos maqsadga mo'ljallangan yo'l ob'yektlarining xavfsizligi auditi. Yo'l harakatini tashkil etish loyihalarining auditi quyidagi vazifalarni hal etishga qaratiladi: ob'yektdan foydalanish chog'ida yo'l-transport hodisalarining ro'y berishi ehtimolini imkon qadar kamaytirish; xavfni to'liq bartaraf etish imkoni bo'lmagan yo'l uchastkalarida ro'y berishi mumkin bo'lgan yo'l-transport hodisalarining oqibatlarini imkon qadar kamaytirish uchun samarali yechimlarni qo'llash; yo'llarni loyihalashtirish va qurish bosqichlarida kamchiliklarni aniqlash hamda bartaraf etish orqali yo'ldan foydalanish chog'ida kamchiliklarni bartaraf etishga doir xarajatlarni kamaytirish. Yo'l harakatini tashkil etish loyihalarining auditi natijasida tayyorlangan tavsiyalar tegishli bosqichda buyurtmachiga va ishlarni bajaruvchilarga (rejalashtiruvchi tashkilotga, loyihalashtiruvchi tashkilotga, pudratchi tashkilotga, foydalanuvchi tashkilotga) ko'rib chiqish uchun taqdim etiladi. Yo'l harakatini tashkil etish loyihasining auditi natijalari bo'yicha xulosa tuzilib, unda yo'l harakatini tashkil etish loyihasi qonunchilik talablariga muvofiq ekanligi yoki muvofiq emasligi ko'rsatiladi. Agar yo'l harakatini tashkil etish loyihasining auditi natijasida loyihaning qonunchilik talablariga muvofiq emasligi aniqlansa, mazkur loyihaga tegishli o'zgartishlar kiritiladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.