Tibbiy yo'sindagi majburlov chorasini uzaytirish, o'zgartirish yoki tugatish va ish yuritishni umumiy tartibda tiklash to'g'risidagi masalalarni sud tomonidan ko'rib chiqishga quyidagilar sabab bo'ladi.
1) majburlov chorasi tayinlangan shaxs saqlanayotgan tibbiy muassasa ma'muriyatining shifokorlar komissiyasi bergan xulosaga asoslangan iltimosnomasi;
2) prokurorning shifokorlar komissiyasi bergan xulosaga asoslangan taqdimnomasi;
3) mazkur shaxsning himoyachisi, yaqin qarindoshlari, qonuniy vakillari yoki boshqa manfaatdor fuqarolarning, shuningdek jamoat birlashmalari va jamoalarning iltimosnomasi.
Tibbiy yo'sindagi majburlov chorasi tayinlangan, ruhiy holati buzilgan shaxslarni shifokorlar komissiyalari yoki tibbiy-maslahat komissiyalari tomonidan tekshiruvdan o'tkazish olti oyda kamida bir marta amalga oshiriladi.
Tibbiy yo'sindagi majburlov choralarini uzaytirish, o'zgartirish yoki tugatish, shuningdek ish yuritishni umumiy tartibda tiklash masalalarini tibbiy yo'sindagi majburlov choralarini qo'llash to'g'risida ajrim chiqargan sud yoki ushbu chora qo'llanayotgan joydagi sud ko'rib chiqadi.
Ish sudda ko'rishga tayinlangani to'g'risida sud taraflarga, shuningdek iltimosnoma bilan murojaat qilgan tibbiy muassasa ma'muriyatiga, shaxslarga, jamoat birlashmalari va jamoalar rahbarlariga xabar qiladi.
Sud majlisida prokuror va himoyachining ishtirok etishi shart.
Ushbu modda birinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan hollarda sudya ishni sudda ko'rishga tayinlashdan oldin tegishli tibbiy muassasadan shu shaxsning sog'lig'i to'g'risida shifokorlar komissiyasining xulosasini talab qilib oladi.
Shifokorlar komissiyasining iltimosnomaga qo'shib berilgan yoki talab qilib olingan xulosasi sudda shubha tug'dirsa, sud sud-psixiatriya ekspertizasini tayinlashi, qo'shimcha hujjatlar talab qilishi, iltimosnoma kim haqida berilgan bo'lsa, shu shaxsni, jabrlanuvchini, guvohlarni so'roq qilishi va boshqa zaruriy harakatlarni o'tkazishi mumkin.
Sud majlisida dalillarni tekshirish ushbu Kodeksning 439 — 448-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq o'tkaziladi.
Dalillarni tekshirish nihoyasiga yetgach, sud tomonlarning muzokarasini eshitadi, bu muzokara prokuror va himoyachi nutqidan iborat bo'ladi.
Tibbiy yo'sindagi majburlov chorasini uzaytirish, o'zgartirish yoki tugatish haqida, shuningdek uni uzaytirishni, o'zgartirishni yoki tugatishni rad etish to'g'risida sud ajrim chiqaradi, bu ajrim sud majlisida o'qib eshittiriladi.
lex.uz’dagi asl matnJinoyat-protsessual kodeksi
580-modda. Tibbiy yo'sindagi majburlov chorasini uzaytirish, o'zgartirish yoki tugatish va ish yuritishni umumiy tartibda tiklash
(580-модда номи Ўзбекистон Республикасининг 2019 йил 12 сентябрдаги ЎРҚ-567-сонли Қонуни таҳририда — Қонун ҳужжатлари маълумотлари миллий базаси, 13.09.2019 й., 03/19/567/3737-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.