Uy-joy kodeksi

116-modda. Vaqtincha bo'lmagan fuqarolarning saqlash guvohnomasini (bron) olish huquqi

Ijaraga oluvchilar, ularning oila a'zolari va ular bilan doimiy yashayotgan fuqarolar munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi o'zlari egallab turgan turar joylarni chet elga ishga, o'qishga ketganlarida – chet elda bo'lgan butun vaqt mobaynida, mehnat shartnomasi bo'yicha ishga jo'nab ketganlarida – mehnat shartnomasi amal qilgan butun vaqt mobaynida bronlashtirishga haqlidirlar. Vaqtincha bo'lmaganida turar joyga bo'lgan huquqi saqlanib qoladigan fuqarolar saqlash guvohnomasi (bron) berilishini talab qilishga haqlidirlar. Saqlash guvohnomasi (bron) vaqtincha bo'lmagan fuqarolarga turar joyga bo'lgan huquqining saqlanib qolganini tasdiqlovchi hujjatdir. Saqlash guvohnomasi (bron) tuman, shahar (shahar tarkibiga kiruvchi tuman) hokimligi tomonidan beriladi. Saqlash guvohnomasini (bronni) berishni rad etish ustidan sud tartibda shikoyat qilinishi mumkin. Turar joyni ijaraga berish shartnomasini o'zgartirish yoki bekor qilish talabi kimga nisbatan bildirilgan bo'lsa, shu shaxslarga nizo sud tartibida hal etilgunga qadar saqlash guvohnomasi (bron) berilmaydi. Turar joyni ijaraga oluvchi, uning oila a'zosi yoki u bilan doimiy yashayotgan fuqaro tomonidan turar joyni bronlashtirish, ular jo'nab ketgan paytdan boshlab olti oydan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak. Agar turar joyni ijaraga oluvchi, uning oila a'zolari yoki u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar saqlash guvohnomasining (bronning) amal qilish muddati tugagandan keyin olti oy mobaynida turar joyni o'zlariga qaytarib berilishini talab qilmasalar, turar joyni ijaraga berish shartnomasi ijaraga beruvchining da'vosi bo'yicha sud tartibida bekor qilinishi mumkin. Turar joylarni bronlashtirish tartibi va shartlari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.