Водный кодекс

120-modda. Kichik daryolar va soylarni muhofaza qilish

Kichik daryolar va soylardan foydalanish suvdan umumiy yoki maxsus foydalanish tartibida amalga oshiriladi. Kichik daryolar va soylar suvlarini muhofaza qilish zonalari va mintaqalari doirasida suvdan umumiy foydalanishni hamda xo'jalik faoliyatini amalga oshirish tartibi, shuningdek ularning bulg'alanishi, ifloslanishi va kamayishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish chora-tadbirlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi organlari, suv xo'jaligi organlari hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasining organlari bilan kelishuvga ko'ra belgilanadi. Sel kelish xavfi bo'lgan hududlarda suvdan umumiy foydalanish, xo'jalik faoliyatini va ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish favqulodda vaziyatlardan himoya qilish sohasidagi maxsus vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan ham kelishiladi. Xo'jalik faoliyati kichik daryolar va soylarning holati va rejimiga salbiy ta'sir ko'rsatadigan muassasalar, tashkilotlar, fermer va dehqon xo'jaliklari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar suv xo'jaligi organlari hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi organlari bilan birgalikda suvlilikni, suvning tozaligi va sifatini saqlash tadbirlarini amalga oshirishi kerak. Kichik daryolar va soylarning suvliligini saqlash maqsadida ushbu daryolar va soylarda quyidagilar taqiqlanadi: havzaning relyefini o'zgartirish, qurib borayotgan daryolarning va ular oqimlarining o'zanlarini buzish, o'zgartirish; o'zanlarni to'g'irlash yoki toraytirish, ularning tubini tabiiy sathidan past qilib chuqurlashtirish yoxud ularni suv o'tkazish inshootlari bilan jihozlamasdan to'sib qo'yish; havzaning tabiiy o'simliklar qoplamini va serdaraxtligini kamaytirish, qayir yerlarni shudgorlash va bunday yerlarda kimyoviy o'g'itlar vositalarini qo'llash; yuqori qismidagi botqoqlashgan uchastkalarda va tabiiy yerlarda quritish melioratsiya ishlarini amalga oshirish; suvliligiga va ulardagi suvning sifatiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan boshqa faoliyatni amalga oshirish. Kichik daryolar va soylarning suvini muhofaza qilish zonalari, sohil bo'yi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalari, korxonalar, tashkilotlar hamda muassasalarning, shuningdek fuqarolarning ushbu zonalar va hududlardagi xo'jalik faoliyati rejimi ushbu Kodeks hamda boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.