Jinoyat-protsessual kodeksi

480-modda. Apellyatsiya, kassatsiya shikoyati va protestining mazmuniga qo'yiladigan talablar

Apellyatsiya, kassatsiya shikoyati va protestida quyidagilar ko'rsatilishi kerak: 1) shikoyat, protest yo'llanayotgan sudning nomi; 2) shikoyat (protest) bergan shaxs, uning protsessual mavqei, uning yashash joyi yoki joylashgan yeri to'g'risidagi ma'lumotlar; 3) hukm, ajrim chiqargan sudning nomi, hukm, ajrim chiqarilgan sana, sud ishining raqami, shikoyat (protest) berilayotgan hukm, ajrim, o'ziga nisbatan hukm, ajrim chiqarilgan shaxs to'g'risidagi ma'lumotlar; 4) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning fikriga ko'ra hukmning, ajrimning noto'g'riligi nimadan iborat ekanligiga doir vajlari, sudga qadar ish yuritishni yoki sud muhokamasini amalga oshirish chog'ida qaror qabul qilishga ta'sir ko'rsatgan qonunning qaysi normalari buzilganligi to'g'risidagi vajlari, shuningdek uning iltimosining mazmuni; 5) shaxs o'z talablarini asoslayotgan dalillar, xususan, birinchi instantsiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillar; 6) yangidan taqdim etilayotgan dalillar va ularning birinchi instantsiya sudiga taqdim etilmaganligining sababi; 7) shikoyatga (protestga) ilova qilinayotgan materiallar ro'yxati; 8) shikoyat (protest) berilgan sana, shikoyat (protest) bergan shaxsning imzosi. Agar apellyatsiya, kassatsiya shikoyatining (protestining) mazmuni ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan talablarga javob bermasa va bu ishni keyinchalik mazmunan ko'rib chiqishga to'sqinlik qilsa, birinchi instantsiya sudining sudyasi apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protestini) uni bergan shaxsga qaytarish to'g'risida uch kunlik muddatda ajrim chiqarib, apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini yoki protestini qayta tuzish uchun muddat belgilaydi. Sudyaning apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini, protestini qaytarish to'g'risidagi ajrimining talablari bajarilmagan va apellyatsiya, kassatsiya shikoyati (protesti) belgilangan vaqtda kelib tushmagan hollarda, u berilmagan deb hisoblanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.