Qishloq xo'jaligida foydalanish va sug'orish uchun yaroqli bo'lgan, suv resurslari shu yerlarni sug'orishni ta'minlay oladigan sug'orish manbai bilan bog'langan doimiy yoki muvaqqat sug'orish tarmog'iga ega bo'lgan yerlar sug'oriladigan yerlar jumlasiga kiradi.
Yer fondining boshqa toifalariga taalluqli bo'lgan sug'oriladigan yerlar ham davlat yer kadastrida sug'oriladigan yerlar sifatida hisobga olinadi. Agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo'lsa, mazkur yerlarga nisbatan ushbu Kodeksda sug'oriladigan yerlar uchun belgilangan barcha talablar va shartlar tatbiq etiladi.
Suv xo'jaligi organlari sug'oriladigan yeri bo'lgan yer egalari va yerdan foydalanuvchilarni manbalarning sersuvligini hisobga olgan holda joriy etilgan limitlar bo'yicha suv to'g'risidagi qonunchilik bilan belgilanadigan tartibda suv bilan ta'minlashi shart.
Sug'oriladigan yerlardan faqat qishloq xo'jaligi ekinlarini yetishtirish, shuningdek bog'dorchilik, uzumchilik va ko'p yillik dov-daraxtlar yetishtirish uchun foydalanilishi mumkin.
Sug'oriladigan yerlarni qishloq xo'jaligidan boshqa maqsadlar uchun, shu jumladan sanoat va fuqarolik ob'yektlari (binolar va inshootlar) qurilishi uchun, shuningdek unumdor tuproq talab etilmaydigan ilg'or texnologiyalarning (gidroponika va boshqalar) yangi usullari qo'llaniladigan issiqxonalar qurilishi uchun ajratishga yo'l qo'yilmaydi.
Sug'oriladigan yerlarda qishloq xo'jaligi ekinlarini yetishtirishda ularga tuproq unumdorligi pasayishiga olib keladigan tarzda usullar bilan ishlov berish yoki ularning shikastlanishiga olib keluvchi boshqa usullarni qo'llash taqiqlanadi.
lex.uz’dagi asl matnYer kodeksi
44-modda. Sug'oriladigan yerlar
(44-модданинг иккинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 5 майдаги ЎРҚ-1062-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 05.05.2025 й., 03/25/1062/0410-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.