Ushbu Kodeksning 461-moddasi birinchi qismi 1-bandida ko'rsatilgan soliq to'lovchilar qo'shilgan qiymat solig'i va foyda solig'ini to'lash o'rniga aylanmadan olinadigan soliq (bundan buyon ushbu bo'limda soliq deb yuritiladi) to'lashni nazarda tutadigan maxsus soliq rejimini tanlashga haqli.
Ushbu Kodeksning 461-moddasi birinchi qismi 1-bandida ko'rsatilgan soliq to'lovchilar aylanmadan olinadigan soliq to'lashga navbatdagi soliq davridan boshlab o'tishga haqli. Aylanmadan olinadigan soliqni to'lashga o'tish uchun soliq to'lovchilar aylanmadan olinadigan soliqni to'lashga o'tishi to'g'risida soliq hisobida turgan joyidagi soliq organini O'zbekiston Respublikasi Soliq qo'mitasi tomonidan belgilangan shaklda, biroq aylanmadan olinadigan soliqni to'lashga o'tilayotgan navbatdagi soliq davri boshlanishiga qadar o'n kundan kechiktirmay xabardor qiladi.
Ushbu Kodeks 461-moddasi birinchi qismining 2-bandida ko'rsatilgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o'zini o'zi band qilgan shaxslar aylanmadan olinadigan soliqni to'lash o'rniga qo'shilgan qiymat solig'ini va foyda solig'ini to'lashga o'tishga haqli.
Yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar davlat ro'yxatidan o'tkazilgan kundan e'tiboran tadbirkorlik faoliyati sub'yektini davlat ro'yxatidan o'tkazish chog'ida tanlangan soliq solish tartibini ko'rsatish orqali aylanmadan olinadigan soliqni to'lash tartibini tanlash huquqiga ega.
Yuridik shaxslar aylanmadan olinadigan soliqni qo'llashni ushbu Kodeksning 237-moddasiga muvofiq qo'shilgan qiymat solig'ini to'lovchi sifatida ro'yxatdan o'tish uchun va bir vaqtning o'zida aylanmadan olinadigan soliqni to'lashni rad etishga doir ariza berilgan oydan keyingi oyning 1-sanasidan boshlab ixtiyoriy ravishda rad etishga haqli.
Qo'shilgan qiymat solig'ini va foyda solig'ini to'lashga ixtiyoriy ravishda o'tgan soliq to'lovchilar, basharti joriy soliq davri yakunlari bo'yicha tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan jami daromadlari bir milliard so'mdan oshmagan bo'lsa, aylanmadan olinadigan soliqni to'lashga kamida o'n ikki oydan keyin qayta o'tishga haqli.
Soliq davri davomida jami daromadi bir milliard so'mdan oshgan soliq to'lovchilar, shu jumladan yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar va yangi ro'yxatdan o'tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar, o'zini o'zi band qilgan shaxslar jami daromadi ko'rsatilgan miqdorga yetgan kundan e'tiboran qo'shilgan qiymat solig'ini va foyda solig'ini to'lashga o'tadi.
Agar yangi tashkil etilgan yuridik shaxsning jami daromad summasi, yangi ro'yxatdan o'tgan yakka tartibdagi tadbirkorda yoki o'zini o'zi band qilgan shaxsda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromad summasi bir milliard so'm uch yuz oltmish beshga bo'lingan va soliq to'lovchi ro'yxatdan o'tgan sanadan to kalendar yil tugaguniga qadar bo'lgan kunlar soniga ko'paytirilgandagi summadan oshsa, u holda bunday shaxslar ro'yxatdan o'tilgan yildan keyingi yildan e'tiboran qo'shilgan qiymat solig'ini va foyda solig'ini to'lashga o'tadi.
Vositachilik, topshiriq shartnomasi va vositachilik xizmatlari ko'rsatishga oid boshqa shartnomalar bo'yicha vositachilik xizmatlari ko'rsatuvchi soliq to'lovchilar, shu jumladan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko'rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadni realizatsiya qilish bo'yicha umumiy aylanmadan (bitim summalaridan) kelib chiqqan holda aniqlaydi.
Bo'sh turgan binolar, yashash uchun mo'ljallanmagan inshootlar va qurilishi tugallanmagan ob'yektlar, shuningdek foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdori bo'lgan yuridik shaxslar, ularni samarasiz foydalanayotganligi bo'yicha xulosa chiqarilgan oydan keyingi oyning sanasidan e'tiboran qo'shilgan qiymat solig'ini va foyda solig'ini to'lashga o'tadi.
Qurilishi tugallanmagan ob'yektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarining mulkdorlari bo'lgan yuridik shaxslar, investitsion loyihaning amalga oshirilmaganligi to'g'risida xulosa berishga vakolati bo'lgan vakolatli organning xulosasi chiqarilgan sanadan e'tiboran qo'shilgan qiymat solig'ini va foyda solig'ini to'lashga o'tadi.
Moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari hisobidan ob'yektlar qurilishini (bundan joriy va kapital ta'mirlash mustasno) bajaruvchi yuridik shaxslar bunday qurilishga doir shartnoma tuzilgan sanadan e'tiboran qo'shilgan qiymat solig'i va foyda solig'ini to'lashga o'tadi.
O'zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib kirishni (importni) amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o'zini o'zi band qilgan shaxslar qaysi sana oldinroq kelishiga qarab import shartnomasi tuzilgan yoki tovarlar olib kirilgan (import qilingan) sanadan boshlab qo'shilgan qiymat solig'ini hamda foyda solig'ini to'lashga o'tadi.
Ushbu Kodeks 461-moddasi ikkinchi qismining 2, 4, 5, 9 va 11-bandlarida nazarda tutilgan shaxslar tegishli ruxsatnomalarni (litsenziyalarni) olgan yoki o'z faoliyatini boshlaganligi to'g'risida vakolatli organni xabardor qilgan sanadan boshlab qo'shilgan qiymat solig'ini hamda foyda solig'ini to'lashga o'tadi.
Qishloq xo'jaligi tovarlarini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarda yigirma besh gektar va undan ortiq sug'oriladigan qishloq xo'jaligi ekinlari mavjud bo'lgan taqdirda, ular ko'rsatilgan yer uchastkasiga bo'lgan huquqni yoki ushbu yer uchastkasining maydoni o'zgarganligini tasdiqlovchi hujjatlar rasmiylashtirilgan sanadan boshlab qo'shilgan qiymat solig'ini va foyda solig'ini to'lashga o'tadi.
Oddiy shirkat ishlarini yuritish o'z zimmasiga yuklatilgan ishonchli shaxs bo'lgan oddiy shirkat ishtirokchisi oddiy shirkat shartnomasi doirasida amalga oshirilayotgan faoliyat bo'yicha oddiy sheriklik shartnomasi tuzilgan sanadan boshlab qo'shilgan qiymat solig'ini va foyda solig'ini to'lashga o'tadi.
Bozorlar va savdo komplekslari, notijorat tashkilotlari davlat ro'yxatidan o'tkazilgan sanadan e'tiboran, byudjet tashkilotlari esa tashkil topgan sanadan e'tiboran qo'shilgan qiymat solig'ini va foyda solig'ini to'lashga o'tadi.
Auditorlik tashkilotlari auditorlik xizmatlari ko'rsatish uchun shartnoma tuzilgan sanadan boshlab qo'shilgan qiymat solig'ini hamda foyda solig'ini to'lashga o'tadi.
Soliqni to'lash soliq to'lovchini quyidagilardan ozod etmaydi:
ushbu Kodeks bilan uning zimmasiga yuklatilgan soliq agentining majburiyatlarini bajarishdan;
agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida belgilanmagan bo'lsa, hisobvaraq-faktura taqdim etish, xaridlarni hisobga olish kitobini va sotishlarni hisobga olish kitobini yuritish majburiyatidan.
O'zini o'zi band qilgan shaxslar soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromadi bir milliard so'mdan oshgan yoki qo'shilgan qiymat solig'ini va foyda solig'ini to'lashga ixtiyoriy tartibda o'tganidan e'tiboran soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno) ushbu Kodeksga muvofiq yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda to'laydi.
lex.uz’dagi asl matnSoliq kodeksi
462-modda. Aylanmadan olinadigan soliqni qo'llashning o'ziga xos xususiyatlari
(462-модданинг иккинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 25 декабрдаги ЎРҚ-1108-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 25.12.2025 й., 03/25/1108/1217-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 1 январь)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.