Jinoyat-protsessual kodeksi

381¹³-modda. Jinoyat ishi tamomlanganidan keyin undagi materiallar bilan tanishib chiqish huquqini ta'minlash

Ayblov dalolatnomasi tuzilganidan so'ng surishtiruvchi ayblanuvchi va himoyachiga surishtiruv tamomlanganligini e'lon qiladi, ularga ishdagi barcha materiallar bilan tanishib chiqishga doir huquqlarini tushuntiradi va tanishib chiqish uchun ishni tikilgan hamda raqamlangan ko'rinishda, hujjatlarning har bir jildini ro'yxati bilan taqdim etadi. Basharti ish tugatilgan bo'lsa, surishtiruvchi bu haqda va ish materiallari bilan tanishish huquqi haqida gumon qilinuvchini, ayblanuvchini, himoyachini xabardor qiladi hamda ularning iltimosiga binoan ularga tanishib chiqish uchun ishni taqdim etadi. Surishtiruvchi surishtiruv tamomlanganligi va ish ayblov dalolatnomasi bilan sudga yuborilishi yoki ish tugatilganligi to'g'risida jabrlanuvchi, fuqaroviy da'vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillariga xabar qiladi, basharti ular xohlasalar, barcha ish materiallari bilan tanishib chiqish huquqiga ega ekanliklarini tushuntiradi. So'ng surishtiruvchi ko'rsatib o'tilgan protsess ishtirokchilarining iltimosiga muvofiq, tanishib chiqish uchun ularga ishni taqdim etadi. Jabrlanuvchilar, guvohlar, xolislar va protsessning boshqa ishtirokchilari xavfsizligini ta'minlash maqsadida tergov harakatlari bayonnomasining kirish qismlari tanishib chiqish uchun taqdim qilinmasligi mumkin. Bunday hollarda bayonnomalarning ko'rsatib o'tilgan protsess ishtirokchilari to'g'risidagi ma'lumotlarni o'z ichiga olgan kirish qismlari muhrlangan holda saqlanadi. Basharti ayblanuvchining himoyachisi yoki jabrlanuvchi, fuqaroviy da'vogar, fuqaroviy javobgarning vakili uzrli sabablarga binoan belgilangan vaqtda ish materiallari bilan tanishib chiqish uchun kela olmasa, surishtiruvchi tanishib chiqish muddatini ko'pi bilan besh sutkaga kechiktirishi mumkin. Himoyachi yoki vakil bu muddat ichida kelmagan taqdirda ayblanuvchiga boshqa himoyachini taklif qilish, jabrlanuvchi, fuqaroviy da'vogar yoki fuqaroviy javobgarga boshqa vakil chaqirish uchun imkoniyat yaratiladi. Ish bilan tanishib chiqayotgan shaxs ishdagi hujjatlardan ko'chirmalar yozib olishga haqlidir, davlat sirlarini yoki qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sirlarni o'z ichiga olgan ma'lumotlar bundan mustasno. Surishtiruvchi ayblov dalolatnomasi va ishdagi materiallar bilan tanishib chiqqanlik to'g'risida bayonnoma tuzadi. Ish bilan tanishib chiqqanidan keyingi og'zaki iltimoslarni surishtiruvchi bayonnomaga kiritadi. Protsess ishtirokchisi yozma tarzda alohida iltimosnoma berishi mumkin, bu haqda bayonnomada yozib qo'yiladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.