Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish maqsadida tashqi boshqaruv rejasida qarzdorning korxonasini (biznesini) mulkiy majmua sifatida sotish nazarda tutilishi mumkin.
Korxona (biznes) mulkiy majmua sifatida sotilayotganida qarzdorning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga mo'ljallangan barcha turdagi mol-mulki, shu jumladan yer uchastkalari, binolari, inshootlari, uskunalari, inventari, xom ashyosi, mahsuloti, talab qilish huquqlari, shuningdek qarzdorning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalari (firma nomi, tovar belgilari, xizmat ko'rsatish belgilari), uning tovarlari, ishlari va xizmatlari, qarzdorga tegishli bo'lgan boshqa mutlaq huquqlar o'zga shaxslarga o'tkaziladi, bundan boshqa shaxslarga topshirilishi mumkin bo'lmagan huquq va majburiyatlar mustasno.
Korxona (biznes) mulkiy majmua sifatida sotilayotganda qarzdorning mol-mulkini baholash baholovchi tashkilot tomonidan o'tkaziladi, uning xizmatiga qarzdorning mol-mulki hisobidan haq to'lanadi. Baholovchi tashkilot kreditorlar yig'ilishi yoki kreditorlar qo'mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Agar qarzdorning hisobvarag'idagi pul mablag'i uning mol-mulkini baholash uchun yetarli bo'lmasa, tashqi boshqaruvchi bu haqda kreditorlarni xabardor qilishi kerak. Bunday holda qarzdorning mol-mulkini baholash bo'yicha xarajatlar kreditorlar tomonidan amalga oshiriladi va ushbu xarajatlar qarzdor korxona mol-mulkining sotilishi natijasida qarzdorning hisobvarag'iga kelib tushgan mablag'lar hisobidan, ushbu Qonun 150-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda navbatdan tashqari qoplanadi.
Zarur bo'lgan taqdirda, to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar qarzdorning mol-mulkini baholash haqidagi hisobotning haqqoniyligini ekspertizadan o'tkazishni talab qilishi mumkin.
Tashqi boshqaruvchi korxonani (biznesni) kreditorlar yig'ilishining roziligi bilan bir yildan ortiq bo'lmagan muddatda bo'lib-bo'lib to'lash sharti bilan mulkiy majmua sifatida realizatsiya qilishga, basharti xaridor o'ziga xizmat ko'rsatuvchi bankning tegishli kafolatini taqdim etsa, haqli bo'ladi.
Korxona (biznes) mulkiy majmua sifatida sotilayotganda korxona (biznes) sotilayotgan paytda amalda bo'lgan barcha mehnat shartnomalari o'z kuchini saqlab qoladi, ish beruvchining huquq va majburiyatlari esa korxonani (biznesni) mulkiy majmua sifatida sotib oluvchi ixtiyoriga o'tadi.
Korxonani (biznesni) mulkiy majmua sifatida sotish, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosi o'tkazish vositasida amalga oshiriladi. Elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosini o'tkazish shartlari kreditorlar yig'ilishi yoki kreditorlar qo'mitasi tomonidan belgilanadi.
Agar korxona (biznes) tarkibida muomalada bo'lishi cheklangan mol-mulk bo'lsa, korxonani (biznesni) mulkiy majmua sifatida sotish qonunga muvofiq mazkur mol-mulkka mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida ega bo'la oladigan shaxslar ishtirokida elektron onlayn-auktsion shaklidagi yopiq kimoshdi savdolarini o'tkazish yo'li bilan amalga oshiriladi.
Elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosiga qo'yiladigan korxonani (biznesni) mulkiy majmua sifatida sotishning boshlang'ich narxi, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, korxonaning mol-mulkini baholovchi tashkilot o'tkazgan baholash hisobga olingan holda kreditorlar yig'ilishi yoki kreditorlar qo'mitasi qarori bilan belgilanadi.
Elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosini o'tkazish shartlarida korxonani (biznesni) mulkiy majmua sifatida sotishdan tushgan pul mablag'larining tashqi boshqaruv tartib-taomili muddati tugashidan kamida o'ttiz kun oldin qarzdor tomonidan olinishi nazarda tutilishi kerak.
Tashqi boshqaruvchi elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosini tashkil etish uchun ixtisoslashtirilgan tashkilotni jalb etadi va uning xizmatiga qarzdorning mol-mulki hisobidan haq to'laydi. Elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosini o'tkazuvchi ixtisoslashtirilgan tashkilot qarzdorga hamda tashqi boshqaruvchiga nisbatan manfaatdor shaxs bo'lishi mumkin emas va kreditorlar yig'ilishi yoki kreditorlar qo'mitasi bilan kelishilgan bo'lishi kerak.
Ixtisoslashtirilgan tashkilot:
o'z rasmiy veb-saytida elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosi o'tkazilishi to'g'risidagi xabarni e'lon qiladi;
elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosida qatnashish uchun ishtirokchilardan elektron buyurtmalarni qabul qiladi;
elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosini tashkillashtirishda ochiqlik va shaffoflikni ta'minlaydi;
kimoshdi savdosi g'olibini aniqlaydi va savdo natijalari haqidagi bayonnomani rasmiylashtiradi.
Korxonaning (biznesning) mulkiy majmua sifatida elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosida sotilishi to'g'risidagi e'lon ommaviy axborot vositalarida kimoshdi savdosi o'tkaziladigan sanadan kamida o'ttiz kun oldin berilishi kerak. Korxona (biznes) mulkiy majmua sifatida elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosida sotilishi haqidagi e'londa quyidagilar ko'rsatilishi kerak:
mulkiy majmua sifatida sotilayotgan korxona (biznes) to'g'risidagi ma'lumotlar va u bilan tanishish tartibi;
elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosida ishtirok etish muddatlari, vaqti va savdolar tashkilotchisining veb-sayti;
korxonani (biznesni) mulkiy majmua sifatida sotishning boshlang'ich narxi;
elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosini o'tkazish vaqti va uning yakunlarini chiqarish hamda savdo tashkilotchisining veb-sayti;
oldi-sotdi shartnomasini tuzishning hamda to'lovlarning shartlari va muddatlari.
Korxonaning (biznesning) mulkiy majmua sifatida elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosida sotilishi haqidagi e'londa qonunchilikka muvofiq boshqa axborot ham bo'lishi mumkin.
Agar korxonani (biznesni) mulkiy majmua sifatida elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosida sotish to'g'risidagi e'londa ko'rsatilgan muddat ichida bitta ham buyurtma kelib tushmasa yoki bitta ishtirokchidan buyurtma tushgan bo'lsa, kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb topiladi va ushbu moddaning o'ninchi — o'n uchinchi qismlarida nazarda tutilgan shartlarda takroriy elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosi o'tkaziladi. Korxona (biznes) mulkiy majmua sifatida birinchi elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosida sotilmagan hollarda ham takroriy elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosi o'tkaziladi.
Takroriy elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosini o'tkazish maqsadida tashqi boshqaruvchi kreditorlar yig'ilishining yoki kreditorlar qo'mitasining qaroriga muvofiq korxonani (biznesni) mulkiy majmua sifatida sotish haqidagi yangi xabarni amalga oshmagan deb topilgan yoki korxona (biznes) mulkiy majmua sifatida sotilmagan elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosining sanasidan e'tiboran o'n besh kun ichida, ushbu Qonunning mazkur moddasida va 54-moddasida nazarda tutilgan tartibda e'lon qiladi. Bunda elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosi xabar e'lon qilingan sanadan e'tiboran kamida o'n besh kunlik muddat o'tgach, o'tkaziladi. Korxonani (biznesni) mulkiy majmua sifatida sotish narxi kreditorlar yig'ilishining yoki kreditorlar qo'mitasining qaroriga ko'ra bosqichma-bosqich pasaytirilishi mumkin, bunda pasaytirish miqdori avvalgi kimoshdi savdosidagi narxning o'n foizidan ko'p bo'lmasligi kerak. Agar mulkiy majmua sifatida sotilayotgan korxona (biznes) dastlabki savdodagi boshlang'ich narxidan yigirma foizgacha kamaytirilgan narxda sotilmasa, keyingi takroriy savdoning boshlang'ich narxi kreditorlar yig'ilishi bilan kelishilgan holda belgilanishi mumkin. Bunda pasaytirish miqdori dastlabki savdodagi boshlang'ich narxdan ellik foizdan oshmasligi kerak.
Mulkiy majmua sifatida sotilayotgan korxonaning (biznesning) oldi-sotdi shartnomasi elektron onlayn kimoshdi savdosi g'olibi bilan tashqi boshqaruvchi o'rtasida elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosi yakunlari e'lon qilingan kundan e'tiboran o'n kundan kechiktirmay tuziladi. Elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosida g'olib chiqqan shaxs va kimoshdi savdosining tashkilotchisi kimoshdi savdosi o'tkazilgan kuni ana shu savdoning natijalari to'g'risidagi bayonnomani rasmiylashtiradi va ushbu bayonnoma shartnoma kuchiga ega bo'ladi. Elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosida g'olib chiqqan shaxs elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosi bayonnomasini yoki oldi-sotdi shartnomasini imzolashdan bosh tortgan taqdirda o'zi to'lagan zakalatdan mahrum bo'ladi. Zakalat summasi elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosi tashkilotchilarining ushbu tadbirni o'tkazishga ketgan chiqimlari chegirib tashlangan holda qarzdorning aktivlari tarkibiga kiritiladi.
Agar korxona (biznes) ushbu moddaning o'n to'rtinchi qismida nazarda tutilgan shartlar asosida mulkiy majmua sifatida sotilmagan bo'lsa, tashqi boshqaruvchi, agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, kreditorlar yig'ilishi qaroriga binoan korxonani (biznesni) mulkiy majmua sifatida ommaviy oferta savdosiga qo'yishi va ommaviy axborot vositasida ommaviy oferta to'g'risidagi taklif e'lon qilingach, kamida o'n besh kundan keyin uning uchun eng yuqori narxni taklif qilgan shaxs bilan korxonaning (biznesning) oldi-sotdi shartnomasini tuzishi mumkin.
Ommaviy oferta savdosiga qo'yish haqidagi qaror kreditorlarning uchdan ikki qismi uni yoqlab ovoz bergan taqdirda qabul qilingan deb hisoblanadi, ofertaga taklif etilgan korxonani (biznesni) mulkiy majmua sifatida sotishdagi boshlang'ich narx esa ilgarigi elektron onlayn-auktsion shaklidagi kimoshdi savdosida belgilangan boshlang'ich narxdan kam bo'lmasligi kerak.
Korxonani (biznesni) mulkiy majmua sifatida sotishdan olingan summa hisobidan kreditorlarning talablarini qarzdor to'la hajmda qanoatlantirish imkoniyatiga ega bo'lgan hollarda, to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ishni yuritish tashqi boshqaruvchining arizasiga binoan sud tomonidan tugatilishi lozim.
Agar korxonani (biznesni) mulkiy majmua sifatida sotishdan tushgan summa kreditorlar talablarini to'la hajmda qanoatlantirish uchun yetarli bo'lmasa, tashqi boshqaruvchi kreditorlarga kelishuv bitimi tuzishni taklif qiladi. Kelishuv bitimiga erishilmagan taqdirda, sud tashqi boshqaruvchining arizasiga binoan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to'g'risida qaror qabul qiladi.
Korxonani (biznesni) mulkiy majmua sifatida sotishdan olingan mablag'lar ushbu Qonunning 149, 150 va 185-moddalarida nazarda tutilgan navbat tartibida taqsimlanadi.
lex.uz’dagi asl matn«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)
126-modda. Qarzdorning korxonasini (biznesini) mulkiy majmua sifatida sotish
Oddiy tilda
# 126-MODDA: KORXONANI MULKIY MAJMUA SIFATIDA SOTISH
**Nimani anglatadi**
Bankrotlik jarayonida qarzdorning butun biznesini (barcha mol-mulki, uskunalari, huquqlari) birgalikda sotish. Bu sotishda faqat qarzdorning shaxsiy qarzlari o'tkazilmaydi. Sotish elektron auktsion orqali amalga oshiriladi va kreditorlarning puli qaytariladi.
**Kimga tegishli**
Bu qoida bankrotlik jarayonidagi tashqi boshqaruvchi va kreditorlarga tegishli.
**Amalda**
Masalan, kichik do'kon bankrot bo'lsa, uning barcha tovarlar, stoli, raqamli registri, firma nomi bilan birgalikda sotiladi. Yangi xaridor barcha ishchilarni saqlab qoladi va ularning shartnomasi o'z kuchini saqlab qoladi. Sotish natijasidan olingan pul kreditorlarga beriladi.
Izoh sun’iy intellekt tomonidan tayyorlangan, rasmiy sharh emas.
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.