«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risida»gi qonun

22¹-modda. Ijro ishi yuritishda xabarnomalar va chaqiruvlar

(22¹-модда Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 16 июндаги ЎРҚ-1069-сонли Қонунига асосан иккинчи қисм билан тўлдирилган — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 17.06.2025 й., 03/25/1069/0510-сон)

Ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi shaxslar davlat ijrochisi tomonidan chiqarilgan qarorlar haqida, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa ijro harakatlari to'g'risida va majburiy ijro etish choralari haqida xabardor qilinadi, shuningdek davlat ijrochisining huzuriga yoxud ijro harakatlarini amalga oshirish joyiga chaqiruv qog'ozi, boshqa xabarnoma, telefonogramma, telegramma yoki boshqa aloqa vositalari (bundan buyon matnda chaqiruv qog'ozi, boshqa xabarnoma deb yuritiladi) orqali chaqirtiriladi. Ijro ishini yuritish doirasida qabul qilingan qarorlar va boshqa hujjatlar ijro ishini yuritishda ishtirok etuvchi jismoniy shaxslarga, mavjud bo'lgan taqdirda — ularning O'zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti orqali, shuningdek yuridik shaxslarga soliq to'lovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi. Ijro hujjati darhol ijro etilishi lozim bo'lgan hollarda davlat ijrochisi ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi shaxslarni oldindan xabardor qilmasdan ijro harakatlarini amalga oshirishga va majburiy ijro etish choralarini qo'llashga haqli. Agar ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi shaxs yoki uning vakili boshqa manzilni ko'rsatmagan bo'lsa, ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi shaxsga chaqiruv qog'ozi, boshqa xabarnoma ijro hujjatida ko'rsatilgan manzilga yuboriladi. Chaqiruv qog'ozi, boshqa xabarnoma ijro ishi yuritishda ishtirok etayotgan shaxsning ish, o'qish joyiga yuborilishi mumkin. Ijro hujjatida undiruvchining yoki qarzdorning elektron pochta manzili yoki mobil telefonining raqami mavjud bo'lgan taqdirda (agar ular sudga yoki ijro hujjatini bergan boshqa organga (mansabdor shaxsga) taqdim etilgan bo'lsa), ijro ishini yuritishni qo'zg'atish to'g'risidagi bildirishnoma, ijro ishini yuritish doirasida qabul qilingan qarorlar va boshqa hujjatlar, ularning jo'natilganligi va qabul qilib olinganligi faktini qayd etish imkonini beruvchi maxsus avtomatlashtirilgan tizimdan foydalangan holda elektron pochtaga yoxud mobil telefonga qisqa xabar (SMS) tarzida yuboriladi. Jismoniy shaxsga yo'llangan chaqiruv qog'ozi, boshqa xabarnoma (bundan ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno), qoida tariqasida, Majburiy ijro byurosining bo'linmasiga qaytarilishi lozim bo'lgan topshirganlik to'g'risidagi yozma bildirishnomaga jismoniy shaxsning imzosi qo'ydirilgan holda unga shaxsan topshiriladi. Yuridik shaxsga yuborilgan chaqiruv qog'ozi, boshqa xabarnoma (bundan ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno) yuridik shaxsning xodimiga topshiriladi, u topshirganlikni tasdiqlovchi yozma bildirishnomaga chaqiruv qog'ozini, boshqa xabarnomani olganligi haqida familiyasi, ismi, otasining ismi hamda lavozimini ko'rsatgan holda imzo qo'yadi. Agar chaqiruv qog'ozini, boshqa xabarnomani yetkazib beruvchi shaxs chaqirilayotgan jismoniy shaxsni topa olmasa, chaqiruv qog'ozi, boshqa xabarnoma u bilan birga yashovchi voyaga yetgan oila a'zolaridan biriga topshiriladi, ular yo'qligida esa fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organiga yoki ish beruvchiga (o'quv muassasasi ma'muriyatiga) topshiriladi. Chaqiruv qog'ozini, boshqa xabarnomani qabul qilib olgan shaxs uni imkoniyat bo'lishi bilan darhol chaqiriluvchiga topshirishi shart. Adresat vaqtincha biror joyga ketgan bo'lsa, chaqiruv qog'ozini, boshqa xabarnomani yetkazib beruvchi shaxs uning ikkinchi nusxasiga chaqiriluvchi qayerga ketganligi va qachon kelishi kutilayotganligi to'g'risida belgi qo'yadi. Bu ma'lumotlar fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organi tomonidan yoki ish beruvchining (o'quv muassasasi ma'muriyatining) imzosi bilan tasdiqlanishi va guvohlantirilishi lozim. Adresat chaqiruv qog'ozini, boshqa xabarnomani qabul qilishdan bosh tortganda, ularni yetkazib beruvchi shaxs davlat ijrochisiga qaytariladigan chaqiruv qog'oziga, boshqa xabarnomaga belgi qo'yadi. Ijro ishi yuritishda ishtirok etuvchi shaxslar quyidagi hollarda xabardor qilingan hisoblanadi, agar: chaqiruv qog'ozi, boshqa xabarnoma adresatga ushbu modda talablariga muvofiq yetkazib berilgan (yuborilgan) bo'lsa; adresat chaqiruv qog'ozini, boshqa xabarnomani olishdan bosh tortsa; pochta xabarnomasini olgan bo'lishiga qaramasdan adresat o'z nomiga yuborilgan chaqiruv qog'ozini, boshqa xabarnomani olish uchun kelmasa. Majburiy ijro etish choralari to'g'risida xabardor qilingan shaxslarning hozir bo'lmasligi mazkur choralarning bajarilishiga to'sqinlik qilmaydi. Agar ijro hujjati bo'yicha qarzdor zimmasiga faqat shaxsan o'zi bajarishi mumkin bo'lgan majburiyatlar yuklatilgan bo'lsa, davlat ijrochisining chaqiruvi bo'yicha kelishdan bo'yin tovlayotgan qarzdor davlat ijrochisining qarori asosida majburiy keltirilishi mumkin. Chaqiruv qog'ozlari, boshqa xabarnomalar shakllarining namunalari, shuningdek ularning mazmuniga qo'yiladigan talablar Majburiy ijro byurosi tomonidan belgilanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.