Suv ob'yektlarining suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash quyidagi tartibda amalga oshiriladi.
Buyurtmachi (ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi organlari, tog'-kon sanoati va geologiya organlari, suv xo'jaligi ob'yektlarini qurish, rekonstruktsiya qilish va qayta tiklash loyihalari bo'yicha ixtisoslashgan buyurtmachi tashkilotlar, suv xo'jaligi inshootlaridan foydalanuvchi tashkilotlar):
loyihani ishlab chiqish uchun topshiriqni rasmiylashtiradi, uni ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi organlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasining organlari (sanitariya muhofazasi zonalari bo'yicha), qurilish organlari va kadastr organlari (ob'yekt shaharlar, tumanlar markazlari va qishloq aholi punktlari hududidan o'tgan hollarda) bilan kelishadi hamda belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
zimmasiga yer tuzish ishlarini o'tkazish vazifalari yuklatilgan tashkilotlar bilan loyihani ishlab chiqishga doir shartnomani belgilangan tartibda rasmiylashtiradi.
Zimmasiga yer tuzish ishlarini o'tkazish vazifalari yuklatilgan tashkilot:
suv xo'jaligi ob'yektlarini, ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti tizimlarini rivojlantirishni hisobga olgan holda, ulardan foydalanish bo'yicha amaldagi normativlarga, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda yer tuzishning hududiy sxemalari va kompleks dasturlariga, tegishli hududlarni va aholi punktlarini rivojlantirishni rejalashtirish bo'yicha tasdiqlangan hujjatlarning shaharsozlik faoliyatiga hamda mazkur hududlarni va aholi punktlarini qurishga doir qismiga, shuningdek ushbu Kodeks 24-bobining qoidalarga amal qiladi;
suv ob'yektlari joylashgan yerlarning hamda ularga tutash bo'lgan, yer osti sizot suvlari sathining pasayishi va ko'tarilishi zonasi doirasidagi hududlarning zoogeografik, ovchilik xo'jaligi, geobotanik, tuproq, o'rmon xo'jaligi, gidrogeologik xususiyatlarini o'rganadi;
ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti manbasi akvatoriyasining (suv olish inshooti darvozasidan 2 kilometr yuqori va 2 kilometr quyi o'lchamda bo'lgan zonalarning) ixtiologik, baliqchilik xo'jaligi, gidrogeologik, gidrobiologik, gidrokimyoviy xususiyatlarini o'rganadi;
sanitariya-epidemiologik vaziyat to'g'risidagi, shuningdek flora va faunaning alohida muhofaza etiladigan turlari, suv ob'yektlari ta'siri zonasida joylashgan tabiat yodgorliklari, qo'riqxonalar haqidagi ma'lumotlarni to'playdi va o'rganadi;
suv ifloslanishining va bulg'alanishining oldini olish, qimmatli unumdor yer maydonlarini va hududning mavjud tuzilishini to'liq saqlab qolish, eroziya jarayonlarini, yerlarning botqoqlanishini va boshqa zararli ta'sirni to'xtatish hisobga olingan holda, suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash hamda amaldagi normalar va qoidalarni qo'llash imkoniyatini o'rganadi va tekshiradi;
suvlarning holatiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi ob'yektlar ro'yxatini aniqlaydi;
suvni muhofaza qilish zonalarining va sanitariya muhofazasi zonalarining, shuningdek sohil bo'yi va sanitariya-himoya mintaqalarining chegaralarini rejali-kartografiya asosiga tushiradi hamda yer uchastkalarining maydonini va yer maydonlarining tarkibini hisobga olgan holda umumiy maydonni aniqlaydi. Rejali-kartografiya asoslarida suvni muhofaza qilish zonasi va unga tutash uchastkalar chegaralarida ilgari turli ehtiyojlar uchun ajratilgan barcha uchastkalar chegaralari ko'rsatiladi;
suvni muhofaza qilish zonalarining va sanitariya muhofazasi zonalarining o'lchamlarini asoslovchi, ob'yektning atrof-muhitga bo'lgan ta'sir darajasi to'g'risidagi ma'lumotlarni va boshqa texnik-iqtisodiy ko'rsatkichlarni tayyorlaydi;
inshootlarni qurish, suvlarning holatiga, hududni obodonlashtirishga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi korxonalarni, binolar va inshootlarni yopish yoki buzib tashlash bo'yicha tadbirlarni va boshqa tadbirlarni ishlab chiqadi.
Buyurtmachi:
ishlab chiqilgan loyihani loyiha tashkiloti bilan birgalikda belgilangan tartibda tegishli tashkilotlarda ekspertizadan o'tkazadi;
suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash bo'yicha tegishli takliflarni ishlab chiqadi, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tegishli qarori loyihasini ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi organlari, favqulodda vaziyatlar organlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasining organlari (sanitariya muhofazasi zonalari bo'yicha), suv xo'jaligi organlari (yer usti suvlari bo'yicha), tog'-kon sanoati va geologiya organlari (yer osti va mineral suvlar bo'yicha), qurilish organlari va kadastr organlari (ob'yektlar shaharlar, tumanlar markazlari va qishloq aholi punktlari hududlaridan o'tgan taqdirda), shuningdek suv xo'jaligi ob'yektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar bilan kelishadi;
kelishilgan taklifni va qaror loyihasini tasdiqlash uchun belgilangan tartibda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kiritadi.
Suvni muhofaza qilish zonalarining va sanitariya muhofazasi zonalarining ma'qullangan chegaralari (hududlari):
tuman ahamiyatiga ega bo'lgan kanallar, sug'orish va kollektor-drenaj tarmoqlari hamda boshqa suv xo'jaligi ob'yektlari, ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti tizimlari bo'yicha — ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi organlarining, suv xo'jaligi organlarining, shuningdek kadastr organlarining tuman bo'linmalari bilan;
viloyat (tumanlararo) ahamiyatiga ega bo'lgan kanallar, sug'orish va kollektor-drenaj tarmoqlari hamda boshqa suv xo'jaligi ob'yektlari, ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti tizimlari, mineral suvlar manbalari va boshqa suv ob'yektlari bo'yicha — Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi organlarining, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi organlarining, suv xo'jaligi organlarining, shuningdek kadastr organlarining bo'linmalari bilan;
transchegaraviy, viloyatlararo va alohida muhim ahamiyatga ega bo'lgan suv ob'yektlari, shuningdek mineral suvlar manbalari va respublika ahamiyatiga ega bo'lgan boshqa davolash kurortlari va sanatoriylari bo'yicha — ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi organlari, sog'liqni saqlash organlari, suv xo'jaligi organlari, qurilish organlari, tog'-kon sanoati va geologiya organlari, yer tuzish organlari, gidrometeorologiya organlari va kadastr organlari bilan kelishiladi.
Baliq ovlash ahamiyatiga ega bo'lgan ob'yektlarning suvni muhofaza qilish zonalari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi organlari, suv xo'jaligi organlari hamda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish organlari bilan kelishiladi.
Daryolar va boshqa qurimaydigan suv oqimlari, kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari hamda boshqa suv xo'jaligi ob'yektlari, ichimlik va xo'jalik-maishiy suv ta'minoti tizimlari shaharlar, tumanlar markazlari va qishloq aholi punktlari hududidan o'tgan taqdirda, suvni muhofaza qilish zonalarining va sohil bo'yi mintaqalarining chegaralari qurilish va kadastr organlari bilan kelishiladi.
Mineral suvlar manbalarining hamda mahalliy ahamiyatga ega bo'lgan boshqa davolash kurortlari va sanatoriylarining sanitariya muhofazasi zonalari sog'liqni saqlash va kasaba uyushmalari organlarining viloyat bo'linmalari bilan, respublika ahamiyatiga ega bo'lganlari esa O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligining organlari va O'zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining organlari bilan kelishiladi.
Suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash bo'yicha tasdiqlash uchun kiritiladigan materiallar quyidagilarni o'z ichiga olishi kerak:
suvni muhofaza qilish zonalari va sanitariya muhofazasi zonalari kelishilganligi to'g'risida davlat organlarining va boshqa organlarning xulosalarini;
rejali-kartografiya materiallarini.
Suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash bo'yicha materiallar tasdiqlash uchun taqdim etiladigan tegishli davlat organlari hamda tashkilotlari ularni 3 kun ichida ko'rib chiqadi va ko'rib chiqish natijalariga ko'ra o'zining asosli xulosalarini beradi.
lex.uz’dagi asl matn136-modda. Suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash hamda kelishish tartibi
Sizning vaziyatingiz shu moddaga mos keladimi?
Bepul so‘rang — vaziyatingizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing
Bepul rejada oyiga 10 ta savol. Karta talab qilinmaydi.
Matn lex.uz’dan olingan. Bu sahifa ma’lumot uchun bo‘lib, rasmiy huquqiy xulosa emas — murakkab holatlarda advokatga murojaat qiling.