«To'lovga qobiliyatsizlik to'g'risida»gi qonun (bankrotlik)

109-modda. Tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy etish oqibatlari

Tashqi boshqaruv tartib-taomili joriy etilgan paytdan e'tiboran: qarzdorning rahbari o'z vazifasini bajarishdan chetlashtiriladi, qarzdorning ishlarini boshqarish tashqi boshqaruvchi zimmasiga yuklatiladi. Tashqi boshqaruvchi qarzdorning rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini tugatish yoki mazkur rahbarni boshqa ishga o'tkazish to'g'risida buyruq chiqarishi shart; qarzdorning boshqaruv organlari vakolatlari tugatiladi. Qarzdorning rahbari va qarzdorning boshqa boshqaruv organlari vakolatlari tashqi boshqaruvchiga o'tadi, bundan ushbu Qonunga muvofiq boshqa shaxslarga (organlarga) o'tadigan vakolatlar mustasno. Qarzdorning boshqaruv organlari va (yoki) to'lovga qobiliyatsizlikning ilgarigi tartib-taomilida tayinlangan sud boshqaruvchisi, tashqi boshqaruvchi tayinlangan paytdan e'tiboran uch ish kuni ichida qarzdorning buxgalteriya hujjatlari va boshqa hujjatlari, muhrlari va shtamplari (muhrlar va shtamplar mavjud bo'lgan taqdirda), moddiy va boshqa qimmatliklari tashqi boshqaruvchiga topshirilishini ta'minlashi shart; kreditorlarning talablarini ta'minlash yuzasidan ilgari ko'rilgan chora-tadbirlar bekor qilinadi; qarzdorning mol-mulkini xatlash va qarzdorga nisbatan uning o'ziga tegishli mol-mulkni tasarruf etish borasidagi vakolatlarining boshqacha tarzdagi cheklovlari faqat to'lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari doirasida qo'llanilishi mumkin; to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ish jarayonida vujudga kelgan barcha turdagi joriy soliq to'lovlarini (bundan ish haqi va unga tenglashtirilgan to'lovlar bo'yicha soliqlar mustasno) to'lash to'xtatib turiladi va tashqi boshqaruv tartib-taomili jarayonining muddati yakunlanganidan keyin to'lanadi. Bunday holda sud tashqi boshqaruvchining hisoboti tasdiqlangan hamda qarzdorga nisbatan qo'zg'atilgan to'lovga qobiliyatsizlik to'g'risidagi ishni yuritishni tugatish haqida qaror chiqargan sanadan e'tiboran ushbu soliq qarzlari olti oy davomida teng miqdorda bo'lib-bo'lib to'lanadi; qarzdorning pul majburiyatlari va (yoki) soliqlari hamda yig'imlari yuzasidan kreditorlar talablarining qanoatlantirilishiga nisbatan moratoriy joriy etiladi, bundan ushbu Qonunning 110-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno. Tashqi boshqaruv tartib-taomili joriy etilguniga qadar qarzdorning majburiyatlar bajarilishi ta'minoti sifatida berilgan mol-mulkidan foydalanishdan mazkur tartib-taomil joriy etilganidan keyin olingan hosilga, mahsulotga va daromadlarga nisbatan kreditorning o'z talablarini bajarish ta'minoti sifatidagi huquqi tatbiq etilmaydi. Tashqi boshqaruv tartib-taomili tugaganidan keyin pul majburiyatlari va (yoki) soliqlar hamda yig'imlar bo'yicha kreditorlarga qarzdor to'lashi shart bo'lgan neustoyka (jarima, penya), shuningdek yetkazilgan zararning summalari tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy etish paytidagi mavjud miqdorlarda to'lash uchun taqdim etilishi mumkin.
lex.uz’dagi asl matn

Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?

Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing

Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.

Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.