Yer kodeksi

44¹-modda. Sug'oriladigan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga yoki sug'orilmaydigan yerlarga o'tkazish

(44¹-модда Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 5 майдаги ЎРҚ-1062-сонли Қонунига асосан киритилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 05.05.2025 й., 03/25/1062/0410-сон)

Sug'oriladigan yerlar maxsus muhofaza qilinishi lozim. Ushbu yerlarni yer fondining boshqa toifasiga yoki sug'orilmaydigan yerlarga o'tkazish alohida hollarda, tuproq-meliorativ va iqtisodiy sharoitlar, yerlarning suv bilan ta'minlanganligi darajasi, shuningdek suv resurslarining mavjudligi hamda ularga doir limitlar hisobga olingan holda, O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligining, O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligining hamda O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining xulosalariga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan amalga oshiriladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xulosalarni olish uchun viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan quyidagi ma'lumotlarni o'z ichiga olgan hujjatlar taqdim etiladi: 1) yer uchastkasining joylashgan joyi, maydoni, kadastr raqami, konturlari soni va raqami, tuproq tipi, tarkibi, sifati va unumdorligi, suv bilan ta'minlanganlik darajasi, yerga bo'lgan huquq egasi; 2) yer uchastkasini bo'sh turgan yer uchastkasi sifatida hisobga olish to'g'risidagi qarorning sanasi va raqami, bundan yer uchastkasidan qishloq xo'jaligiga xizmat ko'rsatuvchi yerlar sifatida foydalanish hollari mustasno; 3) yer uchastkasidan keyingi besh yil ichida foydalanish holati, bundan buyon undan sug'oriladigan yerlar sifatida foydalanish maqsadga muvofiq emasligini asoslovchi tuproq-meliorativ va iqtisodiy sharoitlar, suv bilan ta'minlanish darajasidagi o'zgarishlar, shuningdek ushbu vaziyatlarning yuzaga kelishiga sabab bo'lgan va ularni bartaraf etishga to'sqinlik qiladigan holatlar; 4) qishloq xo'jaligi va o'rmon xo'jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining miqdori, ularning o'rnini qoplash manbalari va muddatlari, qoplashdan tushgan mablag'larni sarflash yo'nalishlari; 5) tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish, saqlash va undan foydalanish tadbirlari, ushbu tadbirlarni amalga oshirish muddatlari, ijrochilari va moliyalashtirish manbalari; 6) o'sha hududning o'zida yoki boshqa ma'muriy-hududiy birlikda joylashgan, sug'oriladigan yerlar o'rniga ularning maydonidan kam bo'lmagan miqdorda ikki yil ichida yangidan o'zlashtiriladigan va sug'oriladigan yerlarga o'tkaziladigan yer uchastkalari to'g'risida ushbu qismning 1-bandida nazarda tutilgan ma'lumotlar, ushbu tadbirlarni amalga oshirish muddatlari, ijrochilari va moliyalashtirish manbalari; 7) yer uchastkasidan kelgusida foydalanish maqsadi. Bunda sug'oriladigan yerlarni sanoat ob'yektlari, yakka tartibdagi va ko'p kvartirali uy-joylar qurish uchun ajratishga ushbu maqsadlar uchun ilgari ajratilgan hududlarda bo'sh turgan yer uchastkalari qolmagan taqdirda hamda renovatsiya va rekonstruktsiya qilish orqali mavjud quvvatlarni oshirish choralari ko'rilganidan keyin, shuningdek sanoat maqsadlarida ko'p qavatli ishlab chiqarish maydonlarini ustuvor tartibda qurish sharti bilan yo'l qo'yiladi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida ko'rsatilgan hujjatlar to'liq taqdim etilgan taqdirda har bir organ bildirilgan taklifni amalga oshirishning maqsadga muvofiq ekanligi yoki maqsadga muvofiq emasligi haqida bir oy ichida o'z xulosasini taqdim etadi. Sug'oriladigan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga yoki sug'orilmaydigan yerlarga o'tkazish maqsadga muvofiq emasligi to'g'risida kamida ikkita organ tomonidan xulosalar taqdim etilgan hollarda mazkur masala ko'rib chiqilmaydi. Xulosalar O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida faoliyat ko'rsatadigan Hukumat komissiyasi tomonidan umumlashtiriladi va ko'rib chiqish uchun yarim yilda bir marta farmoyish loyihasi bilan birga O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etiladi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi loyihasida ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan ma'lumotlar to'liq ko'rsatilishi kerak.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.