Kameral soliq tekshiruvi soliq to'lovchi (soliq agenti) tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotini, moliyaviy hisobotni, shuningdek soliq to'lovchining faoliyati to'g'risida soliq organida mavjud bo'lgan boshqa hujjatlar hamda ma'lumotlarni tahlil qilish asosida soliq organi tomonidan o'tkaziladi.
Kameral soliq tekshiruvida quyidagi soliq nazorati tadbirlarini o'tkazish taqiqlanadi, bundan qo'shilgan qiymat solig'i summasining o'rnini qoplash (qaytarish) maqsadida o'tkaziladigan kameral soliq tekshiruvi mustasno:
1) soliq to'lovchining hududiga kirish;
2) soliq to'lovchining hududini va binolarini ko'zdan kechirish;
3) soliq to'lovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish;
4) soliq to'lovchining hujjatlari va buyumlarini olib qo'yish.
Soliq organlari kameral soliq tekshiruvi o'tkazilishi boshlanguniga qadar tekshiruvdan oldingi tahlilni o'tkazishi mumkin. Bunda soliq auditi o'tkazilgan yoki o'tkazilayotgan soliq davri uchun tekshiruvdan oldingi tahlil o'tkazilmaydi.
Tekshiruvdan oldingi tahlil — taqdim etilgan soliq hisobotini va soliq to'lovchining faoliyati to'g'risidagi boshqa axborotni soliq organlari tomonidan axborot tizimlaridan foydalangan holda, soliq to'lovchining ishtirokisiz o'tkaziladigan avtomatlashtirilgan tahlildir.
Tekshiruvdan oldingi tahlil soliq organi rahbarining (rahbar o'rinbosarining) buyrug'isiz amalga oshiriladi.
Agar tekshiruvdan oldingi tahlil chog'ida soliq organi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotida soliq organida mavjud bo'lgan ma'lumotlar bilan tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlansa, soliq to'lovchiga soliq to'lovchining shaxsiy kabineti orqali soliq hisobotiga tegishli tuzatishlar kiritish to'g'risidagi xabarnoma yuboriladi.
Soliq to'lovchi tegishli tuzatishlar kiritish to'g'risidagi xabarnoma olingan kundan e'tiboran o'n kunlik muddatda aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki aniqlangan tafovutlarning asosnomasini taqdim etishi shart. Bunday majburiyatning bajarilmaganligi soliq organi tomonidan soliq to'lovchida kameral soliq tekshiruvini tayinlash uchun asos bo'ladi.
Tekshiruvdan oldingi tahlil aniqlashtirilgan soliq hisoboti yoki aniqlangan tafovutlar asosnomasi soliq to'lovchi tomonidan taqdim etilgan yoxud kameral soliq tekshiruvi tayinlagan sanadan e'tiboran yakunlangan hisoblanadi.
Kameral soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining (rahbari o'rinbosarining) buyrug'i asosida o'tkaziladi. Buyruqda soliq to'lovchining nomi va identifikatsiya raqami, tekshiruvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi, tekshiruvni o'tkazish muddatlari, tekshirilayotgan davr, tekshirilayotgan soliqlar va yig'imlarning turlari ko'rsatiladi.
Kameral soliq tekshiruvi ushbu Kodeksning 88-moddasida belgilangan da'vo muddati o'tmagan soliq davrlariga nisbatan o'tkazilishi mumkin. Bunda aynan bitta soliq (hisobot) davri uchun aynan bir xil soliqlar bo'yicha qayta kameral soliq tekshiruvini o'tkazish mumkin emas, bundan kameral soliq tekshiruvini o'tkazish chog'ida soliq organiga ma'lum bo'lmagan yangi holatlar aniqlangan hollar mustasno.
Agar soliq to'lovchi kameral soliq tekshiruvi tugaguniga qadar ushbu Kodeksning 83-moddasida nazarda tutilgan tartibda hisoblab chiqarilgan soliq summasi o'zgartirilgan aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etsa, kameral soliq tekshiruvi taqdim etilgan aniqlashtirilgan soliq hisobotini hisobga olgan holda o'tkaziladi.
Agar o'tkazilgan kameral soliq tekshiruvi yakuni bilan taqdim etilgan soliq hisobotida tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlangan bo'lsa, soliq organi soliq to'lovchiga ushbu Kodeksda belgilangan tartibda soliq hisobotlariga tuzatishlar kiritish talabnomasini yuboradi.
Soliq hisobotiga tuzatishlar kiritish haqida talabnoma yuborilgan sana kameral soliq tekshiruvi tugatilgan sana hisoblanadi. Agar o'rganish va tahlil qilish yakunlariga ko'ra tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlanmagan bo'lsa ham kameral soliq tekshiruvi yakunlangan hisoblanadi.
Soliq to'lovchi tuzatishlar kiritish to'g'risidagi talabnoma olingan kundan e'tiboran besh kun ichida tegishli soliqlar va yig'imlar bo'yicha aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoxud tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan holda aniqlangan tafovutlarning asosnomasini ushbu Kodeksda belgilangan tartibda taqdim etishi shart.
Soliq to'lovchi soliq organining tegishli talabnomasida ko'rsatilgan, aniqlangan tafovutlarning asosnomasi sifatida soliq maslahatchilari tashkilotining xulosasini taqdim etishga haqli. Soliq to'lovchining nomidan bunday asosnomani soliq maslahatchilari tashkiloti soliq to'lovchi bilan tuzilgan shartnoma asosida mustaqil ravishda taqdim etishi mumkin.
Soliq to'lovchining taqdim etgan asosnomasi tegishli hujjatlar (asosnomalar) olingan kundan e'tiboran o'n besh kun ichida soliq organining rahbari (rahbari o'rinbosari) tomonidan ko'rib chiqiladi.
Aniqlangan tafovutlar bo'yicha taqdim etilgan asosnomalariga to'liq yoki qisman rozilik berilgan taqdirda, soliq organi ilgari yuborilgan talabnoma bekor qilinganligi to'g'risidagi bildirish xatini yoxud soliq hisobotiga tuzatishlar kiritish to'g'risidagi aniqlashtirilgan talabnomani soliq to'lovchiga yuboradi.
Agar soliq to'lovchi aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etmasa (shu jumladan aniqlashtirilgan talabnomadan keyin), yoxud aniqlangan tafovutlar bo'yicha asosnomalarni taqdim etmasa, yoki u taqdim etgan asosnomalar yetarli emas deb topilsa, soliq organi soliq to'lovchiga soliq auditini tayinlashga haqli.
Agar soliq (hisobot) davri uchun soliq monitoringi o'tkazilayotgan bo'lsa, bunday davr uchun kameral soliq tekshiruvi o'tkazilmaydi. Mazkur qoida soliq monitoringi muddatidan oldin tugatilganda qo'llanilmaydi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, zimmasiga soliq hisobotini taqdim etish bo'yicha majburiyat yuklatilgan soliq agentlarining va boshqa shaxslarning kameral soliq tekshiruvlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Qo'shilgan qiymat solig'i summasi o'rnini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi soliq to'lovchi tomonidan soliq davri uchun soliq hisoboti taqdim etish chog'ida soliq organlari qo'shilgan qiymat solig'ining salbiy summasi o'rnini qoplash (qaytarish) to'g'risida xabardor qilingan kundan e'tiboran o'ttiz kun ichida soliq organining buyrug'isiz, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Qo'shilgan qiymat solig'i summasi o'rnini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko'ra soliq hisobotiga o'zgartishlar kiritish haqidagi talabnoma yozib berilmaydi.
Qo'shilgan qiymat solig'i summasini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko'ra soliq organlari ushbu summani qoplash to'g'risidagi qaror yoxud ularni qoplashni rad etish (to'liq yoki qisman) to'g'risidagi asoslantirilgan qaror qabul qiladi.
Kameral soliq tekshiruvi o'tkazish to'g'risidagi nizom O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
lex.uz’dagi asl matnSoliq kodeksi
138-modda. Kameral soliq tekshiruvi
(138-модданинг учинчи қисми Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 25 декабрдаги ЎРҚ-1108-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 25.12.2025 й., 03/25/1108/1217-сон. Кучга кириш санаси — 2026 йил 1 январь)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.