Soliq kodeksi

296-modda. Soliq bazasi

Ushbu Kodeksning 295-moddasiga muvofiq aniqlanadigan, soliq solinishi lozim bo'lgan foyda summasi soliq bazasi hisoblanadi. Soliq bazasini ushbu bo'limda belgilangan tartibda va shartlarda aniqlashda soliq to'lovchi daromadlarining va (yoki) xarajatlarining (zararlarining) ayrim turlari maxsus qoidalar bo'yicha inobatga olinishi yoki inobatga olinmasligi mumkin. Soliq to'lovchi ushbu bo'limga muvofiq foydani va zararni hisobga olishning umumiy tartibidan farq qiladigan tartibi nazarda tutilgan operatsiyalar bo'yicha daromadlarning (xarajatlarning) alohida-alohida hisobini yuritadi. Soliq bazasi, agar ushbu Kodeksning 48 va 50-boblarida boshqacha qoida belgilanmagan bo'lsa, soliq davri boshlanganidan e'tiboran ortib boruvchi yakun bilan aniqlanadi. Soliq to'lovchi tomonidan hisobot (soliq) davrida ko'rilgan zararlar soliq solish maqsadlarida soliq bazasini ushbu Kodeksning 46-bobida belgilangan tartibda va shartlarda kamaytiradi. Soliq bazasi nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining ushbu Kodeksning VII bo'limi va 331-moddasiga muvofiq belgilanadigan umumiy foydasini ham o'z ichiga oladi. Soliq bazasiga ushbu bo'limda belgilangan hollarda va tartibda tuzatishlar kiritiladi. Soliq to'lovchining daromadlariga va (yoki) xarajatlariga (zararlariga) ushbu Kodeksning VI bo'limida nazarda tutilgan hollarda tuzatishlar kiritiladi. Natura shaklidagi daromadlar va xarajatlar, agar ushbu qismda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo'lsa, soliq to'lovchi tomonidan bitimning haqiqiy narxidan kelib chiqqan holda inobatga olinadi. Agar bunday bitimdagi tovarlarning (xizmatlarning) narxi ularning bozor narxidan farq qilsa va bunday farqlanish soliq to'lovchining soliq bazasi kamayishiga yoki zarari ko'payishiga olib kelsa, soliq bazasi ushbu Kodeksning VI bo'limiga muvofiq belgilanadigan bozor narxlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.