Byudjet ssudasi shaklidagi byudjetlararo transfert (byudjet ssudasi) byudjet manbalarining to'liq safarbar qilinishi tegishli byudjetlarda nazarda tutilgan xarajatlar qoplanishini ta'minlamagan taqdirda, qaytarish sharti bilan foizsiz yoki foiz to'lash sharti bilan beriladi.
Byudjet ssudasi:
bir moliya yilida prognoz qilingan daromadlar va rejalashtirilgan xarajatlar o'rtasidagi rejali vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash uchun — to'qqiz oygacha bo'lgan muddatga foizsiz asosda;
daromadlar tushumlari va xarajatlarni amalga oshirish o'rtasida kutilayotgan vaqtinchalik kassa uzilishlarini qoplash uchun — tegishli moliya yili yakunigacha bo'lgan muddatga foizsiz asosda hamda bir moliya yilidan ortiq muddatga yillik ikki foizli miqdorda beriladi.
Rejali byudjet ssudasi daromadlarning prognoz qilingan tushumlari, nazarda tutilgan byudjetlararo transfertlar, aylanma kassa mablag'laridan va yil boshidagi erkin qoldiqlardan vaqtinchalik mablag' jalb qilish, tegishli tasdiqlangan byudjetlarda nazarda tutilgan ayrim choraklardagi xarajatlarning qoplanishini ta'minlamagan hollarda beriladi.
Byudjet ssudasi:
O'zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag'lari hisobidan — Qoraqalpog'iston Respublikasining respublika byudjetiga, viloyatlarning viloyat byudjetlariga, Toshkent shahrining shahar byudjetiga, davlat maqsadli jamg'armalari byudjetlariga;
Qoraqalpog'iston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjetlari, Toshkent shahrining shahar byudjeti mablag'lari hisobidan — tumanlar va shaharlar byudjetlariga ularning daromadlari hamda xarajatlari o'rtasidagi rejali yoki kutilayotgan vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash uchun beriladi.
Qoraqalpog'iston Respublikasining respublika byudjetiga, viloyatlarning viloyat byudjetlariga, Toshkent shahrining shahar byudjetiga, tumanlar va shaharlar byudjetlariga, davlat maqsadli jamg'armalari byudjetlariga daromadlar to'liq tushmagan yoki ularning moliya yili uchun tegishli byudjetlarda nazarda tutilgan xarajatlarni muddatidan oldin amalga oshirish zarurati yuzaga kelgan, tegishli byudjet daromadlari va xarajatlarini muvozanatlashtirish bo'lmagan taqdirda, O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, Qoraqalpog'iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalariga yozma yoki elektron shaklda murojaat qilish byudjet ssudasi ajratilishi uchun asos bo'lishi mumkin.
Ajratiladigan byudjet ssudalarining miqdorlari kelgusi moliya yili uchun alohida choraklardagi daromadlar va xarajatlar o'rtasida yuzaga keladigan rejali vaqtinchalik kassa uzilishini qoplash uchun tegishli byudjetning yillik rejali daromadlari hamda xarajatlari har chorakda qayta taqsimlanayotganda belgilanadi.
Byudjet ssudalarini berishning majburiy sharti ulardan belgilangan maqsadda foydalanish, shuningdek byudjet ssudasini ajratish to'g'risidagi shartnomada belgilangan muddatga muvofiq ularni o'z vaqtida qoplashdan iboratdir.
Byudjet ssudasi Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli hokimliklarning, davlat maqsadli jamg'armasini taqsimlovchi organ rahbarining byudjet ssudasiga bo'lgan ehtiyojni asoslovchi hisob-kitoblar ilova qilingan so'rovi asosida beriladi.
Byudjet ssudasi olish to'g'risidagi so'rovda so'ralayotgan byudjet ssudasining miqdori va u so'ralayotgan davr, shuningdek byudjet ssudasini qaytarishning kafolatlangan manbalari ko'rsatiladi.
Byudjet ssudasini berish to'g'risidagi so'rovni ko'rib chiqishda iqtisodiyot va moliya organi qaror qabul qilish uchun zarur bo'lgan axborot va hisob-kitoblarni so'rab olish huquqiga ega.
Taqdim etiladigan axborot va hisob-kitoblarda kassa uzilishi sabablarining quyidagi batafsil tahlili keltiriladi:
a) tegishli byudjetning yil boshidan oxirgi hisobot davrigacha bo'lgan ijrosi to'g'risidagi axborot;
b) hisobot davri uchun kassa uzilishlarining yuzaga kelishiga sabab bo'luvchi daromadlarning belgilangan prognoz ko'rsatkichlari;
v) soliq to'lovlari bo'yicha byudjet oldidagi qarzdorlik miqdori va uning shakllanish sabablari, hudud bo'yicha qarzdorlikning o'sib borishi;
g) tegishli davr uchun byudjetda nazarda tutilgan byudjet tasnifining tegishli kodlari bo'yicha birinchi navbatdagi xarajatlar miqdori;
d) kutilayotgan daromadlar tushumi, shu jumladan soliq turlari bo'yicha va tegishli hisobot davri uchun kutilayotgan xarajatlar;
ye) kassa uzilishi yuzaga kelishi sabablarining izohi, so'rovning asoslanganligi va byudjet ssudasining o'z vaqtida qaytarilishini ta'minlovchi chora-tadbirlar rejasi.
Byudjet ssudasini berish to'g'risidagi murojaat tegishli iqtisodiyot va moliya organi tomonidan murojaat olingan sanadan e'tiboran besh ish kuni ichida ko'rib chiqiladi va uning natijasi to'g'risida murojaat etuvchiga xabar qilinadi.
Byudjet ssudasini olish to'g'risidagi so'rovni ko'rib chiqish natijasi ijobiy bo'lgan taqdirda tegishli iqtisodiyot va moliya organi bir ish kuni ichida arizachini ajratiladigan byudjet ssudasining miqdori, uni ajratishdan maqsad va belgilangan qaytarib berish muddatlari to'g'risida xabar qiladi.
Byudjet ssudasini berish rad etilgan taqdirda tegishli iqtisodiyot va moliya organi bir ish kuni ichida byudjet ssudasi berish rad etilganligi to'g'risida aniq sabablar va asoslarni ko'rsatgan holda arizachiga xabar qiladi.
Axborot va hisob-kitoblar taqdim etilmagan yoki to'liq taqdim etilmagan taqdirda byudjet ssudasini olish uchun so'rov ko'rib chiqilmaydi hamda byudjet ssudasini berish rad etilganligi to'g'risida arizachiga ikki ish kuni ichida xabar qilinadi.
O'zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan beriladigan byudjet ssudasini ajratish uchun taqdim etiladigan axborot va hisob-kitoblar:
hududiy iqtisodiyot va moliya organlari hamda soliq boshqarmalari tomonidan tayyorlanadi hamda tegishincha Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari yoki ularning birinchi o'rinbosarlari tomonidan imzolanadi;
davlat maqsadli jamg'armalarini taqsimlovchi organlar tomonidan tayyorlanadi va ularning rahbarlari tomonidan imzolanadi.
Qoraqalpog'iston Respublikasining respublika byudjetidan, viloyatlarning viloyat byudjetlaridan, Toshkent shahrining shahar byudjetidan byudjet ssudasini ajratish uchun taqdim etiladigan axborot hamda hisob-kitoblar tumanlar va shaharlar hokimlari yoki ularning birinchi o'rinbosarlari tomonidan imzolanadi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli hokimliklarning, davlat maqsadli jamg'armasini taqsimlovchi organ rahbarining so'rovini ko'rib chiqish natijalari bo'yicha besh ish kuni ichida quyidagilardan:
O'zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan byudjet ssudasini berish to'g'risidagi qaror — O'zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri tomonidan;
Qoraqalpog'iston Respublikasining respublika byudjetidan, viloyatlarning viloyat byudjetlaridan, Toshkent shahrining shahar byudjetidan byudjet ssudasini berish to'g'risidagi qaror — tegishincha Qoraqalpog'iston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari boshliqlari tomonidan qabul qilinadi.
Byudjet ssudasini ajratish byudjet ssudasini berayotgan iqtisodiyot va moliya organi va byudjet ssudasini oluvchi iqtisodiyot va moliya organi (davlat maqsadli jamg'armalarini taqsimlovchi organ) o'rtasida tuziladigan byudjet ssudasini ajratish to'g'risidagi shartnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Byudjet ssudasini qaytarish muddatlarini uzaytirish byudjet ssudasini oluvchida uni belgilangan muddatlarda o'z vaqtida to'lash imkoniyatini istisno etadigan moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelgan hollarda amalga oshiriladi.
Byudjet ssudasini qaytarish muddatlarini uzaytirish byudjet ssudasini berish uchun ushbu moddada belgilangan tartibda va shartlarda amalga oshiriladi.
Byudjet ssudalarini qaytarish muddatlari kelgusi moliya yiliga uzaytirilganda, byudjet ssudalarining qaytarilmagan qismidan yillik ikki foiz miqdorida to'lov belgilanadi va byudjet ssudalari qaysi tegishli byudjetlardan berilgan bo'lsa, o'sha byudjetlarga yo'naltiriladi.
Byudjet ssudasini oluvchi tegishli iqtisodiyot va moliya organiga byudjet ssudasini to'lash muddatini uzaytirish to'g'risidagi so'rov bilan uni to'lash muddati tugashidan kamida besh ish kuni oldin murojaat qiladi.
Byudjet ssudasini to'lash byudjet ssudasini ajratish to'g'risidagi shartnomada belgilangan muddatlarda:
mablag'larni o'tkazish;
quyi turuvchi byudjetlarga va davlat maqsadli jamg'armalariga o'tkazilishi lozim bo'lgan byudjetlararo transfertlar evaziga o'zaro hisobga olish;
ish haqini to'lash, ijtimoiy ehtiyojlarga ajratmalar, stipendiyalar, pensiyalar, kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam, kompensatsiya to'lovlari va nafaqalar to'lash xarajatlari qoplanganidan keyin quyi turuvchi byudjetlarning hamda davlat maqsadli jamg'armalari byudjetlarining shaxsiy g'azna hisobvaraqlaridan mablag'larni so'zsiz undirib olish yo'li bilan amalga oshiriladi.
lex.uz’dagi asl matn140-modda. Byudjet ssudasi shaklidagi byudjetlararo transfert
(140-модда иккинчи қисмининг учинчи хатбошиси Ўзбекистон Республикасининг 2025 йил 25 декабрдаги ЎРҚ-1107-сонли Қонуни таҳририда — Қонунчилик маълумотлари миллий базаси, 26.12.2025 й., 03/25/1107/1216-сон)
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.