«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risida»gi qonun

62-modda. Qarzdor jismoniy shaxs to'lovga qobiliyatsiz deb topilganda yoki qarzdor yuridik shaxs qayta tashkil etilganda va tugatilganda undiruvni qaratish tartibi

(62-модданинг номи Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 16 июндаги ЎРҚ-1069-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 17.06.2025 й., 03/25/1069/0510-сон)

Qarzdor yuridik shaxs qayta tashkil etilgan (qo'shib yuborilgan, qo'shib olingan, bo'lingan, ajratib chiqarilgan, o'zgartirilgan) taqdirda, ijro hujjatlari bo'yicha undiruv qarzdor yuridik shaxsning majburiyatlari yuzasidan qonunchilikka muvofiq zimmasiga javobgarlik yuklatilgan yuridik shaxsning pul mablag'lari va boshqa mol-mulkiga qaratiladi. Iqtisodiy sudning qarzdor yuridik shaxsni bankrot deb topish va tugatish ishini yuritishni ochish to'g'risidagi qarorining ko'chirma nusxasi olinganda davlat ijrochisi ijro ishi yuritishni tamomlaydi, bundan undiruvni garov bilan ta'minlangan mol-mulkka qaratish haqidagi, mulk huquqini e'tirof etish to'g'risidagi, ma'naviy ziyonni kompensatsiya qilish haqidagi, mol-mulkni o'zga shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olish to'g'risidagi, asossiz orttirilgan boylikni qaytarish haqidagi, bitimlarni haqiqiy emas deb topish va ularning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo'llash to'g'risidagi ijro ishi yuritishlar mustasno. Ijro ishi yuritishni tugatish bilan bir vaqtda davlat ijrochisi ijro ishi yuritish davomida qarzdorning mol-mulkiga o'zi qo'ygan xatlovlarni va ushbu mol-mulkni tasarruf qilishga doir boshqa cheklovlarni olib tashlaydi. Iqtisodiy sudning qarzdor jismoniy shaxsni bankrot deb topish va uning mol-mulkini sotish tartib-taomilini boshlash to'g'risidagi qarorining ko'chirma nusxasi olinganda davlat ijrochisi ijro ishini yuritishni tamomlaydi, bundan alimentlarni undirish to'g'risidagi va jarima tariqasidagi jinoiy jazoni ijro etishni nazarda tutuvchi, shuningdek undiruvni garov bilan ta'minlangan mol-mulkka qaratish haqidagi ijro ishlari mustasno. Ijro ishini yuritishni tamomlash bilan bir vaqtda davlat ijrochisi ijro ishini yuritish davomida qarzdorning mol-mulkiga o'zi qo'ygan xatlovlarni va ushbu mol-mulkni tasarruf qilishga doir boshqa cheklovlarni olib tashlaydi. Ijro ishini yuritish tamomlangan ijro hujjatlari davlat ijrochisining ijro ishini yuritishni tamomlash to'g'risidagi qarorining ko'chirma nusxasi bilan birgalikda ijro ishini yuritish tamomlangan kundan e'tiboran uch ish kuni ichida tegishincha tugatuvchiga, moliyaviy boshqaruvchiga yuboriladi. Davlat ijrochisi ijro hujjati tugatuvchiga yoki moliyaviy boshqaruvchiga yuborilganligi haqida undiruvchiga ma'lum qiladi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.