«Sug'urta faoliyati to'g'risida»gi qonun

47-modda. Vakolatli davlat organi

(47-модданинг биринчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2026 йил 22 июндаги ЎРҚ 1154-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 23.06.2026 й., 03/26/1154/0618-сон)

Sug'urta faoliyatini litsenziyalash, ruxsat berish, xabardor qilish, tartibga solish hamda prudentsial nazorat bo'yicha vakolatlarni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi. Vakolatli davlat organi: bajarilishi majburiy bo'lgan to'lovga qobiliyatlilik normativlarini hamda ularni aniqlash tartibini, ayrim tavakkalchiliklar bo'yicha sug'urtalovchilar (qayta sug'urtalovchilar) majburiyatlarining yo'l qo'yiladigan eng ko'p yoki eng kam miqdorini va majburiyatlarning jami miqdorini hisoblab chiqarish uslubini, sug'urtalovchilarning (qayta sug'urtalovchilarning) to'lovga qobiliyatliligiga doir axborotni taqdim etish tartibi va muddatlarini belgilaydi; sug'urta bozorining professional ishtirokchilari tomonidan sug'urta faoliyati to'g'risidagi qonunchilikka rioya etilishini, to'lovga qobiliyatlilikning belgilangan normativlari va ularning moliyaviy barqarorligining boshqa talablari ta'minlanishini nazorat qiladi; sug'urtalovchilarning (qayta sug'urtalovchilarning) va sug'urta brokerlarining sug'urta faoliyatini litsenziyalaydi, qayta sug'urta brokeri, sug'urta syurveyeri, adjaster, aktuar tashkilot va assistans faoliyati yuzasidan xabardor qilish tartib-taomillarini amalga oshiradi hamda ularning reyestrini yuritadi; sug'urtalovchilarning (qayta sug'urtalovchilarning) sug'urta zaxiralari mablag'larini shakllantirish hamda joylashtirish tartibi va shartlarini, shuningdek bunday mablag'larning hisobini yuritish va ular bo'yicha hisobotlar tuzish tartibini belgilaydi; sug'urta zaxiralari mablag'larining eng kam miqdorini belgilaydi; sug'urtalovchilar (qayta sug'urtalovchilar) tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy hisobotlarning va ular tomonidan e'lon qilinadigan yillik moliyaviy hisobotning shaklini, shuningdek uni taqdim etish hamda e'lon qilish tartibi va muddatlarini belgilaydi; qonunchilikka muvofiq sug'urta bozori professional ishtirokchilarining faoliyatini tekshirishni amalga oshiradi va ularga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to'g'risida, shu jumladan sug'urta xizmatlari iste'molchilari huquqlarining buzilishiga olib keluvchi sabablarni bartaraf etish haqida ijro qilinishi majburiy bo'lgan ko'rsatmalar kiritadi; sug'urtalovchi (qayta sug'urtalovchi) tomonidan sug'urta faoliyati to'g'risidagi qonunchilik, shu jumladan belgilangan iqtisodiy normativlar buzilganligi uchun sug'urtalovchining (qayta sug'urtalovchining) ustav fondi (ustav kapitali) eng kam miqdorining 0,1 foizigacha miqdorida, belgilangan tartibda jarima soladi; sug'urtalovchilar (qayta sug'urtalovchilar) va sug'urta brokerlari litsenziyalarining amal qilishini qonunchilikda belgilangan tartibda to'liq yoki ayrim sug'urta klasslariga nisbatan to'xtatib turadi, bekor qiladi, shuningdek ularning faoliyatini tugatish to'g'risida sudga murojaat qiladi; jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga hamda terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg'in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to'g'risidagi qonunchilik buzilganligi aniqlangan taqdirda, sug'urtalovchilarga (qayta sug'urtalovchilarga) hamda sug'urta vositachilariga nisbatan qonunchilikka muvofiq choralar va sanktsiyalar qo'llaydi; sug'urta faoliyatini tartibga solish va uni nazorat qilish borasidagi faoliyat to'g'risida yillik hisobotlarni, shuningdek sug'urta bozorining moliya yili davomidagi faoliyati haqidagi statistik ma'lumotlarni rasmiy veb-saytida va ommaviy axborot vositalarida har bir moliya yili tugaganidan keyin olti oy ichida e'lon qiladi; sug'urtalovchilarning (qayta sug'urtalovchilarning) investitsiya faoliyatini amalga oshirish tartibi hamda shartlarini belgilaydi; sug'urta agentlari faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi; sug'urtalovchilarga nisbatan choralar va sanktsiyalarni qo'llash tartibini belgilaydi; sug'urta xizmatlarini elektron shaklda ko'rsatish tartibini belgilaydi; o'z vakolatlarini amalga oshirish uchun zarur bo'lgan axborotni davlat organlari va tashkilotlaridan so'rab oladi; aktuar xizmatlari ko'rsatish tartibini belgilaydi; aktuariy malaka sertifikatini olish uchun o'quv dasturlarini hamda malaka imtihonlari topshirish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, mazkur sertifikatni olish huquqi uchun malaka imtihonini o'tkazadi; belgilangan tartibda aktuariy malaka sertifikatini beradi, uning amal qilishini tugatadi va uni bekor qiladi, malaka sertifikatiga ega bo'lgan aktuariylar reyestrini yuritadi; sug'urta bozorining professional ishtirokchilaridan nazorat qilish vazifalariga oid axborotni so'rab oladi; qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi. Vakolatli davlat organi va uning xodimlari sug'urta bozori professional ishtirokchilarining ustav fondida (ustav kapitalida) hamda boshqaruv organlarida ishtirok etishga, shuningdek sug'urta vositachisi sifatida ish yuritishga haqli emas, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.