«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)

127-modda. Qarzdor mol-mulkining bir qismini sotish

Qarzdorning mol-mulki inventarizatsiya qilinganidan va baholanganidan keyin tashqi boshqaruv rejasiga muvofiq mol-mulkning bir qismi sotilishi mumkin. Mol-mulkning bir qismi, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosida sotiladi. Qarzdor mol-mulkining bir qismi sotilishi qarzdorning o'z xo'jalik faoliyatini amalga oshirishini imkonsiz qilib qo'ymasligi kerak. Qarzdorning muomalada bo'lishi cheklangan mol-mulki qonunga muvofiq mazkur mol-mulkka mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida ega bo'la oladigan shaxslar ishtirokida elektron onlayn-auktsion shaklidagi yopiq kimoshdi savdosi o'tkazish orqali realizatsiya qilinadi. Elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosiga qo'yiladigan mol-mulkning bir qismini sotishda boshlang'ich narx, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, qarzdorning mol-mulkini baholovchi tashkilot o'tkazgan baholash hisobga olingan holda kreditorlar yig'ilishi yoki kreditorlar qo'mitasi qarori bilan belgilanadi. Qarzdor mol-mulkining bir qismini sotish bo'yicha elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosi ushbu Qonunning 126-moddasida nazarda tutilgan tartibda o'tkaziladi. Xaridor o'ziga xizmat ko'rsatuvchi bankning tegishli kafolatini taqdim etgan taqdirda, tashqi boshqaruvchi qarzdor mol-mulkining bir qismini kreditorlar yig'ilishining roziligiga ko'ra, bir yildan ortiq bo'lmagan muddatda bo'lib-bo'lib to'lash sharti bilan realizatsiya qilishga haqli. Tashqi boshqaruv tartib-taomili jarayonida tashqi boshqaruvchi kreditorlar yig'ilishining roziligi bilan qarzdorning arzonbaho va tez ishdan chiqadigan mol-mulkini, shuningdek xomashyo hamda tayyor mahsulot qoldiqlarini elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosi o'tkazmagan holda, oldi-sotdi shartnomalari asosida to'g'ridan-to'g'ri sotishga haqlidir. Qarzdor mol-mulkining bir qismini sotishdan tushgan mablag'lar ushbu Qonunning 149, 150 va 185-moddalarida nazarda tutilgan navbat tartibida taqsimlanadi.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.